Sanoat va iqtisodiy hamkorlik toʻgʻrisida
29.06.2006
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Latviya Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Latviya Respublikasi Hukumati, bundan buyon “Tomonlar” deb ataluvchilar,
1996-yil 21-iyundagi bir tomondan Oʻzbekiston Respublikasi va ikkinchi tomondan Yevropa hamjamiyatlari va ularning aʼzo davlatlari oʻrtasida sherikchilikni oʻrnatuvchi Sherikchilik va hamkorlik toʻgʻrisida Bitim qoidalariga asoslanib,
uzoq muddatli anʼanaviy iqtisodiy munosabatlarni inobatga olib,
Latviya Respublikasining Yevropa Ittifoqiga aʼzo-davlat boʻlganligini eʼtiborga olib,
iqtisodiy, sanoat va ilmiy-texnikaviy sohalarda hamkorlikni rivojlantirish, mustahkamlash hamda kengaytirishga intilib,
xalqaro huquq prinsiplariga amal qilgan holda,
quyidagilar toʻgʻrisida ahdlashib oldilar:
1-modda
Tomonlar ikki mamlakat manfaatlari doirasida iqtisodiy va sanoat sohalarida hamkorlikni rivojlantirishga, mustahkamlashga va kengaytirishga intiladilar.
2-modda
Uzoq yillik ikki tomonlama munosabatlarni hamda erishilgan iqtisodiy, sanoat va ilmiy-texnikaviy hamkorlik darajasini inobatga olib, Tomonlar asosan quyidagi sohalarda uzoq muddatli hamkorlik uchun qulay imkoniyatlar mavjudligi toʻgʻrisida yakdil fikrdaligini bildiradilar:
yengil sanoat;
transport, shu jumladan, transport vositalari, tranzit va portlardan foydalanish;
oziq-ovqat sanoati;
sogʻliqni saqlash va farmatsevtika sanoati;
kimyo va neft-kimyo sanoati;
mashinasozlik, qishloq xoʻjaligi texnikalari va qayta ishlash sanoati uchun uskunalarni oʻz ichiga olgan holda;
energetika;
elektron va elektrotexnika sanoati;
qurilish sanoati;
turizm;
fan, texnika va texnologiya;
telekommunikatsiya;
ekologik xavfsizlik va atrof muhitni muhofaza qilish;
oʻzaro manfaatlarni ifodalovchi hamkorlikning boshqa sohalari.
3-modda
Tomonlar ikki davlat oʻrtasidagi hamkorlikni qoʻllab-quvvatlash, oʻzaro koʻmaklashish va ragʻbatlantirish orqali:
hukumat organlari, ishbilarmon doiralar vakillari, turli professional va jamoat tashkilotlari, agentliklar va uyushmalar, savdo-sanoat palatalari, hududiy va mahalliy tashkilotlar oʻrtasida oʻzaro manfaatli axborotlar almashishni ragʻbatlantirish, shuningdek ularning vakillari va boshqa iqtisodiy va texnik delegatsiyalar tashrifini uyushtirish orqali aloqalar va hamkorlikni;
Tomonlar davlatlarining yuqorida taʼkidlangan subyektlarini ikki tomonlama iqtisodiy munosabatlarda faol ishtirokini;
Tomonlar davlatlari hududida oʻtkaziladigan yarmarka va koʻrgazmalar, ishbilarmonlar uchrashuvlari, seminarlar, simpoziumlar va konferensiyalarda ishtirok etishni;
oʻzaro manfaatlar doirasida marketing va konsalting xizmatlari sohasidagi hamkorlikni;
Tomonlar davlatlarining moliya va bank tashkilotlari oʻrtasida hamkorlik aloqalari va ularni mustahkamlashni;
investitsiya faoliyati, jumladan qoʻshma korxonalar tuzish, kompaniyalarning vakolatxonalari va filiallarini taʼsis etishni;
kichik va oʻrta tadbirkorlik subyektlari oʻrtasida hamkorlik, jumladan uchinchi davlatlar va xalqaro moliya institutlari tomonidan moliyalashtiriladigan dasturlar doirasidagi hamkorlikni;
Tomonlar oʻrtasida kelishilgan boshqa hamkorlik shakllarini rivojlantirishga, mustahkamlashga va kengaytirishga intiladilar.
4-modda
Ushbu Bitimning 2-moddasida belgilangan sohalarda hamkorlikni taʼminlash maqsadida va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Latviya Respublikasi Hukumati oʻrtasida 1995-yil 6-iyunda imzolangan fan-texnika sohasida hamkorlik toʻgʻrisida Bitim qoidalarini inobatga olib, Tomonlar hukumat organlarining tegishli vakillaridan tashkil topadigan Oʻzbekiston Respublikasi va Latviya Respublikasi oʻrtasida iqtisodiy, sanoat va fan-texnika sohasida hamkorlik boʻyicha Hukumatlararo Komissiya (kelgusida — “Hukumatlararo Komissiya”) tuziladi.
Hukumatlararo Komissiya oʻz ishiga ishbilarmon doiralar vakillarini ishtirok etish uchun taklif etishi mumkin.
5-modda
Hukumatlararo Komissiya yigʻilishlari lozim boʻlganda, biroq bir yilda kamida bir marta navbatma-navbat Oʻzbekiston Respublikasi va Latviya Respublikasida oʻtkaziladi. Hukumatlararo Komissiya Reglamenti u tomonidan qabul qilinadigan Nizomda belgilanadi.
6-modda
Hukumatlararo Komissiya faoliyatining asosiy vazifalari quyidagilardir:
a) oʻzbek—latish iqtisodiy, sanoat va ilmiy-texnikaviy hamkorlik holatini tahlil qilish va baholash, uning ustuvor yoʻnalishlarini va oʻzaro hamkorlik shakllarini takomillashtirish yoʻllarini aniqlash;
b) oʻzaro manfaatlarni aks ettiruvchi sohalarda Tomonlarning iqtisodiy, sanoat va ilmiy-texnikaviy hamkorlik dasturlarini ishlab chiqish;
v) ikki davlat hukumatlariga iqtisodiy, sanoat va ilmiy-texnik hamkorlikni takomillashtirish va yuzaga keluvchi muammolarni hal qilishga qaratilgan takliflarni tayyorlash va kiritish;
g) Oʻzbekiston Respublikasi va Latviya Respublikasi oʻrtasida imzolangan iqtisodiy, sanoat va fan-texnika sohalaridagi xalqaro shartnomalar hamda boshqa ikki tomonlama kelishuvlar, jumladan hukumatlararo komissiya yigʻilishlarida qabul qilingan qarorlarni ijro etishni nazorat qilish va erishilgan kelishuvlar qoidalarini amalga oshirish boʻyicha chora-tadbirlarni qoʻllash;
d) Tomonlar davlatlarining vazirliklari, idoralari, tashkilotlari va ishbilarmon doiralari oʻrtasida iqtisodiy, sanoat va ilmiy-texnikaviy hamkorlik dasturlarini ishlab chiqishda va ijro etishda koʻmaklashish;
e) iqtisodiy, sanoat va ilmiy-texnikaviy sohalarda hamkorlikni rivojlantirish, mustahkamlash hamda kengaytirishga yoʻnaltirilgan boshqa vazifalar.
7-modda
Ushbu Bitim qoidalari bir tomondan Oʻzbekiston Respublikasi va ikkinchi tomondan Yevropa hamjamiyatlari va ularning aʼzo davlatlari oʻrtasidagi xalqaro shartnomalar hamda Tomonlar aʼzo boʻlgan boshqa xalqaro shartnomalardan kelib chiquvchi majburiyatlariga taʼsir etmaydi. Mazkur Bitim qoidalari Latviya Respublikasining Yevropa Ittifoqiga aʼzoligidan kelib chiqadigan majburiyatlariga har qanday taʼsir etuvchi yoki oʻzgartiruvchi tarzda qoʻllanilishi yoki talqin qilinishi mumkin emas.
8-modda
Tomonlarning oʻzaro kelishuviga muvofiq, ushbu Bitimga uning ajralmas qismi hisoblanadigan alohida bayonnomalar bilan rasmiylashtiriladigan hamda ushbu Bitimning 10-moddasida belgilangan tartibga muvofiq kuchga kiradigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.
9-modda
Ushbu Bitimning qoʻllanilishi va talqin etilishi bilan bogʻliq nizolar Tomonlarning muzokara va maslahatlar oʻtkazishi yoʻli bilan Hukumatlararo Komissiya doirasida hal etiladi.
10-modda
1. Ushbu Bitim imzolangan kundan boshlab kuchga kiradi.
2. Ushbu Bitim kuchga kirgan kundan boshlab 1997-yil 11-aprelda imzolangan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Latviya Respublikasi Hukumati oʻrtasida Savdo-iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy hamkorlik boʻyicha oʻzbek—latviya Hukumatlararo Komissiyasini tuzish toʻgʻrisidagi Bitim oʻz kuchini yoʻqotadi.
3. Mazkur Bitim nomuayyan muddatga tuziladi.
4. Har bir Tomon boshqa Tomonni yozma ravishda xabardor qilgan holda Bitimni denonsatsiya qilishi mumkin. Ushbu holda Bitim ikkinchi Tomon shunday yozma xabar olgan oydan keyin keluvchi oltinchi oyning birinchi kunida oʻz kuchini yoʻqotadi.
Riga shahrida 2006-yil 29-iyunda ikki asl nusxada, har biri oʻzbek, latish va rus tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar bir xil kuchga ega.
Ushbu Bitimni talqin qilishda kelishmovchiliklar yuzaga kelsa, Tomonlar rus tilidagi matnga amal qiladilar.
(imzolar)
