Diplomatik munosabatlarni oʻrnatish toʻgʻrisida
13.03.2006
Oʻzbekiston Respublikasi bilan Kuba Respublikasi oʻrtasida
QOʻShMA Deklaratsiya
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Kuba Respublikasi Hukumati, ikkala mamlakat xalqlari oʻrtasida doʻstona munosabatlar va hamkorlikka oʻzaro yordam berish istagini bildirib,
har bir davlatning siyosiy tizimini va suverenitet, hududiy yaxlitlik, xalqlarning oʻz taqdirini oʻzi belgilash, ichki ishlarga aralashmaslik prinsiplarini va Birlashgan Millatlar Tashkiloti Ustavida eʼtirof etilgan xalqaro huquqning boshqa prinsiplarini hurmat qilib,
doʻstlik va hamkorlik munosabatlari ikki davlat oʻrtasida iqtisodiy, savdo va madaniy aloqalarga yordam berishiga ishonch hosil qilib,
Diplomatik aloqalar toʻgʻrisida 1961-yilning 18-aprelidagi Vena konvensiyasi va Konsullik aloqalari toʻgʻrisida 1963-yilning 24-aprelidagi Vena konvensiyasining maqsadlari va prinsiplariga muvofiq,
ushbu Qoʻshma Deklaratsiya imzolangan sanadan eʼtiboran Oʻzbekiston Respublikasi bilan Kuba Respublikasi oʻrtasida diplomatik munosabatlar oʻrnatishga qaror qildilar va ikkala davlat poytaxtlarida diplomatik vakolatxonalar ochishni taʼminlash uchun qulay sharoitlar yaratib berish istagini bildiradilar.
Ushbuni tasdiqlab, oʻzlarining munosib Hukumatlari tarafidan tegishli ravishda vakolatlangan imzo chekuvchi vakillar ushbu Qoʻshma Deklaratsiyani imzoladilar.
2006-yil 13-martda Toshkent shahrida ikki asl nusxada, har biri oʻzbek, ispan va rus tillarida tuzildi, barcha matnlar bir xil kuchga ega.
(imzolar)
