6-modda. Soliq stavkalari
Korxonalar, birlashmalar va tashkilotlardan olinadigan soliqlar toʻgʻrisida (225-XII-son) · Sana: 15.02.1991 · Amalda
Foydaga (daromadga) soliq solinganda quyidagi stavkalar qoʻllaniladi:
1) foydaga solinadigan soliqni toʻlaydigan korxonalarga — 37 foiz soliq solinadi. Qishloq xoʻjalik mahsuloti yetishtiruvchi korxonalar foydasiga tabaqalashtirilgan stavkalar boʻyicha, lekin 20 foizdan oshmagan miqdorda soliq solinadi. Soliq stavkalarining aniq miqdorini Vazirlar Mahkamasi belgilaydi.
Ishlab chiqarish hajmida mahsulot eksporti kamida 30 foizni tashkil etadigan korxonalar foydaga (daromadga) solinadigan soliqni belgilanganiga nisbatan ikki baravar kamaytirilgan stavka boʻyicha toʻlaydilar.
Bolalarga moʻljallangan assortimentdagi tovarlar, badiiy hunarmandchilik buyumlari va oʻyinchoqlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxonalar foydaga solinadigan soliqni 10 foizli stavka boʻyicha toʻlaydilar.
Ishlab chiqarayotgan mahsulotlari hajmida bolalarga moʻljallangan tovarlar, badiiy hunarmandchilik buyumlari va oʻyinchoqlar kamida 20 foizni tashkil etadigan korxonalar foydaga solinadigan soliqni amaldagi stavkadan 30 foiz kamaytirilgan stavka boʻyicha toʻlaydilar.
Banklar va sugʻurta tashkilotlariga daromad soligʻi 35 foizli stavka boʻyicha solinadi. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ayrim banklar uchun soliqlarning pasaytirilgan stavkalarini, lekin 20 foizdan kam boʻlmagan miqdorda belgilashga haqlidir;
2) videosalonlardan (video namoyish punktlaridan), kimoshdi savdolari, kazinolar, pul yutuqli oʻyin avtomatlaridan, davlatga qarashli boʻlmagan organlar oʻtkazadigan lotereya oʻyinlaridan, ommaviy konsert-tomosha tadbirlarini oʻtkazishdan olinadigan daromadlarga — 60 foiz soliq solinadi;
3) ustav fondida chet el kapitalining ulushi 50 foiz va bundan ortiq boʻlgan chet el investitsiyalari ishtirokidagi ishlab chiqarish korxonalarining foydasiga, ustav fondining miqdoriga qarab:
300 mingdan 1 million AQSh dollariga teng boʻlgan summaga 20 foiz soliq solinadi;
1 million AQSh dollariga teng va bundan ortiq boʻlgan summaga 16 foiz soliq solinadi.
Ustav fondida chet el kapitali boʻlgan qoʻshma korxonalar xorijiy qatnashchilarining daromadlari chet elga oʻtkazilayotganda, agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarida boshqacha tartib belgilanmagan boʻlsa, ularga 10 foiz miqdorda soliq solinishi kerak.
Daromadlar chet elga qaysi valyutada oʻtkazilayotgan boʻlsa soliq summasi shu valyutada toʻlanadi.
