35-modda. Soliq imtiyozlari
Korxonalar, birlashmalar va tashkilotlardan olinadigan soliqlar toʻgʻrisida (225-XII-son) · Sana: 15.02.1991 · Amalda
1. Korxonalar mol-mulkiga solinadigan soliq quyidagi mol-mulklarga solinmaydi:
a) budjet tashkilotlari va muassasalarining davlat boshqaruvi idoralarining mol-mulkiga;
b) qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini va chorvachilik mahsulotlarini yetishtirish, seleksiyalash va saqlash, baliq yetishtirish, ovlash va qayta ishlash sohasidagi korxonalarning mol-mulkiga;
v) xalq taʼlimi va madaniyat muassasalarining ehtiyojlari uchun ishlatiladigan mol-mulkka;
g) “Sogʻlom avlod uchun” xalqaro xayriya jamgʻarmasi, Qizil Yarim oy jamiyati va ular taʼsis etgan korxonalar va tashkilotlar mol-mulkiga, ushbu mablagʻlar jamgʻarma va jamiyatning ustav vazifalarini bajarishga ishlatilishi sharti bilan; diniy birlashmalar va tashkilotlar mol-mulkiga;
d) umuman fuqarolarga moʻljallangan uy-joy, kommunal va shahar xoʻjaligidagi oʻzga mol-mulkka;
e) yangi ochilgan korxonalarning mol-mulkiga roʻyxatga olingan kundan boshlab dastlabki ikki yil davomida;
j) Samarqand, Buxoro, Xiva va Toshkent shaharlarida turistik faoliyat bilan shugʻullanuvchi yangi tashkil etilgan yuridik shaxslarga, tashkil etilgan paytdan boshlab dastlabki foyda olgunga qadar boʻlgan davrda, ammo davlat roʻyxatidan oʻtgan paytidan eʼtiboran uzogʻi bilan uch yil muddatga.
z) Markaziy bank va uning muassasalari mol-mulkiga;
i) Oʻzbekiston Tovar ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlar palatasi hamda Tovar ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash fondining mol-mulkiga ular davlat roʻyxatidan oʻtgan paytdan eʼtiboran besh yil davomida.
k) ustav fondida chet el kapitalining ulushi kamida 500 ming AQSh dollari boʻlgan korxonalar mol-mulkiga.
“e” kichik bandida koʻrsatilgan soliq imtiyozi tugatilgan (qayta tashkil etilgan korxonalarning, ular filiallari va tarmoq boʻlinmalari asosida tuzilgan korxonalarga, shuningdek korxonalar, birlashmalar va tashkilotlar huzurida tuzilgan korxonalarga (basharti, ular ana shu korxonalardan ijaraga olingan uskunalar bilan ishlasa) taalluqli emas.
Mahalliy hokimiyat va boshqaruv idoralari mol-mulki oʻz hududlarida joylashgan soliq toʻlovchilarga qoʻshimcha imtiyozlar berishlari mumkin.
