3-modda. Soliqqa tortiladigan obyekt
Korxonalar, birlashmalar va tashkilotlardan olinadigan soliqlar toʻgʻrisida (225-XII-son) · Sana: 15.02.1991 · Amalda
Mahsulotni, ishlarni va xizmatlarni (bundan keyin matnda “mahsulot” deb yuritiladi) realizatsiya qilishdan tushadigan foyda (zarar), shuningdek asosiy faoliyatdan tushadigan boshqa daromadlar, moliyaviy faoliyatdan tushadigan daromadlar va tegishli xarajatlar summasiga kamaytirilgan favqulodda daromadlar summasidan iborat boʻlgan, korxonaning umumiy xoʻjalik faoliyatidan olingan foyda foydaga solinadigan soliq obyekti hisoblanadi. Mahsulotni realizatsiya qilishdan tushadigan foyda (zarar) mahsulotni realizatsiya qilishdan tushadigan, qoʻshilgan qiymat soligʻi, aksizlar, bojxona toʻlovlari va yigʻimlarisiz tushum hamda mahsulot tannarxiga qoʻshiladigan ishlab chiqarish va realizatsiya qilish xarajatlari oʻrtasidagi farq sifatida aniqlanadi.
Mahsulotni realizatsiya qilishdan tushadigan tushum, shuningdek asosiy faoliyatdan tushadigan boshqa daromadlar, moliyaviy faoliyatdan tushadigan daromadlar va tegishli xarajatlar summasiga kamaytirilgan favqulodda daromadlar summasidan iborat boʻlgan, korxonaning umumiy xoʻjalik faoliyatidan olingan daromad — daromad soligʻi obyekti hisoblanadi. Mahsulot tannarxida va soliq solinadigan bazani hisoblab chiqarishda hisobga olinadigan xarajatlar roʻyxati, shuningdek asosiy faoliyatdan keladigan boshqa daromadlar, moliyaviy faoliyatdan keladigan daromadlar, favqulodda daromadlar va ularga doir chiqimlar tarkibi Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tasdiqlaydigan nizom bilan belgilab qoʻyiladi.
Alohida tartibda soliqqa tortiladigan boshqa korxonalar faoliyatida oʻz hissasi bilan qatnashishdan olingan dividendlar, foizlar boʻyicha daromadlar soliq solish obyektida hisobga olinmaydi.
Umumiy vazifalarni hal etish uchun ustav fondiga (kapitaliga) jamlanadigan badallar, ulushlar va boshqa aniq maqsadga qaratilgan moliyaviy mablagʻlar ana shu umumiy vazifalarni hal etish uchun maxsus tuzilgan yuridik shaxsning daromadlari hisoblanmaydi va ular soliq solish obyekti boʻlmaydi.
