Bojxona ishlarida hamkorlik va oʻzaro yordam toʻgʻrisida
10.07.2003
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Polsha Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Polsha Respublikasi Hukumati, bundan keyin “Ahdlashuvchi Tomonlar” deb ataluvchilar,
bojxona qonunlarining buzilishi ular davlatlarining ijtimoiy, iqtisodiy va savdo manfaatlariga ziyon yetkazishidan kelib chiqib,
giyohvandlik vositalar, psixotrop moddalar va prekursorlarning noqonuniy aylanishi jamiyat manfaatlari va davlatga tahdid solishini eʼtiborga olib,
tovarlarni import va eksport qilishda undiriladigan bojxona bojlari va boshqa yigʻimlarni aniq hisoblash hamda yigʻish, shuningdek taqiqlash, cheklash va nazoratga doir tegishli choralarni bajarish muhimligini inobatga olib,
bojxona qonunlarining buzilishini oldini olish, shuningdek bojxona bojlari, soliqlar va boshqa yigʻimlarning toʻgʻri undirilishi ularning bojxona maʼmuriyatlari oʻrtasidagi yaqin hamkorlik yordamida yanada samarali boʻladi deb hisoblab,
bojxona hamkorligi Kengashining oʻzaro maʼmuriy koʻmak toʻgʻrisida 1953-yil 5-dekabrdagi Tavsiyalarini eʼtiborga olib;
quyidagilar toʻgʻrisida ahdlashib oldilar:
Atamalar
1-modda
Ushbu Bitimda foydalanilgan atamalar quyidagilarni anglatadi:
1. “Bojxona organi” — atamasi Oʻzbekiston Respublikasida: Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasini, va Polsha Respublikasida: Moliya vazirligini anglatadi;
2. “Bojxona qonunlari” — atamasi Oʻzbekiston Respublikasi va Polsha Respublikasi hududida tovarlar, transport vositalarini olib kirish, olib chiqish va tranzit qilish, toʻlov vositalari, bojxona bojlarini undirish yoki boshqa yigʻimlar, shuningdek bojxona organlari tomonidan qoʻllaniladigan taqiqlash, cheklash yoki nazorat qilish boʻyicha choralarga taalluqli qoʻllaniladigan meʼyoriy hujjatlarni anglatadi;
3. “Soʻrayotgan organ” — atamasi bojxona ishida koʻmak toʻgʻrisida soʻrov yuborgan yoki shunday koʻmak olgan bojxona organini anglatadi;
4. “Soʻralayotgan organ” — atamasi bojxona ishida koʻmak toʻgʻrisida soʻrov olgan yoki shunday koʻmak beradigan bojxona organini anglatadi;
5. “Bojxona qonunlarining buzilishi” — atamasi bojxona qonunlari buzilgan yoki buzishga urinish boʻlgan har qanday faoliyatni anglatadi;
6. “Shaxs” — atamasi har qanday jismoniy yoki yuridik shaxsni va Polsha Respublikasidagi unda qoʻllaniladigan qonunchilikka muvofiq taʼsis etilgan huquqiy maqomga ega boʻlmagan va tovarlarni import, eksport yoki tranzit qiluvchi shaxslarni anglatadi;
7. “Giyohvandlik vositalar” — atamasi Giyohvandlik moddalari toʻgʻrisida Yagona Konvensiyada, Nyu-York shahri, 1961-yil 31-mart va BMTning Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar noqonuniy aylanishiga qarshi Konvensiyada, Vena shahri, 1988-yil 20-dekabr, sanab oʻtilgan moddalarni anglatadi;
8. “Psixotrop moddalar” — atamasi Psixotrop moddalar toʻgʻrisida Konvensiyada, Vena shahri, 1971-yil 21-fevral, sanab oʻtilgan moddalar;
9. “Prekursorlar” — atamasi xalqaro konvensiyalarda giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarni ishlab chiqarish uchun foydalaniladigan kimyo materiallari sifatida tasniflanadigan moddalar hamda ularning tuzlari;
10. “Nazorat ostida yetkazib berish” — atamasi Ahdlashuvchi Tomonlar vakolatli organlarining ruxsati yoki nazorati ostida giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarning bir toʻpini Ahdlashuvchi Tomonlarning hududi orqali olib kirish, tranzit qilish yoki olib chiqish yoʻl qoʻyiladigan usulni anglatadi.
Bitim qoʻllaniladigan soha
2-modda
1. Bojxona organlari ushbu Bitimning qoidalariga muvofiq quyidagi maqsadlarda hamkorlik qiladilar va bir-birlariga oʻzaro koʻmaklashadilar:
a) bojxona qonunlariga tegishlicha rioya etilishini taʼminlashda;
b) bojxona qonunlari buzilganligini aniqlash, bartaraf etish va jazolashda;
c) bojxona bojlari va boshqa yigʻimlarni tegishlicha hisoblash hamda undirishda;
d) bojxona qonunlarining qoʻllanilishiga doir axborot va hujjatlarni almashish.
2. Ushbu Bitim doirasidagi koʻmaklashuv milliy qonunchilikka muvofiq va soʻralayotgan organning vakolati hamda imkoniyatlari doirasida amalga oshiriladi, zarur holda u boshqa vakolatli organdan koʻmak soʻrab murojaat qilishi mumkin.
3. Ushbu Bitim bojxona bojlari, soliqlar va boshqa har qanday yigʻimlar boʻyicha qarzlarni undirishni koʻzda tutmaydi.
Axborot taqdim etish
3-modda
1. Bojxona organlari oʻz tashabbuslari yoki soʻrovnomaga binoan quyidagilarda yordam berishi mumkin boʻlgan barcha axborotni bir-birlariga taqdim etadilar:
a) bojxona bojlari va boshqa yigʻimlarning toʻgʻri undirilishini taʼminlash;
b) tovarlarni olib kirish, olib chiqish yoki tranzit qilishga nisbatan taqiqlash, cheklash va nazorat qilish boʻyicha choralarga rioya qilish.
2. Soʻralayotgan organ soʻralayotgan axborotga ega boʻlmagan holda u ushbu axborotni olish uchun tegishli choralarni koʻradi.
4-modda
Bojxona organlari soʻrovnomaga binoan bir-birlarini quyidagilar toʻgʻrisida xabardor qiladilar:
a) soʻrayotgan organ davlatining hududiga kiritilayotgan tovar soʻralayotgan organning davlati hududidan qonuniy eksport qilinganmi, shuningdek mazkur tovarlar joylashtirilgan joy boʻlsa, bojxona rejimi toʻgʻrisida;
b) soʻrayotgan organ davlatining hududidan olib chiqilayotgan tovar soʻrayotgan organning davlati hududiga qonuniy import qilinganmi, shuningdek mazkur tovarlar joylashtirilgan joy boʻlsa, bojxona rejimi toʻgʻrisida.
5-modda
1. Bojxona organlari oʻz tashabbuslari yoki soʻrovnomaga binoan, shuningdek mumkin qadar qisqa davr ichida bojxona qonunbuzarligiga oid barcha zarur axborotni bir-birlariga taqdim etadilar, xususan:
a) bojxona qonunbuzarligini sodir etishda maʼlum yoki shubhalanayotgan shaxslar;
b) bojxona qonunbuzarligi sifatida maʼlum tovarlar;
c) bojxona qonunbuzarligi maqsadida foydalanilayotgani maʼlum boʻlgan transport vositalari.
2. Bojxona organlari quyidagilar boʻyicha axborot almashadilar:
a) bojxona qonunbuzarligi maqsadida foydalanilayotgan yoki foydalanilishi mumkin boʻlgan metod va usullar;
b) bojxona nazoratining prinsip va yangi metodlari.
6-modda
1. Bojxona organlari oʻz tashabbuslari yoki soʻrovnomaga binoan bojxona qonunbuzarligiga olib keluvchi yoki olib kelishi mumkin boʻlgan sodir etilgan yoxud rejalashtirilayotgan ish boʻyicha barcha mavjud axborotni jam qilgan hisobotlar, bayonnomalar yoki hujjatlarning tasdiqlangan nusxalarini bir-birlariga taqdim etadilar.
2. Zarur holda soʻralayotgan organ soʻrayotgan organga yuborgan axborot bilan bir qatorda ularni talqin qilish yoki foydalanish uchun barcha zarur qoʻllanmalarni taqdim etadi.
3. Hujjatlarning tasdiqlangan nusxalari yetarli boʻlmagan hollarda hujjatlarning asl nusxalari soʻrab olinishi mumkin.
4. Hujjatlarning asl nusxalari birinchi imkoniyatda qaytarilishi lozim.
5. Ushbu Bitim doirasida olingan hujjatlar kompyuterlashtirilgan axborot bilan almashtirilishi mumkin.
Giyohvandlik vositalar, psixotrop moddalar va prekursorlarning noqonuniy aylanishiga qarshi kurash
7-modda
1. Giyohvandlik vositalar, psixotrop moddalar va prekursorlarning noqonuniy aylanishini bartaraf etish, aniqlash va qarshi kurash boʻyicha ishni faollashtirish maqsadida bojxona organlari soʻrovnomasiz mumkin qadar qisqa muddatda bir-birlariga quyidagilar toʻgʻrisidagi axborotni taqdim etadilar:
a) giyohvandlik vositalar, psixotrop moddalar va prekursorlarning noqonuniy aylanishida jalb etilganligi maʼlum yoki shubhalanayotgan shaxslar;
b) giyohvandlik vositalar, psixotrop moddalar va prekursorlarning noqonuniy aylanishida maʼlum yoki shubhalanayotgan transport vositalari, konteyner va pochta joʻnatmalari.
2. Bojxona organlari giyohvandlik vositalar, psixotrop moddalar va prekursorlarning noqonuniy aylanishida qoʻllaniladigan usul va metodlar, shuningdek bunday aylanishni nazorat qilishning yangi metodlari va ularning samaradorligi toʻgʻrisidagi axborotni bir-birlariga soʻrovnomasiz taqdim etadilar.
3. 1- va 2-bandlarda qayd etilgan axborot kashandalik va giyohvandlik vositalar, psixotrop moddalar hamda prekursorlarning noqonuniy aylanishiga qarshi kurash bilan shugʻullanuvchi jamoat maʼmuriyatining boshqa organlariga berilishi mumkin.
4. Bojxona organlari giyohvandlik vositalar, psixotrop moddalar, prekursorlar yoki ularning oʻrnini bosa oladigan moddalarni nazorat ostida yetkazib berish usulidan tegishlicha foydalanish maqsadida oʻz vakolatlari va imkoniyatlari doirasida zarur choralarni koʻradilar.
5. Nazorat ostida yetkazib berishdan foydalanish toʻgʻrisida qaror Ahdlashuvchi Tomonlarning vakolatli organlari tomonidan har bir alohida hollarda qabul qilinadi va zarur hollarda moliyaviy masalalar boʻyicha ahdlashuvlarni kiritishlari mumkin.
Axborot va hujjatlardan foydalanish
8-modda
1. Olingan axborot va hujjatlardan ushbu Bitim maqsadlaridagina foydalaniladi. Ulardan boshqa maqsadlarda foydalanish mumkin emas, quyidagi hollar bundan mustasno:
a) Ahdlashuvchi Tomonlardan birining bojxona organi oʻz bojxona qonunlari doirasida har qanday boshqa mamlakatning vakolatli organi yoki Yevropa Ittifoqi bojxona maʼmuriyati yoxud ikkala tomonni bojxona qonunlarining buzilganligi yoki buzilishida shubhalanayotganligi toʻgʻrisida xabardor qilishga majbur;
b) soʻrayotgan organ davlatining ichki qonunchiligi bunday foydalanish ruxsat berishini yozma ravishda tasdiqlaydi.
2. Ushbu Bitim doirasida Ahdlashuvchi Tomonlardan birining bojxona organiga taqdim etiladigan soʻrovnomalar, axborot, ekspertlarning hisobotlari va boshqa hujjatlar oʻsha davlatning milliy qonunchiligiga muvofiq ularning davlatlarida shunday xarakterdagi hujjat va axborotga beriladigan muhofaza bilan taʼminlanadi.
3. Bojxona organlari ushbu Bitim maqsadiga muvofiq va uning doirasida ushbu Bitimga muvofiq olingan axborot va hisobotlardan sud hamda maʼmuriy jarayonlarda dalil sifatida foydalanishlari mumkin. Bunday dalil Ahdlashuvchi Tomonlarning milliy qonunchiligiga muvofiq foydalanilishi mumkin.
Shaxslar, tovarlar va transport vositalarini kuzatish
9-modda
Bojxona organlari oʻz vakolati va imkoniyatlari doirasida soʻrovnomaga binoan quyidagilar ustidan kuzatuv olib boradilar:
a) bojxona qonunlarini buzgan yoki buzishi mumkin boʻlganligi yuzasidan dalillar mavjud boʻlgan shaxslar;
b) olib kirilishi, olib chiqilishi yoki tranzit qilinishi bojxona qonunbuzarligiga olib kelishi mumkin boʻlgan tovarlar;
c) bojxona qonunlarini buzish uchun foydalanilgan, foydalanilayotgan yoki foydalanilishi mumkin boʻlgan transport vositalari yoxud konteynyerlar borasida shubhalar mavjud boʻlsa;
d) noqonuniy ayirboshlash predmeti boʻlishi mumkin boʻlgan tovarlarni saqlash uchun foydalanilayotgan joy.
Aniqlash
10-modda
1. Bir Ahdlashuvchi Tomonning bojxona organi soʻrovnomasiga binoan boshqa Ahdlashuvchi Tomon bojxona organi bojxona qonunlariga zid boʻlgan yoki zid boʻlishi mumkin boʻlgan harakatlarni aniqlaydi. Bunday aniqlashning natijalari soʻrayotgan organga yuboriladi.
2. Soʻralayotgan organ soʻrayotgan organning mansabdor shaxslariga tergovlarda ishtirok etishiga ruxsat berishi mumkin.
Ekspertlar va guvohlar
11-modda
1. Soʻrovnoma boʻyicha soʻralayotgan organ oʻz xodimlarini ularning roziligi bilan ushbu Bitimga taalluqli boʻlgan masalalar boʻyicha sud va maʼmuriy jarayonlarda boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlatining bojxona hududida, ekspert hamda guvoh sifatida ishtirok etishiga vakolat berishi, shuningdek bunday jarayonlarda talab qilib olinishi mumkin boʻlgan predmetlar, hujjatlar yoki tasdiqlangan nusxalarni taqdim etishi mumkin. Ishtirok etish toʻgʻrisidagi soʻrovnomada mansabdor shaxs qaysi ish yuzasidan va kim sifatida, shuningdek jarayonning oʻtkazilish vaqti va joyi aniq koʻrsatilishi lozim.
2. Ushbu Bitimda koʻzda tutilgan sharoitlarda bojxona boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlati hududida hozir boʻladigan mansabdor shaxslar oʻzlarining rasmiy vakolatlarining dalilini koʻrsatishlari lozim. Ular forma kiymasliklari va oʻzlari bilan qurol olib yurmasliklari lozim.
Yordam toʻgʻrisida soʻrovnomaning shakl va mazmuni
12-modda
1. Ushbu Bitim doirasida koʻmaklashuv toʻgʻrisida soʻrovnoma yozma ravishda taqdim etilishi lozim. Soʻrovnomani amalga oshirish uchun zarur boʻlgan hujjatlarning asl nusxalari, tasdiqlangan nusxalari yoki foto nusxalari unga ilova qilinishi lozim.
Shoshilinch hollarda ogʻzaki soʻrovnomalar qabul qilinishi mumkin. Ular darhol yozma shaklda tasdiqlanishi lozim.
2. Ushbu moddaning 1-bandi asosida qilingan soʻrovnomalar oʻzida quyidagi axborotni jam qilishi lozim:
a) soʻrayotgan organning nomi;
b) muhokama turi;
c) soʻrovnomaning maqsad va sababi;
d) maʼlum boʻlsa, muhokama obyekti hisoblangan shaxslarning nomi va manzillari;
e) koʻrilayotgan ishning qisqacha yozma bayoni hamda ishga taalluqli boʻlgan huquqiy normativ aktlar.
3. Agar soʻrovnoma ushbu moddaning 1- va 2-bandlarida qayd etilgan rasmiy talablarga javob bermasa, u holda uning tahriri yoki qoʻshimchasi soʻrab olinishi mumkin. Ayni vaqtda darhol qoʻllanilishi lozim boʻlgan har qanday choralarning ushlanib qolishi sabab boʻla olmaydi.
Koʻmaklashish boʻyicha majburiyatlardan qilinadigan istisnolar
13-modda
1. Bojxona organi soʻrovnomaning bajarilishi davlatning suvereniteti, xavfsizligi, jamoat tartibi yoki boshqa har qanday muhim manfaatlariga, shuningdek qonun himoyasi ostiga tushuvchi maxfiylikning buzilishiga zarar yetkazishi mumkin deb hisoblasa, koʻmakni rad etishi yoxud uni maʼlum shartlarga rioya qilgan holda koʻrsatishi mumkin.
2. Koʻmak rad etilsa, uning sababi koʻrsatilgan holda rad javobi toʻgʻrisidagi qaror soʻrayotgan organning eʼtiboriga yozma ravishda kechiktirilmasdan yetkazilishi lozim.
3. Bojxona organlaridan biri oʻzi koʻrsata olmaydigan koʻmak toʻgʻrisida soʻrab murojaat etsa, oʻzining soʻrovnomasida ushbu omilni koʻrsatishi lozim. Bunday soʻrovnomani bajarish soʻralayotgan organning eʼtiboriga havola qilinadi.
Axborot almashish va oʻzaro koʻmaklashuv
14-modda
1. Ushbu Bitim doirasida koʻmaklashuv Ahdlashuvchi Tomonlarning bojxona organlari tomonidan bevosita amalga oshiriladi.
2. Bojxona organlari koʻmaklashish maqsadida axborot almashish, bojxona qonunbuzarligini bartaraf etish, aniqlash va jazolash orqali ularning markaziy va mintaqaviy tezkor boʻlinmalari oʻrtasida bevosita aloqa kanallarini oʻrnatishni tashkil etishlari mumkin.
Xarajatlar
15-modda
Bojxona organlari ushbu Bitimni bajarish bilan bogʻliq boʻlgan xarajatlarni qoplash toʻgʻrisidagi har qanday talablarni inkor etadilar, davlat xizmatida boʻlmagan ekspertlar, guvohlar va tarjimonlarga haq toʻlash xarajatini va ushbu Bitimning 7-modda 5-bandida qayd etilgan xarajatlarni qoplash bundan mustasno.
Bitimning hududiy amal qilishi
16-modda
Ushbu Bitim Oʻzbekiston Respublikasi bilan Polsha Respublikasi hududlarida qoʻllaniladi.
Bitimning ijro etilishi
17-modda
1. Bojxona organlari ushbu Bitim doirasida hamkorlik boʻyicha muntazam maslahatlashuvlar olib boradilar.
2. Bojxona organlari oʻrtasidagi yozishmalar ingliz tilida amalga oshiriladi.
3. Ahdlashuvchi Tomonlarning oʻzaro ahdlashuvlariga asosan ushbu Bitimga oʻzgartish va toʻldirishlar kiritilishi mumkin. Bunday oʻzgartish va toʻldirishlar uning ajralmas qismi hisoblanadigan bayonnomalar bilan rasmiylashtirilishi lozim.
Talqin qilish
18-modda
Bojxona organlari ushbu Bitimni talqin qilish yoki qoʻllashdan kelib chiqadigan muammo yoki bahslarni tartibga solish boʻyicha oʻzaro kelishuvga erishishga intiladilar.
Bitimning kuchga kirishi va amal qilishdan toʻxtatilishi
19-modda
1. Ushbu Bitim har bir Ahdlashuvchi Tomonda amal qiluvchi qonunchilikka muvofiq qaror qabul qilinadi va u diplomatik notalarni almashish orqali tasdiqlanishi lozim. Bitim oxirgi nota olingan sanadan boshlab oʻttizinchi kuni kuchga kiradi.
2. Ushbu Bitim belgilanmagan muddatga tuzilgan. Ahdlashuvchi Tomonlardan biri diplomatik kanallar orqali xabardor qilingach toʻxtatilishi mumkin va bunday xabarnoma olingan sanadan boshlab 6 oy oʻtgach, oʻz kuchini yoʻqotadi.
Varshava shahrida 2003-yil 10-iyulda ikki nusxada, har biri oʻzbek, polyak va ingliz tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar autentikdir. Talqin qilishda anglashilmovchiliklar yuzaga kelgan holda, ingliz tilidagi matn ustunlik qiladi.
Ushbuni tasdiqlab, tegishli ravishda vakolatlanganlar ushbu Bitimni imzoladilar.
(imzolar)
