Huquqiy yordam va hamkorlik toʻgʻrisida
03.10.2006
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi va Qirgʻiz Respublikasi Bosh prokuraturasi oʻrtasida
Bitim
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi va Qirgʻiz Respublikasi Bosh prokuraturasi, bundan keyin “Tomonlar” deb ataluvchilar,
xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan normalariga asoslanib,
davlatlarning suvereniteti va mustaqilligi, prokuratura organlari oʻrtasidagi oʻzaro tushunish va hamkorlikning foydali prinsiplaridan kelib chiqib,
fuqarolarning, jamiyat va davlatning huquq va erkinliklari ishonchli himoyasini taʼminlash zaruriyatiga tayanib,
milliy xavfsizlikka, konstitutsiyaviy tuzumni kuch bilan oʻzgartirishga qaratilgan jinoiy tajovuzlarga barham berish, ularning oldini olish, aniqlash, fosh etish va tergov qilish, xalqaro terrorizm, narkotik vositalar, psixotrop moddalar va prekursorlarning noqonuniy muomalasiga va jinoyatlarning boshqa xavfli turlariga qarshi kurashishga doir masalalarda tezkor hamkorlik qilish hamda kasbiy aloqalarni kengaytirish maqsadida,
Qirgʻiz Respublikasi va Oʻzbekiston Respublikasi oʻrtasidagi 1996-yil 24-dekabr kungi fuqarolik, oilaviy va jinoiy ishlar boʻyicha huquqiy yordam va huquqiy munosabatlar toʻgʻrisidagi Shartnoma, Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Qirgʻiz Respublikasi Hukumati oʻrtasidagi 1999-yil 9-iyul kungi jinoyatchilikka qarshi kurashishda hamkorlik toʻgʻrisidagi Bitim, Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Qirgʻiz Respublikasi Hukumati oʻrtasidagi 1999-yil 9-iyul kungi narkotik vositalar, psixotrop moddalar va prekursorlarning noqonuniy muomalasiga qarshi kurashishda hamkorlik toʻgʻrisidagi Bitim, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi va Qirgʻiz Respublikasi ishtirokchi hisoblangan boshqa xalqaro shartnomalardan kelib chiqib,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda
1. Tomonlar ushbu Bitim talablaridan kelib chiqib, oʻz vakolatlari doirasida tenglik, shartnomaviy majburiyatlarga rioya qilish, oʻzaro hurmat prinsiplari asosida hamkorlik qiladilar.
2. Tomonlar ushbu Bitim asosida quyidagi jinoyatlarning oldini olish, barham berish, aniqlash, fosh etish va tergov qilish borasida hamkorlikni amalga oshiradilar:
terrorizm, separatizm, ekstremizm;
qurol, oʻq-dorilar, portlovchi moddalar va portlatish qurilmalari, yadro va radioaktiv materiallari, narkotik vositalar, psixotrop moddalarning noqonuniy muomalasi;
konstitutsiyaviy tuzumga tajovuz qilish va hokimiyatni kuch bilan egallash;
shaxsning hayoti, sogʻligʻi, erkinligi, qadr-qimmatiga tajovuz qilish;
noqonuniy migratsiyani tashkil etish;
uchinchi shaxslar tomonidan odamlar savdosi va fohishalikka yollash;
iqtisodiyot, tashqi iqtisodiy faoliyat sohasida, shu jumladan, soliqqa tortish, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish, kontrabanda, qalbaki pullar yasash va qimmatli qogʻozlarni qalbakilashtirish;
mulkka qarshi, shu jumladan, avtotransport vositalarini talon-toroj qilish va mol oʻgʻirlash bilan bogʻliq;
atrof muhit va tabiatdan foydalanish sohasida;
uyushgan va boshqa jinoyatchilikning oʻzga turlari.
2-modda
Tomonlar Bitimda erishilgan ahdlashuvlarni amalga oshirish maqsadida:
tergov harakatlari va tezkor-qidiruv tadbirlarini oʻtkazish toʻgʻrisidagi topshiriqlarni bajarish;
jinoiy taʼqibdan va jazoni oʻtashdan yashiringan, hamda bedarak yoʻqolgan shaxslarning qidiruvini tashkil etish;
talon-toroj qilingan, raqami yoki maxsus farqlov belgilariga ega boʻlgan predmetlar, shu jumladan avtotransport va oʻqotar quroli, shuningdek, raqamli qimmatli qogʻozlar, shaxsni tasdiqlovchi hujjatlarni belgilangan tartibda qidirish va qaytarishga koʻmaklashish;
shaxslar va jinoiy uyushma(tashkilotlar)ning jinoiy faoliyatiga barham berish, shu jumladan jismoniy va yuridik shaxslarning tayyorlanayotgan yoki sodir etilgan jinoyatlarga aloqadorligi, ayniqsa, narkotik vositalar, psixotrop moddalar va prekursorlarning noqonuniy muomalasi, odamlar savdosi hamda mansabdor shaxslar ishtirokida guruh boʻlib sodir qilingan jinoyatlar toʻgʻrisida axborot almashish;
Tomonlarning davlatiga noqonuniy kelayotgan shaxslar toʻgʻrisida axborot berish.
Tomonlar oʻzaro huquqiy yordamni boshqa oʻzaro maqbul shakllarda ham, aniq vaziyatlardan kelib chiqqan holda va Tomonlar davlatlarining milliy qonunchiligiga muvofiq amalga oshirishlari mumkin.
3-modda
Ushbu Bitim doirasida yordam koʻrsatish toʻliq yoki qisman rad qilinishi mumkin, agar bu inson huquqlarining buzilishiga olib kelsa, davlat suvereniteti yoki xavfsizligiga zarar yetkazsa, yoxud soʻralayotgan Tomonning milliy qonunchiligi hamda uning xalqaro shartnomalariga zid boʻlsa.
Bunday qaror qabul qilingan holda soʻrayotgan Tomon bu haqda rad etishning sabablarini koʻrsatib, yozma ravishda xabardor qilinadi.
4-modda
Tomonlar ushbu Bitim talablarini bajarish maqsadida bir-birlari bilan bevosita aloqa qiladilar, shuningdek oʻz davlatlarining ushbu Bitim talablariga toʻliq rioya qilgan holda harakat qiluvchi, chegara mintaqalarining vakolatli prokuratura organlari orqali hamkorlikni amalga oshiradilar, agar Oʻzbekiston Respublikasi va Qirgʻiz Respublikasi oʻrtasida tuzilgan davlatlararo shartnomalarda boshqacha tartib oʻrnatilmagan boʻlsa.
Chegara mintaqalari prokuraturalari boʻlib quyidagilar hisoblanadi:
Oʻzbekiston Respublikasida — Andijon, Fargʻona va Namangan viloyatlari.
Qirgʻiz Respublikasida — Botken, Oʻsh va Jalolobod viloyatlari.
Chegara mintaqalari prokuraturalari ushbu Bitimning 2-moddasida koʻrsatilgan tadbirlarni bajarishda mintaqa darajasidagi bevosita aloqalar yordamida bir-birlariga huquqiy yordam koʻrsatadilar.
Undan tashqari, chegara mintaqalari prokuraturalarining hamkorligi sohasiga mintaqaviy bojxona organlarining faoliyatini nazorat qilishda huquqiy yordam koʻrsatish, shu jumladan:
kontrabanda faoliyatining oldini olish;
mansabdor shaxslar ishtirokida guruh boʻlib sodir qilingan jinoyatlarning oldini olish kiradi.
5-modda
1. Huquqiy yordam koʻrsatish toʻgʻrisidagi iltimosnoma yozma ravishda rasmiylashtirilishi, prokuraturaning rahbari yoki prokuratura rahbarining oʻrinbosari tomonidan imzolanishi, soʻrayotgan muassasaning gerbli muhri bilan tasdiqlanishi va quyidagi maʼlumotlarni aks ettirishi lozim:
Tomonlarning prokuraturalari yoki chegara mintaqalari prokuraturalarining nomi;
Murojaatning maqsadi, bayoni va soʻralayotgan huquqiy yordam turining tavsifi;
Jismoniy shaxs toʻgʻrisida maʼlumotlar: familiyasi, ismi, otasining ismi, tugʻilgan sanasi va joyi, fuqaroligi, mehnat faoliyati turi, yuridik shaxs toʻgʻrisida, nomi, yuridik manzilgohi yoki joylashgan joyi, bank rekvizitlari va fiskal kodlari, qilmish yoki voqeaning tavsifi, soʻrayotgan Tomonning milliy qonunchiligiga muvofiq jinoiy tajovuzning malakalanishi, qoʻllanilayotgan jinoiy qonun normasi matni va zarar miqdori toʻgʻrisida maʼlumotlar, agar u jinoyat sodir qilinganligi oqibatida yetkazilgan boʻlsa;
Jinoyat ishi doirasida bajarilishi zarur boʻlgan protsessual harakatlar yoki tezkor-qidiruv tadbirlarining batafsil roʻyxati.
2. Iltimosnoma bir oy muddatdan kechiktirilmay ijro qilinadi. Uni oʻz vaqtida bajarishga monelik qilgan hollarda, soʻrayotgan Tomon kechiktirmay, sabablari koʻrsatilib, xabardor etiladi.
6-modda
Iltimosnomani bajarishda soʻralayotgan prokuratura oʻz davlatining qonunchiligiga tayanadi.
7-modda
Maxsus qarorlar yoki vakolatli prokurorlarning sanksiyasi talab qilinadigan harakatlarni bajarish uchun, bunday qarorlar iltimosnoma tashabbuskori tomonidan qabul qilinadi. Soʻralayotgan tomon koʻrsatilgan qarorlarning asosliligini koʻrib chiqmaydi.
8-modda
Tomonlarning biri hududida jinoyat sodir etib, boshqa Tomonning hududida boʻlgan shaxslarni ushlab berish va ularning jinoiy taʼqibi doirasi bu davlatlarning milliy qonunchiligiga muvofiq hamda davlatlararo shartnomalarda oʻrnatilgan tartibda amalga oshiriladi.
9-modda
Bir nechta davlatlar hududida sodir qilingan jinoyatlarni tergov qilish toʻgʻrisida, shuningdek, bu ishlarning tergovi ustidan nazorat toʻgʻrisidagi masala Tomonlarning rahbarlari kelishuvi boʻyicha hal qilinadi.
Zarur hollarda, jinoyatlarni tez va har tomonlama tergov qilish uchun birgalikdagi tergov-tezkor guruhlari tuzilishi mumkin.
Birgalikdagi tergov-tezkor guruhlari aʼzolari bevosita bir-birlari bilan hamkorlik qiladilar, tergovning asosiy yoʻnalishlari, tergov harakatlarini kelishib oladilar, olingan axborot bilan almashadilar. Ular faoliyatini muvofiqlashtirish kelishuv boʻyicha birgalikdagi tergov guruhini tuzish tashabbuskori yoki uning aʼzolaridan biri tomonidan amalga oshiriladi.
Tergov harakatlari ular oʻtkazilayotgan Tomon hududidagi birgalikdagi tergov guruhi tomonidan amalga oshiriladi.
10-modda
Huquqiy yordam koʻrsatish masalalari boʻyicha oʻzaro munosabatlarda Tomonlar matnni rus tiliga majburiy tarjima qilgan holda davlat tilidan foydalanadilar. Tarjima vakolatli shaxsning imzosi va muhr bilan guvohlantirilishi lozim.
11-modda
Huquqiy yordam koʻrsatish bilan bogʻliq xarajatlar aniq harakatlar amalga oshirilayotgan hududdagi Tomon zimmasiga yuklatiladi.
12-modda
Tomonlar bir-birlariga jinoyat ishi qoʻzgʻatilganligi toʻgʻrisida va zarur boʻlganida tegishli Tomon fuqarolariga nisbatan qonuniy kuchga kirgan hukm toʻgʻrisida maʼlumot taqdim etadilar.
13-modda
Tomonlar idoraviy statistik axborot, metodik qoʻllanmalar, milliy qonunchilik toʻgʻrisida maʼlumotlar va ishlab chiqilayotgan qonun loyihalari, oʻzaro qiziqtirayotgan boshqa axborot bilan almashadilar, bir-birlariga moddiy-texnikaviy taʼminot masalalarini hal qilishda koʻmaklashadilar.
14-modda
Tomonlarning oʻzaro ahdlashuvi boʻyicha ushbu Bitimga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin, ular bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi va mazkur Bitimning ajralmas qismi hisoblanadi.
Ushbu Bitimning kuchga kirishi bilan Oʻzbekiston Respublikasi Prokuraturasi va Qirgʻiz Respublikasi Bosh prokuraturasi oʻrtasidagi 1994-yil 10-noyabr kungi huquqiy yordam va hamkorlik toʻgʻrisidagi Bitim oʻz kuchini yoʻqotadi.
15-modda
Har bir Tomon boshqa Tomon bergan konfidensial maʼlumotlarni saqlash boʻyicha zarur choralarni koʻradi, agar ular yopiq xaraktyerga ega boʻlsa yoki berayotgan Tomon uning mazmunini oshkor qilish kerak emas deb hisoblasa.
Tomonlarning biri mazkur Bitim doirasida olgan maʼlumot va xabarlarni uchinchi Tomonga berish zaruriyati boʻlsa, ushbu maʼlumot va xabarlarni berayotgan Tomonning roziligi talab qilinadi.
16-modda
Ushbu Bitimni qoʻllashda yoki izohlashda nizolar va kelishmovchiliklar paydo boʻlsa, Tomonlar ularni maslahat va muzokara oʻtkazish yoʻli bilan hal qiladilar.
17-modda
Ushbu Bitim imzolangan sanadan kuchga kiradi va 5 yil muddatga tuziladi. Ushbu Bitim avtomatik ravishda keyingi besh yillik davrlarga uzaytiriladi, agar Tomonlarning hech qaysisi navbatdagi besh yillik muddatning tugashiga kamida olti oy qolganida uning harakatini toʻxtatish toʻgʻrisida boshqa Tomonni yozma ravishda xabardor etmasa.
Ushbu Bitim oʻz harakatini Tomonlarning biridan uning harakatini toʻxtatish toʻgʻrisidagi boshqa Tomonga yuborilgan xabarnoma olingach, olti oydan keyin toʻxtatadi.
2006-yil 3-oktabrda Toshkent shahrida ikki asl nusxada, har biri oʻzbek, qirgʻiz va rus tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar bir xil kuchga ega.
Ushbu Bitimni izohlashda tushunmovchiliklar yuzaga kelgan holda Tomonlar rus tilidagi matnga tayanadilar.
(imzolar)
