18-modda. Daʼvolarni taqdim etish tartibi va muddati
Pochta aloqasi toʻgʻrisida (118-II-son) · Sana: 31.08.2000 · Amalda
Pochta aloqasi xizmatlarini koʻrsatish boʻyicha majburiyatlarni bajarmagan yoki lozim darajada bajarmagan hollarda foydalanuvchi operator yoki provayderga daʼvo taqdim etishi, shu jumladan yetkazilgan zarar qoplanishini talab qilishga haqli.
Pochta joʻnatmasini yetkazmaganlik (topshirmaganlik), oʻz vaqtida yetkazmaganlik yoki yoʻqotganlik (shikastlaganlik) yoxud oʻtkazilgan pul mablagʻlarini toʻlamaganlik toʻgʻrisidagi daʼvolar pochta joʻnatmasi yoki pul mablagʻlarining pochta oʻtkazmasi topshirilgan kundan eʼtiboran oʻn ikki oy davomida taqdim etiladi.
Daʼvolar yozma tarzda bayon etiladi va belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkazilishi shart.
Daʼvolarga yozma javoblar quyidagi muddatlarda berilishi kerak:
bir aholi punkti doirasida yuborilgan (oʻtkazilgan) pochta joʻnatmalari va pul mablagʻlarining pochta oʻtkazmasiga doir daʼvolarga — besh kun davomida;
boshqa barcha pochta joʻnatmalari va pul mablagʻlarining pochta oʻtkazmasiga doir daʼvolarga — bir oy davomida.
Operator yoki provayderlarga pochta joʻnatmasi qabul qilingan manzil boʻyicha ham, pochta joʻnatmasi yuborilishi belgilangan manzil boʻyicha ham daʼvolar taqdim etilishi mumkin.
Xalqaro pochta joʻnatmalarini qidirib topish boʻyicha daʼvolar Oʻzbekiston Respublikasining qonun hujjatlari hamda xalqaro shartnomalarida nazarda tutilgan tartib va muddatlarda qabul qilinadi va koʻrib chiqiladi.
