8-modda. Sugʻurta hodisasi hisoblanmaydigan fuqarolik javobgarligining yuzaga kelishi
Transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish toʻgʻrisida (O‘RQ-155-son) · Sana: 21.04.2008 · Amalda
Ushbu Qonunga muvofiq quyidagilar oqibatida fuqarolik javobgarligining yuzaga kelishi sugʻurta hodisasi hisoblanmaydi:
majburiy sugʻurta boʻyicha sugʻurta polisida (bundan buyon matnda sugʻurta polisi deb yuritiladi) koʻrsatilmagan transport vositasidan foydalanilganda zarar yetkazilganligi;
maʼnaviy zarar yetkazilganligi va (yoki) boy berilgan foydaning oʻrnini qoplash majburiyatining yuzaga kelganligi;
transport vositasidan maxsus ajratilgan joylarda musobaqalar, sinovlar yoki oʻquv mashqlari mobaynida foydalanilganda zarar yetkazilganligi;
atrof muhitning ifloslanganligi;
tashilayotgan yuk taʼsirida zarar yetkazilganligi, agar bunday javobgarlik majburiy sugʻurtaning tegishli turi toʻgʻrisidagi qonunchilikka muvofiq majburiy sugʻurta qilinishi lozim boʻlsa;
xodimlar xizmat yoki mehnat majburiyatlarini bajarayotganida ularning hayoti yoki sogʻligʻiga zarar yetkazilganligi, agar bu zararning oʻrni majburiy sugʻurtaning tegishli turi toʻgʻrisidagi qonunchilikka muvofiq qoplanishi lozim boʻlsa;
xodimga zarar yetkazilganligi tufayli kelib chiqqan zararning oʻrnini ish beruvchi tomonidan qoplash majburiyati;
yoʻlovchining hayoti, sogʻligʻi va (yoki) mol-mulkiga ziyon yetkazilganligi tufayli kelib chiqqan zararlarning oʻrnini tashuvchi tomonidan qoplash majburiyati;
haydovchining oʻzi boshqarayotgan transport vositasiga va uning tirkamasiga, ularda tashilayotgan yukka va (yoki) ularga oʻrnatilgan uskunalarga zarar yetkazganligi;
yukni ortish yoki tushirishda, shuningdek transport vositasi mazkur transport vositasining egasi boʻlgan korxona, muassasa yoki tashkilot hududida harakatlanayotganida zarar yetkazilganligi;
moddiy madaniy meros obyektlariga, nodir va boshqa noyob buyumlarga, qimmatbaho va yarim qimmatbaho toshlardan va metallardan ishlangan buyumlarga, diniy qadriyatga ega buyumlarga hamda intellektual faoliyatning boshqa mahsullariga, qimmatli qogʻozlarga, naqd pullarga, shu jumladan chet el valyutasiga shikast yetkazilganligi yoki ularning yoʻq qilinganligi;
jabrlanuvchilarning sugʻurta hodisasi yuzaga kelishiga qaratilgan qasddan qilingan harakatlari natijasida zarar yetkazilganligi.
