6-modda. Transport vositalari egalarining oʻz fuqarolik javobgarligini sugʻurta qilish majburiyati
Transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish toʻgʻrisida (O‘RQ-155-son) · Sana: 21.04.2008 · Amalda
Transport vositalari egalari transport vositalaridan foydalanishda boshqa shaxslarning hayoti, sogʻligʻi va (yoki) mol-mulkiga zarar yetkazganlik uchun oʻz fuqarolik javobgarligini ushbu Qonunda belgilangan tartibda va shartlarda sugʻurtalashlari shart.
Fuqarolik javobgarligini sugʻurta qilish majburiyati quyidagi transport vositalarining egalariga nisbatan tatbiq etilmaydi:
eng katta konstruktiv tezligi soatiga yigirma kilometrdan oshmaydigan transport vositalari;
tirkamalar va ikki, uch gʻildirakli yoki ish hajmi ellik kub santimetrgacha boʻlgan dvigatel yoki inson yoxud hayvon kuchi bilan harakatga keltiriladigan boshqa transport vositalari;
Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining transport vositalari, bundan Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining xoʻjalik faoliyatini taʼminlash uchun foydalaniladigan avtobuslar, yengil avtomobillar, boshqa transport vositalari mustasno;
chet davlatlarda roʻyxatdan oʻtkazilgan transport vositalari, agar ular egalarining fuqarolik javobgarligi Oʻzbekiston Respublikasi hududida amal qiladigan xalqaro majburiy sugʻurta tizimlari doirasida sugʻurtalangan boʻlsa.
Transport vositasiga egalik qilish huquqi vujudga kelganda (u mulk qilib operativ boshqarishga yoki boshqa qonuniy asosda olinganda) transport vositasi egasi unga egalik qilish huquqi vujudga kelgan kundan eʼtiboran oʻn kundan kechiktirmay oʻz fuqarolik javobgarligini sugʻurtalashi shart.
Ushbu Qonunga muvofiq fuqarolik javobgarligi boshqa shaxs tomonidan sugʻurtalangan transport vositalari egalariga nisbatan fuqarolik javobgarligini sugʻurta qilish majburiyati tatbiq etilmaydi.
Egalarining fuqarolik javobgarligi ushbu Qonunga muvofiq sugʻurtalanmagan transport vositalaridan Oʻzbekiston Respublikasi hududida foydalanishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Oʻzbekiston Respublikasi hududiga kirib kelganda va Oʻzbekiston Respublikasi hududida amal qiladigan xalqaro majburiy sugʻurta tizimlarining sugʻurta polislari mavjud boʻlmagan taqdirda, chet davlatlarda roʻyxatdan oʻtkazilgan va Oʻzbekiston Respublikasi hududida vaqtincha foydalanilayotgan transport vositalari egalari oʻz fuqarolik javobgarligini sugʻurtalashi shart.
