3-modda. Asosiy tushunchalar
Transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish toʻgʻrisida (O‘RQ-155-son) · Sana: 21.04.2008 · Amalda
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
jabrlanuvchi — transport vositasi boshqa shaxs tomonidan foydalanilayotganda hayoti, sogʻligʻi va (yoki) mol-mulkiga zarar yetkazilgan shaxs;
yoʻl-transport hodisasi toʻgʻrisidagi xabarnoma — sodir etilgan yoʻl-transport hodisasi haqida sugʻurtalovchiga xabar berish uchun yoʻl-transport hodisasi sodir etilgan joyda yoʻl-transport hodisasida ishtirok etgan haydovchilar tomonidan ixtiyoriy ravishda toʻldiriladigan, transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligi vujudga kelganligi faktini tasdiqlovchi hujjat;
kompensatsiya toʻlovlari — majburiy sugʻurta boʻyicha sugʻurta toʻlovini amalga oshirish mumkin boʻlmagan hollarda, jabrlanuvchilarning hayoti, sogʻligʻi va (yoki) mol-mulkiga yetkazilgan zararning oʻrnini qoplash hisobiga amalga oshiriladigan toʻlovlar;
sugʻurta hodisasi — transport vositasidan foydalanishda jabrlanuvchilarning hayoti, sogʻligʻi va (yoki) mol-mulkiga zarar yetkazilganligi uchun sugʻurta qildiruvchining yoki transport vositasi egasining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish shartnomasi boʻyicha javobgarligi sugʻurtalangan boshqa shaxsning fuqarolik javobgarligi yuzaga kelishi boʻlib, bu sugʻurtalovchining sugʻurta tovonini toʻlash majburiyatini keltirib chiqaradi;
sugʻurtalovchi — majburiy sugʻurta qilishga haqli tijorat tashkiloti boʻlgan yuridik shaxs;
sugʻurta qildiruvchi — sugʻurtalovchi bilan transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish shartnomasini tuzgan transport vositasi egasi;
sugʻurta summasi — muayyan summa boʻlib, sugʻurtalovchi sugʻurta tovonini (sugʻurta toʻlovini) sugʻurta shartnomasi boʻyicha ushbu summa doirasida toʻlash majburiyatini oʻz zimmasiga oladi;
transport vositasi — yoʻllarda odamlarni, bagajni, yuklarni yoki oʻziga oʻrnatilgan uskunalarni tashish uchun moʻljallangan qurilma;
transport vositasining egasi — transport vositasining mulkdori, shuningdek transport vositasiga operativ boshqarish huquqida yoxud boshqa qonuniy asosda (mulk ijarasi shartnomasi, transport vositasini boshqarish huquqini beruvchi ishonchnoma, tegishli organning mazkur shaxsga transport vositasini topshirish toʻgʻrisidagi farmoyishi va shu kabilar) egalik qiluvchi shaxs. Oʻz xizmat yoki mehnat majburiyatlarini bajarishi tufayli, shu jumladan transport vositasining mulkdori yoxud oʻzga egasi bilan mehnat shartnomasi yoki fuqarolik-huquqiy shartnomasi asosida transport vositasini boshqaruvchi shaxs transport vositasining egasi boʻlmaydi;
