202-modda. Transport vositalari egalarining va sugʻurtalovchilarning yoʻl-transport hodisasi toʻgʻrisidagi xabarnomani tuzish chogʻidagi harakatlari
Transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish toʻgʻrisida (O‘RQ-155-son) · Sana: 21.04.2008 · Amalda
Yoʻl-transport hodisasi toʻgʻrisidagi xabarnoma yoʻl-transport hodisasi ishtirokchisi boʻlgan hodisa sodir boʻlganidan keyin haydovchilar tomonidan darhol joyning oʻzida va ikki nusxada tuziladi.
Yoʻl-transport hodisasi toʻgʻrisidagi xabarnoma haydovchilarning fuqarolik javobgarligini sugʻurta qilgan sugʻurtalovchilarga quyidagi materiallar va hujjatlar ilova qilingan holda uch ish kuni ichida yuboriladi:
yoʻl-transport hodisasi joyining (avtotransport vositalari toʻqnashgan joyning (vaziyat oʻzgartirilmagan holdagi), transport vositalarining fotosurati va (yoki) videoyozuvi, transport vositalarining shikastlangan qismlarining fotosurati va (yoki) videoyozuvi;
haydovchilarning sugʻurta hodisasini toʻgʻridan-toʻgʻri hal etish toʻgʻrisidagi arizalari;
yoʻl-transport hodisasi sodir boʻlgan joydagi yoki unga yaqin joydagi narkologik dispanserda yoxud sogʻliqni saqlash organlari tomonidan belgilangan tuman va shahar davolash-profilaktika muassasasida yoʻl-transport hodisasi haqida xabarnoma tuzilgan paytdan eʼtiboran toʻrt soat ichida haydovchilarning mastlik holatini aniqlash boʻyicha tibbiy tekshiruv oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi bayonnoma;
yoʻl-transport hodisasida ishtirok etgan haydovchilarning transport vositasini boshqarish huquqini beruvchi hujjatlarining, transport vositalari roʻyxatdan oʻtkazilganligi haqidagi hujjatlarning koʻchirma nusxalari, shuningdek sugʻurta polisining koʻchirma nusxalari.
Haydovchilarning tanloviga koʻra aybdor tarafning sugʻurtalovchisidan sugʻurta tovonini olish maqsadida sugʻurta hodisasini toʻgʻridan-toʻgʻri hal etish toʻgʻrisidagi ariza oʻrniga sugʻurta tovonini toʻlash haqidagi ariza rasmiylashtirilib, aybdor tarafning sugʻurtalovchisiga murojaat qilinishi mumkin. Bunda ariza aybdor tarafning sugʻurtalovchisi tomonidan koʻrib chiqilishi lozim.
Yoʻl-transport hodisasi toʻgʻrisidagi xabarnomaning koʻchirma nusxasi sugʻurtalovchiga ushbu moddaning ikkinchi qismida koʻrsatilgan materiallar va hujjatlar ilova qilingan holda, sugʻurtalovchining dasturiy taʼminoti (mobil ilovasi) orqali elektron shaklda yuborilishi mumkin.
Haydovchilarning mastlik holatini tekshiruvdan oʻtkazish qiymati sugʻurtalovchi tomonidan majburiy sugʻurta shartnomasi boʻyicha oʻrni qoplanishi lozim boʻlgan zarar tarkibiga kiritiladi.
