3-modda. Asosiy tushunchalar
Odam savdosiga qarshi kurashish toʻgʻrisida (O‘RQ-154-son) · Sana: 17.04.2008 · Kuchini yo'qotgan
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
odam savdosiga qarshi kurashish — odam savdosining oldini olish, uni aniqlash, unga chek qoʻyish, uning oqibatlarini minimallashtirish, odam savdosidan jabrlanganlarga yordam koʻrsatish boʻyicha faoliyat;
odam savdosi — kuch bilan tahdid qilish yoki kuch ishlatish yoxud boshqa majburlash shakllaridan foydalanish, oʻgʻirlash, firibgarlik, aldash, hokimiyatni suiisteʼmol qilish yoki vaziyatning qaltisligidan foydalanish orqali yoxud boshqa shaxsni nazorat qiluvchi shaxsning roziligini olish uchun uni toʻlovlar yoki manfaatdor etish evaziga ogʻdirib olish orqali odamlardan foydalanish maqsadida ularni yollash, tashish, topshirish, yashirish yoki qabul qilish. Odamlardan foydalanish boshqa shaxslarning fohishaligidan foydalanishni yoki ulardan shahvoniy foydalanishning boshqa shakllarini, majburiy mehnat yoki xizmatlarni, qullik yoki qullikka oʻxshash odatlarni, erksiz holat yoxud inson aʼzolari yoki toʻqimalarini ajratib olishni anglatadi;
odam savdosi bilan shugʻullanuvchi shaxs — mustaqil ravishda yoki bir guruh shaxslar tarkibida odam savdosi bilan bogʻliq har qanday harakatni sodir etuvchi jismoniy yoki yuridik shaxs, shuningdek oʻz harakatlari bilan odam savdosiga koʻmaklashadigan, xuddi shuningdek garchi oʻz mansab vakolatlariga koʻra toʻsqinlik qilishi va qarshi kurashishi shart boʻlsa ham odam savdosiga toʻsqinlik qilmaydigan yoki qarshi kurashmaydigan mansabdor shaxs.
