12-modda. Odam savdosidan jabrlanganlarning xavfsizligini taʼminlash choralari va ularga beriladigan boshqa kafolatlar
Odam savdosiga qarshi kurashish toʻgʻrisida (O‘RQ-154-son) · Sana: 17.04.2008 · Kuchini yo'qotgan
Tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organning mansabdor shaxsi, tergovchi, prokuror, sudya odam savdosida gumon qilinayotgan shaxslarni aniqlash maqsadida huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlik qilish xohishini bildirgan odam savdosidan jabrlangan shaxsga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksida nazarda tutilgan xavfsizlik choralarini koʻradi.
Agar odam savdosidan jabrlangan chet el fuqarosi yoki fuqaroligi boʻlmagan shaxs Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksiga muvofiq jabrlanuvchi deb topilgan boʻlsa yoki jinoyat ishi boʻyicha guvoh boʻlsa yoxud odam savdosida gumon qilinayotgan shaxslarni aniqlashda tegishli organlarga yordam berayotgan boʻlsa, tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organ mansabdor shaxsining, tergovchining, prokurorning, sudyaning asoslantirilgan iltimosnomasiga koʻra bunday shaxsga nisbatan odam savdosida aybdor shaxslar xususida jinoyat ishi boʻyicha qaror chiqarilguniga qadar, deportatsiya choralari qoʻllanilishi mumkin emas. Bunda odam savdosidan jabrlangan shaxsga uning Oʻzbekiston Respublikasiga kirishi holatlaridan qatʼi nazar, Oʻzbekiston Respublikasida vaqtincha boʻlish huquqi berilishi kerak.
Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan xavfsizlik choralari quyidagi hollarda bekor qilinishi mumkin:
odam savdosidan jabrlangan qaysi shaxslarga nisbatan tezkor-qidiruv tadbirlari, tergovga qadar tekshiruv, dastlabki tergov yoki sud muhokamasi oʻtkazilayotgan boʻlsa, shu shaxslar bilan aloqani ularning majburlovisiz tiklagan boʻlsa;
shaxsning huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlik qilishga boʻlgan xohishi yolgʻon ekanligi yoxud shaxsning javobgarlikdan boʻyin tovlash usuli ekanligi ishonchli tarzda aniqlangan boʻlsa.
Odam savdosidan jabrlanganlar majburlov yoki tahdid ostida sodir etilgan qilmish uchun fuqarolik, maʼmuriy va jinoiy javobgarlikdan Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ozod qilinadi.
