Axborot sohasida hamkorlik toʻgʻrisida
18.04.2007
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Misr Arab Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bayonnoma
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Misr Arab Respublikasi Hukumati, bundan keyin “Tomonlar” deb ataluvchilar,
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Misr Arab Respublikasi Hukumati oʻrtasida madaniy hamkorlik toʻgʻrisida 2003-yil 6-noyabrda imzolangan Bitimga asoslanib,
Oʻzbekiston Respublikasi va Misr Arab Respublikasi oʻrtasidagi doʻstona aloqalarni mustahkamlash,
ikki mamlakat oʻrtasidagi oʻzaro hamkorlikni rivojlantirishni istab, Oʻzbekiston va Misr xalqlari oʻrtasidagi oʻzaro anglashuvni mustahkamlashda ommaviy-axborot vositalarining ahamiyatiga ishonch bildirib,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda Dasturlar ayirboshlash
Tomonlar oʻz teletomoshabinlarini ikki mamlakatning ijtimoiy, madaniy, diniy va iqtisodiy sohadagi hayoti bilan tanishtirish maqsadida oʻzaro radio va televideniye dasturlari, shu jumladan, bolalar uchun dasturlar bilan ayirboshlashni qoʻllab-quvvatlaydilar.
2-modda
Tomonlar ikki mamlakat Milliy bayramlari va tantanalari munosabati bilan oʻzaro radio va televizion dasturlar ayirboshlashni qoʻllab-quvvatlaydilar.
Ayirboshlanadigan dasturlar efirga uzatishdan kamida 20 kun ilgari joʻnatilishi lozim.
3-modda
Har bir Tomon ayirboshlangan dasturlardan ushbu dasturlarning asl maʼnosini oʻzgartirmasdan foydalanish huquqiga ega.
Ushbu dasturlar bepul ayirboshlanadi.
Joʻnatuvchi Tomon ayirboshlangan dasturlarning mualliflik huquqini ikkala davlatning milliy tartib-qoidalariga muvofiq taʼminlaydi.
Bir Tomon dasturlarining mazmuni boshqa Tomon davlatining amaldagi qonun hujjatlariga zid boʻlmasligi lozim.
Tomonlar roziligisiz ayirboshlangan dasturlarni uchinchi tomonga berish yoki tijorat maqsadida foydalanish taqiqlanadi.
4-modda Yoʻldoshli aloqa kanallari
Tomonlar yoʻldoshli aloqa kanallari orqali toʻgʻridan toʻgʻri yoki oldindan yozib olingan dasturlarni qabul qilishda oʻzaro hamkorlik qiladilar.
Tomonlar Milliy bayramlar va muhim tantanalar munosabati bilan oʻzaro toʻgʻridan toʻgʻri televizion xabarlar bilan almashishda bir-birlariga yordam beradilar.
Tomonlar “Asia Sat 2” Yerning sunʼiy yoʻldoshi orqali Misr yoʻldoshli aloqa kanallari koʻrsatuvlarini qabul qilishni qoʻllab-quvvatlaydilar.
5-modda Tijorat asosida hamkorlik va qoʻshma ishlab chiqarish
Tomonlar televizion dasturlarni tijorat asosida ayirboshlashni qoʻllab-quvvatlaydilar.
Tomonlar vakolatli tashkilotlari oʻrtasidagi maxsus shartnomalar asosida hamkorlikda teledasturlar yaratishni qoʻllab-quvvatlaydilar va rivojlantiradilar.
Tomonlar oʻzaro kelishuv asosida bir-birlarini arxiv videomateriallari bilan oʻzlarining milliy qonun hujjatlari doirasida taʼminlaydilar.
6-modda Tashriflar va malaka oshirish
Tomonlar fikr almashish va hamkorlikni rivojlantirish maqsadida ikki mamlakat ommaviy axborot vositalari rahbarlarining oʻzaro tashriflarini qoʻllab-quvvatlaydilar.
Joʻnatuvchi Tomon safarga borish-kelish xarajatlarini va kutib oluvchi Tomon mehmonxona va mamlakat ichidagi transport xarajatlarini koʻtaradi. Safar muddati oldindan kelishib olinadi.
Tomonlar boshqa tomonning rasmiy ijodiy guruhlariga yordam beradilar. Bunday yordamning shartlari har bir holda Tomonlar tomonidan alohida koʻrib chiqiladi.
Tomonlar ikki mamlakatdagi joriy malaka oshirish imkoniyatlaridan toʻliq foydalanishni qoʻllab-quvvatlaydilar.
7-modda Axborot markazlari
Tomonlar Toshkentda Yaqin Sharq axborot agentligining (MENA) vakolatxonasini va Qohirada Oʻzbekiston Milliy axborot agentligining vakolatxonasini ochishni qoʻllab-quvvatlaydilar.
Tomonlar ikki mamlakat matbuot institutlari oʻrtasidagi hamkorlikni qoʻllab-quvvatlaydilar.
8-modda Axborot haftaliklari va koʻrgazmalar
Tomonlar turli sohadagi muvaffaqiyatlarini yoritib beruvchi nashrlar, badiiy koʻrgazmalar va hujjatli filmlar yordamida ikki mamlakat xalqlarini bir-biriga keng va chuqurroq tanishtirish maqsadida axborot haftaliklarini oʻtkazishni qoʻllab-quvvatlaydilar.
Tomonlar vakolatli tashkilotlari oʻrtasida kelishuvlar asosida ikkala mamlakatda maʼlum muddatlarda Oʻzbekiston va Misr filmlari haftaliklarini oʻtkazadilar.
Tomonlar ikki mamlakat hayotining turli sohalarini yorituvchi madaniy va axborot koʻrgazmalarini tashkil etishni qoʻllab-quvvatlaydilar.
9-modda
Tomonlar oʻz imkoniyatlari doirasida ikki mamlakatda oʻtkaziladigan televizion konkurslar, festivallar va madaniy koʻrgazmalarda ishtirok etadilar. Batafsil maʼlumotlar diplomatik kanallar orqali kelishiladi.
10-modda
Ushbu Bayonnomaning qoidalarini qoʻllash va talqin qilishda yuzaga keladigan nizo va kelishmovchiliklar Tomonlar oʻrtasida maslahatlashuv va muzokaralar orqali hal etiladi.
Ushbu Bayonnoma imzolangan kundan kuchga kiradi va uch yil muddatda amal qiladi hamda Tomonlardan biri uning amal qilinishini toʻxtatish niyati toʻgʻrisida boshqa Tomonni navbatdagi muddat tugashidan uch oy ilgari yozma ravishda xabardor qilmasa, keyingi uch yillik davrlarga oʻz-oʻzidan uzaytiriladi.
Tomonlar ushbu Bayonnomaga oʻzaro yozma kelishuvi asosida zarur qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritishlari mumkin.
Qohira shahrida 2007-yil 18-aprelda ikki asl nusxada har biri oʻzbek, arab va ingliz tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar bir xil kuchga ega. Ushbu Bayonnoma qoidalarini talqin etishda kelishmovchiliklar yuzaga kelgan holda ingliz tilidagi matnga amal qilinadi.
(imzolar)
