Atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida hamkorlik toʻgʻrisida
03.11.2007
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI TABIATNI MUHOFAZA QILISh DAVLAT QOʻMITASI BILAN XITOY XALQ RESPUBLIKASINING ATROF-MUHITNI MUHOFAZA QILISh BOʻYIChA DAVLAT BOShQARMASI OʻRTASIDA
Anglashuv Memorandumi
Oʻzbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi va Xitoy Xalq Respublikasining Atrof-muhit muhofazasi boʻyicha davlat boshqarmasi, bundan keyin “Tomonlar” deb ataluvchilar,
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Xitoy Xalq Respublikasi Hukumati oʻrtasida atrof-muhitni muhofaza qilish toʻgʻrisidagi 1997-yil 11-dekabrda imzolangan Bitimni inobatga olgan holda,
atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari mintaqaviy va global xususiyatini, shuningdek, xalqaro hamkorlik yoʻli bilan oʻzaro harakatlarni samarali hal etish va muvofiqlashtirish masalalarini qidirish zaruratini anglagan holda,
Tomonlarning milliy qonunchiligi doirasida atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi masalalar boʻyicha turli xalqaro majburiyatlarni bajarilishida bir-birlarini qoʻllab-quvvatlash va yordam koʻrsatishda hamkorlikning dolzarbligini inobatga olgan holda,
atrof-muhitni muhofaza qilish va barqaror rivojlanish sohasidagi oʻzaro manfaatli hamkorlik ikki davlat oʻrtasida doʻstona munosabatlarni mustahkamlanishiga amin boʻlgan holda,
quyidagilar toʻgʻrisida ahdlashib oldilar:
1-modda
Tomonlar tenglik va oʻzaro manfaatdorlik prinsiplariga asoslangan holda, atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi oʻzaro hamkorlikni mustahkamlaydilar.
2-modda
Tomonlar hamkorlikning quyidagi ustuvor yoʻnalishlarini koʻrib chiqishga kelishdilar:
(1) atrof-muhitni muhofaza qilish borasida faoliyatni ragʻbatlantirish;
(2) atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida sanoat va texnologiyalarni rivojlantirish;
(3) atrof-muhit ifloslanishining oldini olish va bartaraf etish hamda ekologik toza ishlab chiqarishni qoʻllab-quvvatlash;
(4) biologik xilma-xillikni himoya qilish;
(5) jamoatchilikning atrof-muhitni muhofaza qilish borasidagi ijtimoiy ongini shakllantirish boʻyicha aholi bilan ishlash;
(6) atrof-muhit monitoringi va atrof-muhitga taʼsir qilishni baholash;
(7) hamkorlikning boshqa kelishilgan yoʻnalishlari.
3-modda
Hamkorlik mazkur Memorandum doirasida, quyidagi shakllarda amalga oshiriladi:
(1) atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari boʻyicha axborot va maʼlumotlar almashinuvi;
(2) rasmiy delegatsiyalar, mutaxassislar va olimlarning tashriflari almashinuvi;
(3) olimlar, mutaxassislar va boshqa manfaatdor shaxslar ishtirokida birgalikda simpoziumlarni oʻtkazish;
(4) hamkorlikning kelishilgan boshqa shakllari.
4-modda
Mazkur Memorandumning qoidalarini bajarish maqsadida, Tomonlar davlat organlari va jamoat tashkilotlari tomonidan atrof-muhitni muhofaza qilish bilan bogʻliq boʻlgan tadbirlar oʻtkazilishini qoʻllab-quvvatlaydilar.
5-modda
1. Tomonlarning har biri mazkur Memorandumni bajarilishi uchun boʻlim boshligʻi darajasidagi masʼul muvofiqlashtiruvchini tayinlaydi.
2. Tomonlar ushbu Memorandum bajarilishi bilan bogʻliq boʻlgan xarajatlarni mustaqil ravishda amalga oshiradilar.
3. Tomonlar muayyan dastur va / yoki loyihalarni amalga oshirish uchun har bir holatda alohida bitimlar tuzishadi.
6-modda
Mazkur Memorandum Tomonlarning boshqa xalqaro shartnomalaridan kelib chiqadigan huquq va majburiyatlariga taʼsir etmaydi.
7-modda
Ushbu Memorandumni talqin etishda yuzaga keladigan bahs va kelishmovchiliklar Tomonlar oʻrtasida muzokara va maslahatlashuvlar oʻtkazish yoʻli bilan hal etiladi.
8-modda
Tomonlarning oʻzaro roziligi bilan mazkur Memorandumga uning ajralmas qismi hisoblanadigan alohida protokollar bilan rasmiylashtiriladigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.
9-modda
Ushbu Memorandum imzolangan kundan boshlab kuchga kiradi va besh yil mobaynida amal qiladi. Tomonlarning biri uning amal qilish muddatini toʻxtatish istagi yuzaga kelsa, u holda mazkur Tomon Memorandum amal qilishining navbatdagi besh yillik davri tugagunga qadar, kamida 90 kun oldin bu toʻgʻrisida boshqa tomonni yozma ravishda xabardor qiladi. Boshqa hollarda, uning amal qilishi oʻz-oʻzidan keyingi besh yillik muddatlarga uzayadi.
Mazkur Memorandum amal qilishining toʻxtatilishi, uning amal qilish davrida boshlangan hamda uning amal qilishi toʻxtagan vaqtda nihoyasiga yetmagan loyiha va dasturlarning ijrosiga taʼsir qilmaydi.
2007-yilning 3-noyabrida Toshkent shahrida, ikki asl nusxada, har biri oʻzbek, xitoy va rus tillarida imzolangan boʻlib, barcha matnlar bir xil kuchga egadirlar.
Bitim qoidalarini talqin qilishda kelishmovchiliklar yuzaga kelgan hollarda, rus tilidagi matn ustuvor hisoblanadi.
(imzolar)
