Iqtisodiy va gumanitar hamkorlikning asosiy yoʻnalishlari toʻgʻrisida
25.01.2007
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Singapur Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Singapur Respublikasi Hukumati, bundan buyon “Tomonlar” deb ataluvchilar,
ikki davlat imkoniyatlaridan samarali foydalanish hamda oʻz xalqlarining turmush tarzini koʻtarish maqsadida oʻzaro savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va gumanitar hamkorlikni rivojlantirish va mustahkamlash niyatida,
shartnomaviy-huquqiy asosni hamda oʻz xalqlari oʻrtasida oʻzaro manfaatdorlik, uzoq muddatli va barqarorlik asosida savdo-iqtisodiy, sanoat, ilmiy-texnikaviy va gumanitar hamkorlikni oʻzaro rivojlantirish sharoitlarini yaratish maqsadida,
xalqaro huquqning amaldagi normalari, teng huquqlilik, oʻzaro manfaat prinsiplariga muvofiq hamda har bir davlatning amaldagi qonunlari doirasida,
quyidagilar toʻgʻrisida ahdlashib oldilar:
1-modda
Tomonlar ikki mamlakatning taraqqiyoti yoʻlida savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va gumanitar aloqalarni rivojlantirish, mustahkamlash va kengaytirish maqsadida barcha imkoniyatlaridan foydalanadilar.
Tomonlar oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va gumanitar hamkorlik Tomonlarning strategik manfaatlariga javob beradigan uzoq muddatli hamkorlik, tenglik, oʻzaro manfaat prinsiplariga asoslanadi.
2-modda
Singapur tomoni, Jahon Savdo Tashkilotining aʼzosi boʻlganligi sababli, Oʻzbekiston Respublikasining mazkur tashkilotga kirishi masalasida oʻquv mashgʻulotlari va maslahatlar oʻtkazish yoʻli bilan koʻmaklashishi va qoʻllab-quvvatlashi mumkin.
3-modda
Tomonlar oʻrtasida savdoga koʻmaklashish maqsadida, A ilovada keltirilgan import va eksport qilinadigan tovarlarga nisbatan quyidagilar toʻgʻrisida kelishildi:
(1) Oʻzbekiston Respublikasi Singapur Respublikasiga nisbatan, Mustaqil davlatlar hamdoʻstligidan tashqari, boshqa davlatlarga qoʻllaniladigan eng qulay rejimdan kam boʻlmagan rejimni qoʻllaydi;
(2) Singapur Respublikasi Oʻzbekiston Respublikasiga nisbatan Tariflar va Savdo boʻyicha Bosh Bitim doirasidagi Singapurning Tarif imtiyozlari jadvaliga muvofiq belgilangan eng qulay rejimdan kam boʻlmagan rejimni qoʻllaydi.
Mazkur majburiyat ushbu Bitim kuchga kirgan sanadan uch oy oʻtganidan soʻng kuchga kiradi.
Bojxona bojlari deganda tovarlarning import yoki eksporti bilan bogʻliq barcha bojlar yoki turli xil toʻlovlar hamda shunday import yoki eksportga doir qoʻshimcha soliqlar yoki qoʻshimcha toʻlovlar tushuniladi, biroq ular quyidagilarni oʻz ichiga olmaydi:
(1) ichki soliqlarga tenglashtirilgan toʻlovlar, yaʼni aksiz soliqlari hamda tovarlar va xizmatlardan undiriladigan soliqlar;
(2) advolor asosda qoʻllanilmaydigan toʻlovlar, bunda ular koʻrsatilgan xizmatning taxminiy tannarxiga teng boʻlishi hamda mahalliy mahsulotni bilvosita himoya qiladigan va moliyaviy maqsadlarda import yoki eksportga soliq solish tarzida boʻlmasligi lozim.
Tomonlar oʻrtasida ayrboshlanadigan tovarlarning tasniflanishi Tovarlarning uygʻunlashtirilgan tavsifi va kodlashtirilgan tizimiga muvofiq amalga oshiriladi.
4-modda
Mavjud savdo-iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy hamkorlik darajasini inobatga olib, Tomonlar quyidagi sohalarda xususiy sektorda tadbirkorlik hamkorligini qoʻllab-quvvatlaydilar:
— yengil sanoat;
— elektrotexnika sanoati;
— transport sanoati;
— energetika sanoati, shu jumladan uchinchi davlatlar bozorida birgalikdagi faoliyat;
— sogʻliqni saqlash va farmatsevtika sanoati;
— kimyo va neft-kimyo sanoati;
— bojxona rasmiyatchiliklari;
— axborot va kommunikatsiya texnologiyalari;
— turizm;
— kichik va xususiy tadbirkorlik; va
— taʼlim va mutaxassislarni oʻzaro manfaatli turli yoʻnalishlarda tayyorlash.
5-modda
Ikki mamlakat oʻrtasidagi hamkorlikni rivojlantirish, mustahkamlash va kengaytirish maqsadida Tomonlar quyidagilar boʻyicha qoʻllab-quvvatlaydilar, koʻmaklashadilar va odimlatishga intiladilar:
— davlat organlari, ishbilarmon doiralar, professional va ilmiy-madaniy tashkilotlar, agentliklar va uyushmalar hamda savdo-sanoat palatalari oʻrtasida hamkorlikni oʻzaro manfaatli maʼlumotlar almashish bilan ragʻbatlantirish, shuningdek savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va gumanitar aloqalar masalalari boʻyicha delegatsiyalar hamda ular vakillarining tashriflari bilan oʻzaro almashishni qoʻllab-quvvatlash;
— Tomonlar davlatlari hududlarida oʻtkaziladigan savdo yarmarkalar va koʻrgazmalar, biznes uchrashuvlar, seminarlar, simpoziumlar, konferensiyalar, davra suhbatlari va boshqa shu kabi tadbirlarda ishtirok etish;
— marketing va konsalting xizmatlari boʻyicha oʻzaro manfaatli sohalarda hamkorlik qilish;
— Tomonlar moliyaviy institutlar oʻrtasida aloqalarni va hamkorlikni mustahkamlash;
— investitsiya faoliyati;
— kichik va xususiy tadbirkorlik subyektlari oʻrtasida hamkorlik; hamda
— Tomonlar oʻrtasida hamkorlikning boshqa kelishilgan shakllari.
6-modda
Tomonlar zarur hollarda eksport nazorati masalalari boʻyicha hamkorlik qilish maqsadida ikki xil maqsadda foydalanilishi mumkin boʻlgan tovarlarga nisbatan maslahatlashuvlar oʻtkazadilar.
7-modda
Tovarlarni yetkazib berish va xizmatlar koʻrsatish borasidagi barcha toʻlovlar, erkin muomaladagi valyutada yoki shartnoma tomonlari oʻzga tarzda kelishgan boʻlsalar istalgan boshqa valyutada tegishli Tomon davlati hududida amalda boʻlgan valyuta almashinuvi toʻgʻrisidagi qonunlarga muvofiq amalga oshiriladi.
8-modda
Tomonlar uzoq muddatga moʻljallangan gumanitar sohani rivojlantirish boʻyicha barcha muhim chora-tadbirlarni, asosan quyidagi sohalarda amalga oshiradilar:
— sogʻliqni saqlash;
— taʼlim va kadrlar bilan almashish;
— madaniyat;
— sport;
— turizm; hamda
— va boshqa oʻzaro manfaatli hamkorlik sohalari.
9-modda
Tomonlar oʻzlarining anʼanaviy turizm, ekoturizm, piyoda turizmi, togʻ turizmi, suv turizmi, ot turizmi, velosiped turizmi, ekstremal turizm, changʻi turizmi, avtomototurizm va turizmning boshqa yoʻnalishlarida xizmat koʻrsatuvchilari oʻrtasida hamkorlikni ragʻbatlantiradilar.
Sport tadbirlariga, musiqiy va teatrlashtirilgan festivallarga va boshqa tadbirlarga tashrif buyurish uchun, Tomonlar jamoaviy va yakka turizmga, shu jumladan tibbiyot maqsadida, shuningdek ixtisoslashgan guruhlar bilan almashishga koʻmaklashadilar.
10-modda
Tomonlar bir-birlarining davlat tillarini, adabiyotini, tarixini va geografiyasini oʻrganishni istagan shaxslarga koʻmaklashadilar.
Tomonlar Oʻzbekiston Respublikasi va Singapur Respublikasi oʻzlarining oliy taʼlim muassasalari oʻrtasida gumanitar fanlar va texnologiyalar sohalaridagi hamkorlikni, shu jumladan mutaxassislar almashuvini va qoʻshma tadqiqot ishlarini oʻtkazishni qoʻllab-quvvatlaydilar.
11-modda
Tomonlar, ikki tomonlama tovar va xizmatlar almashuvini yengillashtirish maqsadida, ilmiy ishlar natijalarini va sertifikatlarini tan olish uchun tegishli chora-tadbirlarni amaldagi milliy qonunlarga muvofiq amalga oshiradilar.
Tomonlar fan va texnologiya, standartlashtirish, metrologiya va akkreditatsiya sohalarida idoralararo hamkorlikni milliy qonunlar asosida ragʻbatlantiradilar.
12-modda
Tomonlar Oʻzbekiston va Singapur xalqlarining koʻp asrlik madaniy va maʼnaviy qadriyatlariga asoslangan holda madaniy hamkorlikni bundan keyin ham oʻzaro rivojlanishini davom ettiradilar.
Har bir Tomon oʻz davlatining rezidentiga boshqa Tomonning madaniy yutuqlaridan foydalanishga imkoniyat yaratib beradi.
Tomonlar oʻzlarining madaniy muassasalari va jamoat tashkilotlari oʻrtasida bevosita hamkorlikni va aloqalarni rivojlantirishga, mustahkamlashga va kengaytirishga hamda ular oʻrtasida tajriba almashishga koʻmaklashadilar.
13-modda
Tomonlar ushbu Bitimda nazarda tutilgan masalalarni tartibga solishga yoʻnaltirilgan yangi qonunlar boʻyicha maʼlumotlarni hamda boshqa oʻzaro manfaatli maʼlumotlarni oʻzaro almashadilar.
14-modda
Tomonlarning oʻzaro kelishuviga muvofiq, ushbu Bitimning ajralmas qismi hisoblanadigan alohida bayonnomalar bilan rasmiylashtiriladigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar Bitimga kiritilishi mumkin. Bu kabi bayonnomalar ushbu Bitimning 16-moddasi 1-bandiga muvofiq kuchga kiradi.
15-modda
Ushbu Bitimning qoʻllanilishi va talqin etilishi bilan bogʻliq nizolar muzokara va maslahatlashuvlar oʻtkazish yoʻli bilan hal etiladi.
16-modda
1. Ushbu Bitimning kuchga kirishi uchun davlat ichki protseduralarini bajarganliklari toʻgʻrisida Tomonlar tomonidan oxirgi yozma xabarnoma olingan muddatda kuchga kiradi.
2. Ushbu Bitim cheklanmagan muddatga tuzildi.
3. Istalgan Tomon boshqa Tomonni yozma shaklda xabardor qilganidan soʻng Bitimni toʻxtatishi mumkin. Bu holatda Bitimning amal qilishi ikkinchi Tomon ushbu haqida xabarnoma olgan oydan soʻng keluvchi oltinchi oyning birinchi kunida toʻxtatiladi.
(imzolar)
Bitimning 3-moddasida keltirilgan ilova A
(Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalari toʻplami, 2007-y., 4-son)
