19-modda. Atrof muhitni, arxitektura va shaharsozlik sanʼati yodgorliklarini shaharsozlik jihatidan muhofaza qilish
Arxitektura va shaharsozlik toʻgʻrisida (174-I-son) · Sana: 22.12.1995 · Amalda
Har bir aholi punkti mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan shaharsozlik faoliyati va tabiiy omillarning oʻzaro taʼsirini tartibga soluvchi, xavfli tabiiy jarayonlar va ifloslanishning oldini oluvchi atrof muhit ekologik muvozanatining kompleks dasturi bilan taʼminlanadi.
Tarixan shakllangan aholi punktlarini shaharsozlik jihatidan muhofaza qilish maxsus vakolat berilgan davlat organi zimmasiga yuklatiladi. Shaharsozlik jihatidan muhofaza qilish arxitektura, landshaft sanʼati va arxeologiya yodgorliklarini, aholi punktlarining bosh rejalari tarkibida ishlab chiqiladigan anʼanaviy turar joy muhitidagi arxitektura-etnografiya zonalarini, tarixiy, muhofaza, qoʻriqxona zonalarini tadqiq etib borish hamda kompleks qayta qurish va qayta tiklash yoʻli bilan amalga oshiriladi.
Arxitektura va arxeologiya yodgorliklarini taʼmirlash-qayta tiklash ishlarini olib borish, ularning tarixiy-badiiy qimmatiga putur yetkazmagan holda hozirgi zamon maqsadlarida foydalanish hamda ularni muhofaza qilish tartibi qonun hujjatlari bilan belgilanadi.
Qoʻriqxona zonalari (arxeologik, arxitektura-etnografik, landshaft, tarixiy-koʻrgazmali va boshqa zonalar), ularning chegaralari va ularni qoʻriqlash hamda ulardan foydalanishning alohida shartlari mahalliy davlat hokimiyati organlarining taqdimnomasi boʻyicha Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanishi lozim.
Qoʻriqxona-shaharlarda va arxitektura yodgorliklari mavjud boʻlgan joylarda shaharsozlik ishlari ularning arxitektura-shaharsozlik hujjatlarida belgilab qoʻyiladigan nazorat ostidagi chegaralari doirasida tarixan shakllangan muhandislik-geologik, gidrogeologik va geoekologik sharoitlariga putur yetkazmasligi lozim.
Qoʻriqlanadigan zonalar, arxitektura yodgorliklari doirasidagi barcha qurilish, obodonlashtirish va qayta qurish ishlari, ularni umumiy tartibda, shuningdek tarix va madaniyat yodgorliklarini muhofaza qilish organlari bilan kelishib olinganidan soʻng belgilanadi.
