17-modda. Shahar va qishloq aholi punktlarini joylashtirish va rivojlantirish
Arxitektura va shaharsozlik toʻgʻrisida (174-I-son) · Sana: 22.12.1995 · Amalda
Yangi aholi punktlarini joylashtirish va mavjudlarini rivojlantirish aholi punktlarining (shaharlar, shahar posyolkalari, qishloqlar, ovullar va boshqa yashash joylarining) normativ jihatdan farqlanishiga, reja-iqtisodiy va shaharsozlik istiqbollariga, Oʻzbekiston Respublikasining hududiy tashkil etilishi chizmasiga, hududiy rejalashtirish chizmalari va loyihalari, bosh rejalarga, shuningdek shahar va qishloq aholi punktlarini rejalash va qurish loyihalariga muvofiq amalga oshiriladi.
Shahar va qishloq aholi punktlarini tashkil etish hamda qayta tashkil etish, ularning maqomi va chegaralarini oʻzgartirish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda hamda tasdiqlangan shaharsozlik loyiha hujjatlari asosida amalga oshiriladi.
Aholi punktlari chegaralari doirasidagi barcha yerlar, ularning funksional maqsadi va idoraviy boʻysunuvidan qatʼi nazar, ulardan foydalanishni tasdiqlangan bosh rejaga muvofiq tartibga solib turadigan mahalliy davlat hokimiyati organlari tasarrufida boʻladi.
Shaharlarning (posyolkalarning) hududiy rejalashtirish loyihalari va bosh rejalariga muvofiq, hududiy rivojlantirish hisobga olingan holda aholi punktlarining chegaralari aniqlab qoʻyilgan shahar (posyolka) doirasi belgilanadi.
