14-modda. Arxitektura-shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiquvchilarning huquqlari va burchlari
Arxitektura va shaharsozlik toʻgʻrisida (174-I-son) · Sana: 22.12.1995 · Amalda
Respublika hududida arxitektura-shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish huquqini beruvchi tegishli litsenziyaga ega boʻlgan yuridik va jismoniy shaxslar arxitektura-shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiquvchilar boʻlishlari mumkin.
Arxitektura-shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiquvchilar:
buyurtmachilar hamda arxitektura va shaharsozlik boʻyicha davlat boshqaruv organlari bilan kelishilgan holda, belgilangan tartib doirasida ishlab chiqiladigan hujjatlarning tarkibi va hajmini belgilash;
buyurtma olish uchun tanlovlarda qatnashish;
qabul qilingan loyiha yechimlarining bajarilishi ustidan mualliflik nazoratini amalga oshirish;
qurilish, montaj qilish ishlari va maxsus ishlar tasdiqlangan loyiha hujjatlarini, normativ talablarni buzgan holda va odamlar hayoti hamda sogʻligʻiga, tarixiy va madaniy boyliklarga, shu jumladan arxitektura va shaharsozlik yodgorliklariga, tabiiy landshaftlarga zarar yetkazishga va ularning yoʻqolib ketishiga xavf tugʻdiradigan, shuningdek yuridik va jismoniy shaxslarning mulkiga, huquqlari hamda manfaatlariga, davlat manfaatlariga zarar yetkazadigan tarzda bajarilgani taqdirda, bunday ishlarni toʻxtatib qoʻyish yoki toʻxtatib turish;
zarurat boʻlgan taqdirda arxitektura-shaharsozlik hujjatlariga belgilangan tartibda oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish huquqiga egadirlar.
Arxitektura-shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiquvchilar ushbu Qonun hamda arxitektura va shaharsozlik sohasidagi boshqa qonunlarning talablariga rioya etishlari shart.
