7-modda
Fuqarolarning oʻzaro qatnovlari va chegaraboʻyi viloyatlarida yashovchi fuqarolarga yengillashtirilgan qatnov tartibi toʻgʻrisida · Sana: 19.11.2004 · Amalda
1. Oʻzbekiston Respublikasining Xorazm va Buxoro viloyatlarida, shuningdek Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Surxondaryo hamda Qashqadaryo viloyatlarining (ushbu Protokolning 3-ilovasi) Turkmaniston chegarasiga bevosita tutashgan tumanlarida doimiy istiqomat qiluvchi, Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining yangi shakldagi pasportlari va Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining amaldagi eski shakldagi pasportlariga ega boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari Turkmanistonning Dashouz va Lebop viloyatlariga bir oyda bir marta vizasiz kirishlari, chiqishlari va unda koʻpi bilan uch kun boʻlishlari mumkin.
2. Turkmanistonning Dashouz va Lebop viloyatlarida doimiy istiqomat qiluvchi Turkmaniston fuqarolari, Oʻzbekiston Respublikasining Xorazm va Buxoro viloyatlariga, shuningdek Turkmanistonning davlat chegarasiga bevosita tutashgan Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlarining rayonlari (ushbu Protokolning 3-ilovasi) hududlariga bir oyda bir marta vizasiz kirishlari, chiqishlari hamda unda koʻpi bilan uch kun boʻlishlari mumkin.
Ushbu bandda koʻrsatilgan fuqarolar, Turkmaniston fuqarolarining haqiqiy pasportlari yoki Turkmanistondan chiqib ketish va Turkmanistonga kirish uchun Turkmaniston fuqarolarining haqiqiy pasportlari va yashash joylarini tasdiqlovchi hujjatlar bilan chegarani kesib oʻtish huquqiga egadirlar.
3. Ramazon hayiti (Ramazon) va Qurbon hayiti (Qurbon bayram) kunlari anʼanaviy marosimlarni bajarish maqsadida ushbu moddaning amal qilishi tatbiq etiladigan fuqarolar ushbu moddaning 1- va 2-bandlarida qayd etilgan Tomonlar davlatlarining hududlariga bir oyda ikki marta vizasiz kirishlari, chiqishlari, lekin koʻpi bilan yetti kun unda boʻlishlari mumkin.
4. Ushbu moddada qayd etilgan fuqarolarning yashash joylari Tomonlar davlatlari fuqarolarining pasportlarida propiska toʻgʻrisida qoʻyiladigan belgilar asosida aniqlanadi.
5. Ushbu moddada koʻrsatilgan Tomonlar davlatlari fuqarolarining boshqa Tomon davlati hududida ushbu moddada belgilangan muddatlardan koʻp boʻlishlari oʻrnatilgan tartibda rasmiylashtirilgan vizalar asosida amalga oshiriladi.
6. Ushbu moddaning amal qilishi tatbiq etiladigan ikkala Tomon davlatlarining fuqarolari xalqaro aloqalar uchun belgilangan oʻtkazish punktlari orqali davlat chegarasidan oʻtish vaqtida Tomonlarning milliy qonunlariga muvofiq zarur boʻlgan protseduralarga rioya qilgan holda boshqa Tomon davlati hududiga kirishlari va ushbu hududdan chiqishlari mumkin.
