Hisob-kitoblar maʼlumotnomasini rasmiylashtirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga qoʻshimcha kiritish haqida (1137-3-son)
05.03.2008
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI MARKAZIY BANKI BOShQARUVI OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI DAVLAT BOJXONA QOʻMITASINING
QARORI
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2008-yil 5-martda 1137-3-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazildi]
Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki toʻgʻrisida”, “Valyutani tartibga solish toʻgʻrisida” (yangi tahriri), “Davlat bojxona xizmati toʻgʻrisida”gi qonunlariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvi hamda Davlat bojxona qoʻmitasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvi hamda Davlat bojxona qoʻmitasining 2002-yil 24-apreldagi 215-V va 02/19-10-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Hisob-kitoblar maʼlumotnomasini rasmiylashtirish tartibi toʻgʻrisidagi nizom”ga (2002-yil 14-may, roʻyxat raqami 1137 — Meʼyoriy hujjatlar axborotnomasi, 2002-yil, 9-son) ilovaga muvofiq qoʻshimcha kiritilsin.
2. Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan boshlab oʻn kun oʻtgach kuchga kiradi.
Markaziy bank Boshqaruvi raisi F. MULLAJONOV
Toshkent sh.,
2008-yil 26-yanvar,
215-V-3-son
Davlat bojxona qoʻmitasi raisi S. NOSIROV
Toshkent sh.,
2008-yil 26-yanvar,
01-02/19-12-son
Markaziy bank Boshqaruvi va Davlat bojxona qoʻmitasining 2008-yil 26-yanvardagi 215-V-3, 01-02/19-12-son qaroriga ILOVA
Hisob-kitoblar maʼlumotnomasini rasmiylashtirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga kiritilayotgan qoʻshimcha
1. Nizomning 1-bandiga quyidagi tahrirdagi xatboshi qoʻshilsin:
“Mahsulot taqsimotiga oid Bitimlarni amalga oshirish doirasida qazib olingan (ishlab chiqarilgan) va Oʻzbekiston Respublikasining norezidentlari tomonidan koʻrsatilgan Bitimlar shartlariga muvofiq eksport qilinayotgan mahsulotni bojxona rasmiylashtiruvida vakolatli bank tomonidan mazkur Nizomning 3-ilovasida keltirilgan shakldagi hisob-kitoblar maʼlumotnomasi taqdim etiladi. Bunda koʻrsatilgan maʼlumotnomani berish vakolatli bankda shartnomani hisobga qoʻymagan holda amalga oshiriladi.”.
Hisob-kitoblar maʼlumotnomasini rasmiylashtirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 3-ILOVA
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2008-y., 10-11-son, 68-modda)
