Neft mahsulotlari yetkazib berilganligi uchun hisob-kitob qilish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida (42-son)
13.03.2008
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Respublika isteʼmolchilarini neft mahsulotlari bilan taʼminlash tizimini yanada takomillashtirish, ularni sotishda hisob-kitob mexanizmini tartibga solish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga oʻzgartirishlar kiritilsin.
2. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosarlari R.S. Azimov va E.R. Shoismatov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2008-yil 13-mart,
42-son
Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 13-martdagi 42-son qaroriga ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirishlar
1. Vazirlar Mahkamasining “Neft mahsulotlari bilan taʼminlash tizimini va ularni sotishda hisob-kitob qilish mexanizmini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida” 2003-yil 19-maydagi 225-son qarorining 7-bandi (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2003-y., 5-son, 38-modda) quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“7. 2008-yil 1-apreldan boshlab barcha isteʼmolchilar uchun (neftni qayta ishlash zavodlaridan “Oʻzneftmahsulot” aksiyadorlik kompaniyasi neft bazalariga va davlat ehtiyojlari uchun qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirish hajmi uchun qishloq xoʻjaligi isteʼmolchilariga dizel yonilgʻisi yetkazib berish bundan mustasno) oldindan majburiy haq toʻlashning quyidagi miqdorlari belgilansin:
avtomobil benzini, dizel yonilgʻisi va suyultirilgan gaz uchun — 100 foiz miqdorida;
boshqa neft mahsulotlari uchun — uzil-kesil hisob-kitoblarni 60 kun doirasida amalga oshirgan holda, kamida 50 foiz miqdorida”.
