Xalqaro terrorizmga qarshi kurash sohasida hamkorlik toʻgʻrisida
19.12.2003
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Turkiya Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Turkiya Respublikasi Hukumati, bundan keyin “Tomonlar” deb ataluvchilar,
giyohvand moddalar va qurol-yarogʻlarning noqonuniy yurgizilishi bilan uzviy bogʻliq boʻlgan xalqaro terrorizm insoniyat xavfsizligiga yanada katta global tahdid tugʻdirayotganini eʼtirof etib,
xalqaro terrorizmning barcha koʻrinishlarini qoralab hamda siyosiy, mafkuraviy, etnik, diniy yoki oʻzgacha nuqtai nazardan terrorizmni oqlab boʻlmasligini anglab,
terrorizmning barcha koʻrinishlarini bartaraf etish va unga qarshi kurash sohasida xalqaro hamkorlikka taalluqli Tomonlar qoʻshilgan xalqaro konvensiyalarni eʼtiborga olib,
odamlar savdosi va noqonuniy migratsiyani amalga oshirish orqali xalqaro terrorizmni qoʻllab-quvvatlovchi harakatlarni oldini olish sohasida hamkorlik qilish maqsadida,
xalqaro terrorizmga qarshi samarali kurashni olib borishda hamjihatlikdan kelib chiqib, bu sohada bir-birlariga yanada samaraliroq yordam koʻrsatish istagida,
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Turkiya Jumhuriyati Hukumati oʻrtasida narkotik vositalari va psixotrop moddalarini gʻayriqonuniy tarqatishga va terrorizmga qarshi kurash sohasida hamkorlik toʻgʻrisida 1993-yil 5-aprelda Toshkent shahrida imzolangan Bitim doirasida hamkorlikni yanada rivojlantirib,
quyidagilar toʻgʻrisida ahdlashib oldilar:
I modda Hamkorlik sohalari
Tomonlar oʻzlarining milliy qonunlari va xalqaro meʼyorlarga amal qilib, markaziy vakolatli organlari orqali ushbu Bitim qoidalariga muvofiq terrorizm harakatlarini aniqlash, oldini olish, barham berish va tergov qilishda hamkorlik qiladilar.
II modda Markaziy vakolatli organlar
1. Ushbu Bitim maqsadlarida Tomonlar tayinlagan markaziy vakolatli organlar quyidagilardir:
Oʻzbekiston Respublikasi uchun:
— Milliy xavfsizlik xizmati;
Turkiya Respublikasi uchun:
— Ichki ishlar vazirligining xavfsizlik boʻyicha Bosh boshqarmasi.
2. Tomonlar oʻzlarining vakolatli organlari roʻyxatiga kiritiladigan oʻzgarishlar toʻgʻrisida bir-birlarini zudlik bilan xabardor etadilar.
3. Tomonlarning markaziy vakolatli organlari ushbu Bitim doirasida bevosita oʻzaro hamkorlik qiladilar.
III modda Hamkorlik yoʻnalishlari
1. Tomonlar xalqaro terrorizmga qarshi kurash sohasida quyidagi yoʻnalishlar boʻyicha hamkorlik qiladilar:
1) jamoat xavfsizligiga tahdid soladigan terrorizmning barcha koʻrinishlariga qarshi kurash;
2) boshqa Tomon davlatining xavfsizligiga tahdid solishi mumkin boʻlgan terrorchilik tashkilotlar, terrorchilarni tayyorlash markazlari, shuningdek alohida shaxslarning faoliyatini aniqlash va unga barham berish;
3) terrorchilik tashkilotlarni qurol-yarogʻ, oʻq-dorilar, bir necha maqsadlarda qoʻllanilishi mumkin boʻlgan harbiy tovarlar, portlovchi, zaharlovchi, radioaktiv, yadroviy, biologik moddalar va kimyoviy vositalar bilan taʼminlash yoʻllarini aniqlash va yoʻqotish;
4) giyohvand vositalar, psixotrop moddalar va prekursorlarning savdosidan kelib tushgan mablagʻlar bilan terrorchilik faoliyatni taʼminlash maqsadida ularning noqonuniy yurgizilishi bilan shugʻullanadigan terrorchilik tashkilotlar, guruhlar yoki alohida shaxslarning faoliyatiga barham berish;
5) maʼlumotlar bazasi, avtomatlashtirilgan axborot qidirish tizimlari va kompyuter tarmoqlarining xavfsizligini taʼminlash, yuqori texnologiyalar sohasida terrorizmga qarshi kurashish;
6) terrorizm yoki terrorchilik faoliyatni qoʻllab-quvvatlashda gumondor boʻlgan terrorchilik tashkilotlar yoxud shaxslarning moliyaviy aktivlari va pul mablagʻlarining oʻtkazilishini toʻxtatish;
7) terrorchilik faoliyat, taʼminlash bazalarini barpo etish, oʻquv lager va markazlari, hamda Tomonlar davlatlari va ularning fuqarolariga qarshi qaratilgan qoʻporuvchilik harakatlarni tashkillashtirish yoki tayyorlash uchun Tomonlarning tegishli hududidan foydalanishning oldini olish boʻyicha choralarni koʻrish;
8) Tomonlar fuqarolarining terrorchilik harakatlarni amalga oshirishda yordam berish maqsadida terrorchilik tashkilotlarga yollash va jalb etishga qarshi kurash;
9) transportning barcha turlari, aloqa va hayotni taʼminlash obyektlari hamda bunday obyektlar normal ishlab turishining vayron boʻlishi yoki buzilishi odamlar hayoti va salomatligiga hamda atrof-muhitga xavf tugʻdirishiga olib keladigan terrorchilik harakatlarning barcha koʻrinishlariga qarshi kurash;
10) Tomonlar ishtirokchisi boʻlgan xalqaro konvensiyalar doirasida xalqaro havo qatnoviga ochiq boʻlgan xalqaro aeroportlar va fuqaro aviatsiyasining boshqa parvozlari xavfsizligini taʼminlash;
11) qimmatbaho va maxsus yuklarni qoʻriqlash va ularni kuzatib borish;
12) terrorchilik maqsadlarda foydalanilishi mumkin boʻlgan harbiy oʻq-dorilar va bir necha maqsadlarda qoʻllanilishi mumkin boʻlgan tovarlarning eksporti ustidan nazoratni oʻrnatish;
13) odamlar hayoti va salomatligi, atrof-muhit, kundalik hayotni taʼminlash tizimlari, transport va kommunikatsiyalarga xavf yaratgan texnologik xarakterdagi terrorchilik harakatlar oqibatlarini, shuningdek bunday favqulodda vaziyatlar natijasida yuzaga kelgan zararlarni bartaraf etishda yordam koʻrsatish;
14) terrorchilik harakatlarni aniqlash, oldini olish, barham berish hamda tergov qilish maqsadida oʻzaro kelishilgan zarur choralarni koʻrish, shuningdek bunday harakatlarda ishtirok etgan har qanday shaxsni jinoiy javobgarlikka tortish;
15) hamkorlikning turli xil yoʻnalishlari boʻyicha qoʻshma mashgʻulotlarni oʻtkazish;
16) terrorizmga qarshi kurashish maqsadida stajirovka, seminar va maslahatlashuvlar orqali axborot va tajriba almashish, Tomonlarning markaziy vakolatli organlari uchun kadrlarni tayyorlash hamda ularning malakasini oshirishda yordam koʻrsatish.
IV modda Hamkorlik shakllari
1. Ushbu Bitim qoidalari doirasida Tomonlarning markaziy vakolatli organlari hamkorlikni quyidagi shakllarda amalga oshiradilar:
a) terrorchilik faoliyatni tashkil etadigan jinoyatlarni aniqlash va oldini olishga, hamda ushbu Bitimda koʻrsatilgan boshqa masalalarni hal etishga yordam berishi mumkin boʻlgan axborotni almashish;
b) ayblanayotgan yoki gumondor shaxslar, tashkilot, muassasa va firmalar faoliyatini oʻrganish hamda tegishli hisob-kitoblar boʻyicha shaxslar, buyum va hujjatlarni tekshirish orqali terrorchilik faoliyatni tashkil etadigan jinoyatlarni aniqlash va tergov qilishda yordam koʻrsatish;
c) Tomonlar davlatlarining xavfsizligiga tahdid tugʻdirishi mumkin boʻlgan alohida shaxslar, guruhlar yoki terrorchilik tashkilotlar faoliyatiga barham berishga qaratilgan oʻzaro kelishilgan choralarni amalga oshirish;
d) zarur hollarda, aksilterror operatsiyalarini oʻtkazishda texnik koʻmak koʻrsatish;
e) xalqaro terrorizmga qarshi kurash va jamoat tartibini saqlash masalalariga oid qonunchilikni almashish.
2. Tomonlar tuziladigan alohida ahdlashuvlar asosida markaziy vakolatli organlar xodimlarini terrorizmga qarshi kurash boʻyicha boʻlinmalarida stajirovka oʻtash, malaka oshirish, oʻquv muassasalarida taʼlim olish hamda terrorizmga qarshi kurash sohasida texnika vositalari va materiallar hamda maxsus texnika va aloqa vositalarini tayyorlash va ishlab chiqishda hamkorlik qiladilar.
3. Tomonlar xalqaro terrorizmga qarshi kurash sohasida tadqiqot dasturlarini amalga oshirish maqsadida oʻzaro hamkorlik qiladilar va oʻzaro qiziqish uygʻotadigan masalalar yuzasidan maslahatlashuv va seminarlar oʻtkazadilar.
V modda Axborot almashish
1. Tomonlar oʻrtasidagi axborot almashuvi jinoyatlarning barcha koʻrinishlariga qarshi kurash va terrorchilik faoliyatni tashkil etadigan muayyan jinoyatlarni oldini olish uchun zarur boʻlgan hajmda quyida koʻrsatilganlar yuzasidan amalga oshiriladi:
a) terrorchilik harakatlarni amalga oshirishni tayyorlayotgan Tomonlar davlatlarining fuqarolari ishtirok etgan tashkilotlar, guruhlar yoki alohida shaxslar yoxud Tomonlar davlatlarining xavfsizligiga tahdid solayotgan yoki ularning manfaatiga daxldor boʻlgan amalga oshirilgan qoʻporuvchilik harakatlar;
b) Tomonlar davlatlarining hududidagi diplomatik va konsullik vakolatxonalar, ularning mamlakatida joylashgan xalqaro tashkilotlar, ularning aʼzolari, bino va transport vositalari, xalqaro tadbirlarda ishtirok etish uchun tashrif buyurgan shaxslarga qarshi tayyorlanayotgan qoʻporuvchilik harakatlar;
c) aniqlangan terrorchilik tashkilotlar va guruhlar tarkibi, terrorchilik faoliyatning tuzilishi, shakl va usullari, harakatlarni amalga oshirishda foydalanilgan qurol-yarogʻ va texnik vositalar;
d) terrorchilik faoliyatni mablagʻ bilan taʼminlash manbalari, moliyaviy yordamning vosita va usullari, bunga daxldor boʻlgan shaxslar, tashkilot va muassasalar;
e) Tomonlar davlatlari hududiga terrorchilik tashkilotlar tomonidan qurol-yarogʻ, oʻq-dori, portlovchi, zaharlovchi, radioaktiv, yadroviy, biologik va kimyoviy moddalar hamda boshqa texnik vositalarini noqonuniy olib kirilishining manbalari, kanallari va usullari;
f) Tomonlar xavfsizligiga tahdid solayotgan kelib chiqishi xorijli boʻlganlar, shu jumladan, terrorchilik tashkilotlar, guruhlar va alohida shaxslar oʻrtasidagi aloqalar;
g) kurash olib borishda terrorchilik usullarni qoʻllaydigan noqonuniy qurollangan tuzilmalar, ularning aʼzolari, maqsad va vazifalari;
h) terrorchilik harakatni amalga oshirishda gumon qilinayotgan boshqa Tomonning davlati hududida vaqtincha boʻlib turgan yoki doimiy yashab kelayotgan Tomonlardan birining fuqarolari;
i) ushbu Bitim qoidalari bilan bogʻliq boʻlgan qonunlarni qoʻllash masalalarini hal etish;
j) Tomonlar uchun manfaatli boʻlgan boshqa masalalar.
2. Tomonlardan birining markaziy vakolatli organi soʻrov olmasdan turib, oʻz tashabbusi bilan boshqa Tomonga axborot zarur deb hisoblashga asoslar boʻlgan taqdirda axborot almashishi mumkin.
VI modda Yordam koʻrsatish toʻgʻrisida soʻrov va uni yuborish tartibi
1. Ushbu Bitimga muvofiq hamkorlik Tomonlar markaziy vakolatli organlarining yordam koʻrsatish toʻgʻrisida soʻrovlari asosida amalga oshiriladi.
Yordam koʻrsatish toʻgʻrisida soʻrov soʻrayotgan Tomonning markaziy vakolatli organi rahbari yoki uning oʻrinbosari tomonidan imzolanadi va gerbli rasmiy muhri bilan tasdiqlanadi.
Soʻrov Tomonlarning markaziy vakolatli organlari tomonidan bevosita yoki elektron aloqa vositalari yordamida yuboriladi.
2. Yordam koʻrsatish toʻgʻrisida soʻrov yozma ravishda yuboriladi va soʻrovda koʻrsatilgan muddat ichida bajariladi. Agar yordam koʻrsatish toʻgʻrisida soʻrov koʻrsatilgan muddat ichida bajarilmasa, boshqa Tomon sabablar va soʻrovning bajarilishi muddatlari toʻgʻrisida yozma ravishda xabardor etiladi.
Soʻrovning haqiqiyligi yoki mazmuniga nisbatan shubha yuzaga kelganda uning tasdigʻi toʻgʻrisida soʻrov yuborilishi mumkin.
3. Yordam koʻrsatish toʻgʻrisida soʻrov quyidagilar bilan ilova qilinishi lozim:
— yordam soʻrayotgan markaziy vakolatli organning nomi;
— soʻrovning mohiyati;
— ishga daxldor boʻlgan shaxslarning fuqaroligi, ismi, familiyasi, ularning tugʻilgan kuni va joyi, yashash hamda boʻlib turgan joyi; ishga daxldor boʻlgan yuridik shaxslarning yuridik nomi va boʻlib turgan joyi;
— xatti-harakat yoki voqea tavsifi, jinoiy ishlar boʻyicha esa xatti-harakatning darajasi va qoʻllanilayotgan qonun matni;
— soʻrovni bajarishda rioya qilish zarur boʻlgan maxsus tartibning tavsifi va bunday zaruriyatning asoslanib berilishi;
— yordam koʻrsatish toʻgʻrisida soʻrovning maqsadi va asoslari;
— javob olinishi kutilayotgan savollar roʻyxati;
— soʻrovni bajarish muddatlari;
— soʻrovning bajarilishi uchun foydali boʻlgan axborotning har qanday koʻrinishi.
VII modda Yordam koʻrsatish toʻgʻrisida soʻrovni bajarish tartibi
1. Soʻralayotgan Tomonning markaziy vakolatli organi yordam koʻrsatish toʻgʻrisidagi soʻrovni tez, imkon qadar toʻla va sifatli bajarilishini taʼminlash uchun zarur boʻlgan barcha choralarni koʻradi. Agar soʻrovni bajarish soʻralayotgan Tomonning markaziy vakolatli organi vakolatiga kirmasa, ushbu organ uni tegishli vakolatli organga topshiradi va soʻrayotgan Tomonning markaziy vakolatli organini bu haqda xabardor etadi.
Zarur hollarda soʻrayotgan Tomonning markaziy vakolatli organi soʻrovni bajarish uchun qoʻshimcha maʼlumotlarni soʻrashga haqlidir.
2. Soʻrovni bajarishda soʻralayotgan Tomonning qonunchiligi qoʻllaniladi.
Agar soʻrovni bajarish amalga oshirilayotgan jinoiy taʼqib yoki boshqa jarayonga toʻsqinlik qilsa, uning bajarilishi keyinga surilishi yoki soʻrayotgan Tomon bilan kelishiladigan maʼlum shartlar bilan bogʻliq boʻlishi mumkin.
3. Tomonlarning markaziy vakolatli organlari oʻz davlatlarining qonunlariga muvofiq va oʻz vakolatlari doirasida bir-birlariga yordam koʻrsatadilar.
VIII modda Yordam koʻrsatish toʻgʻrisida soʻrov bajarilishini rad etish
1. Yordam koʻrsatish toʻgʻrisida soʻrov quyidagi hollarda butunlay yoki qisman rad etilishi mumkin:
a) agar soʻrovni bajarish soʻralayotgan Tomon davlatining davlat suvereniteti, milliy xavfsizligi va boshqa manfaatlariga ziyon yetkazishi yoki mamlakatning milliy qonunchiligi yoxud xalqaro majburiyatlariga zid boʻlsa;
b) agar yordam koʻrsatish toʻgʻrisida soʻrovda qayd etilgan holat va xatti-harakat soʻralayotgan Tomonning milliy qonunchiligiga muvofiq jinoyat deb hisoblanmasa.
2. Agar yordam koʻrsatish toʻgʻrisida soʻrov rad etilsa, soʻralayotgan Tomonning markaziy vakolatli organi soʻrayotgan Tomonni rad etishning sabablari xususida yozma ravishda xabardor qiladi.
IX modda Axborotning maxfiyligi va undan foydalanish
1. Tomonlar oʻzlarining milliy qonunlariga muvofiq ushbu Bitim doirasida bir-birlaridan olingan axborotning maxfiyligini taʼminlaydilar. Agar taqdim etayotgan Tomon axborotning oshkor etilishini istamayotgan boʻlsa, Tomonlar uning maxfiyligini taʼminlaydilar.
Tomonlar axborotning maxfiyligini taʼminlash uchun barcha zarur choralarni koʻradilar va bunday axborotni taqdim etgan Tomonning yozma ravishdagi roziligisiz olingan axborotni uchinchi tomonga taqdim etmaydilar.
2. Ushbu Bitim doirasida olingan maxfiy axborotdan faqat koʻrsatilgan maqsadlarda foydalaniladi va faqat bunga haqli boʻlgan vakolatli organlarga taqdim etiladi. Tomonlar bunday axborotdan oʻzga shaxslarning foydalanmasligi, uning ruxsatsiz oʻzgartirilishi, yoʻq qilinishi yoki oshkor etilishiga qarshi himoyani taʼminlaydilar.
X modda Hamkorlik tili
Ushbu Bitim doirasida hamkorlik ingliz tilida amalga oshiriladi.
XI modda Xarajatlar
1. Tomonlardan birining hududida yuzaga kelgan ushbu Bitim bajarilishi bilan bogʻliq xarajatlarni, agar oʻzgacha kelishib olinmagan boʻlsa, ushbu Tomon qoplaydi.
2. Tomonlar zarur hollarda begʻaraz yordam koʻrsatishlari, shu jumladan, ushbu Bitim doirasida xalqaro terrorizmga qarshi kurash boʻyicha muayyan masalalarni hal etishga zarur boʻlgan uskuna, jihoz va materiallar taqdim etishlari mumkin.
XII modda Boshqa ahdlashuvlar
Tomonlarning markaziy vakolatli organlari ushbu Bitim qoidalarini bajarish tartibini belgilaydigan alohida ahdlashuvlarni tuzishlari mumkin.
XIII modda Maslahatlashuvlar va muzokaralar
Tomonlarning markaziy vakolatli organlari vakillari zarur hollarda ushbu Bitim doirasidagi hamkorlikning samaradorligini oshirish va mustahkamlash masalalarini koʻrib chiqish maqsadida ishchi uchrashuvlar, maslahatlashuvlar va muzokaralar olib boradilar.
XIV modda Boshqa xalqaro bitimlar
Ushbu Bitim qoidalari, Tomonlarning boshqa xalqaro tuzilgan bitimlardan kelib chiqadigan huquq va majburiyatlariga daxl qilmaydi.
XV modda Bahslarni hal etish
Ushbu Bitim qoidalarini qoʻllash va talqin qilish bilan bogʻliq boʻlgan barcha bahslar Tomonlar oʻrtasidagi maslahatlashuvlar va muzokaralar orqali hal etiladi.
XVI modda Oʻzgartish va toʻldirishlar
Ushbu Bitimga Tomonlar oʻzaro rozilikka koʻra alohida bayonnomalar bilan rasmiylashtiriladigan va ushbu Bitimning XVII modda qoidalariga muvofiq kuchga kirgandan keyin ajralmas qismi hisoblanadigan oʻzgartish va toʻldirishlar kiritishlari mumkin.
XVII modda Bitimning kuchga kirishi, amal qilishi va amal qilishining toʻxtatilishi
1. Ushbu Bitim uning kuchga kirishi uchun zarur boʻlgan tegishli ichki protseduralarni Tomonlar bajarganliklari toʻgʻrisida soʻnggi xabarnoma diplomatik kanallar orqali olingandan soʻng keyingi oyning birinchi kunida kuchga kiradi va Tomonlardan biri boshqa Tomonni kamida 6 oy ilgari uning amal qilishini toʻxtatish toʻgʻrisida oʻz niyati haqida xabardor etmagunga qadar, ushbu Bitim amal qiladi.
2. Ushbu Bitim amal qilishining toʻxtatilishi unga muvofiq amalga oshirilayotgan uning toʻxtatilishiga qadar boshlangan, biroq tugallanmagan faoliyatga, agar Tomonlar oʻzgacha ahdlashib olmagan boʻlsalar, daxl qilmaydi.
Toshkent shahrida 2003-yil 19-dekabrda ikki nusxada, har biri oʻzbek, turk va ingliz tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar bir xil kuchga ega. Ushbu Bitim qoidalarini talqin qilishda kelishmovchiliklar yuzaga kelgan holda, ingliz tilidagi matndan foydalaniladi.
(imzolar)
