Xalqaro aralash yuk tashish toʻgʻrisida
24.11.2003
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Bolgariya Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Bolgariya Respublikasi Hukumati, bundan keyin “Ahdlashuvchi Tomonlar” deb ataluvchilar,
yuklarni xalqaro tashishni yengillashtirish istagida amal qilib,
samarali xalqaro yuk transporti savdo aloqalari rivojlanishning muhim sharti ekanligini eʼtiborga olib,
iqtisodiy, ijtimoiy va ekologik sohada avtomobilda yuk tashishning qulay muqobilini barpo etish maqsadida, shuningdek atrof-muhitni muhofaza qilish hamda avtomobil transporti imkoniyatlarining cheklanganligini inobatga olib, temir yoʻl va suv transportining zamonaviy aralash tizimini rivojlantirish zarurligini eʼtirof etib,
yuklarni aralash tashish sistemasi xalqaro yuk tashishni yengillashtirish boʻyicha ulkan salohiyatga ega ekanligiga amin boʻlib,
yuklarni xalqaro tashishni tartibga soluvchi xalqaro bitimlarga tayanib,
quyidagilar toʻgʻrisida ahdlashib oldilar:
1-modda Qoʻllash sohasi
Ushbu Bitim Ahdlashuvchi Tomonlar davlatlarining hududida xalqaro aralash yuklarni tashishda, shuningdek ular hududidan tranzit olib oʻtish sohasida, qisman Ahdlashuvchi Tomonlardan birining hududida roʻyxatdan oʻtgan temir yoʻl, suv va avtomobil yuk tashuvchilari transportlarida yuk tashishda qoʻllaniladi.
2-modda Taʼriflar
Ushbu Bitimda quyidagi taʼriflar qoʻllanadi:
1) yuklarni intermodal tashish — yuklarni bir transport birligining oʻzida yoki bir necha transport turlaridan ketma-ket foydalanilgan holda bir transport vositasida, ular almashtirilgan paytda yukka ishlov berilmasdan harakatlanish;
2) yuklarni xalqaro aralash tashish — asosan avtomobilda tashishning eng qisqa yoʻnalishlari orqali avtomobil, temir yoʻl va suv transporti vositalaridan foydalanib, yuklarni intermodal tashish;
3) yoʻl transport vositasi — Ahdlashuvchi Tomonlardan birining hududida roʻyxatga olingan yuk tashish uchun loyihalashtirilgan va qoʻllaniladigan transport vositasi. Yoʻl transport vositasi deb yuk avtomobili yoki shatakchisi Ahdlashuvchi Tomonlardan birining hududida roʻyxatga olingan tirkamali yuk avtomobili, yarimtirkamali shatakchi, yaʼni “tarkibli yoʻl transporti vositasi”;
4) intermodal transportda yuk birligi — konteyner yoki almashtiriladigan kuzov;
5) intermodal transport birligi — intermodal transportiga mos tushuvchi istalgan turdagi konteyner (uzunligi 20 futdan kam boʻlmagan), almashinuvchi kuzov, yarimtirkama yoki tirkama, yuk avtomobili yoxud vagon;
6) intermodal terminal — tashish usulining oʻzgarishi yuz beradigan temir yoʻl tarmogʻi yoki ichki suv yoʻli/dengiz porti uchastkasi;
7) intermodal terminal gacha/dan transport — chegara punkt yoki yuklash punktdan yuk tashish yoʻnalishiga eng yaqin boʻlgan temir yoʻl terminali yoki portgacha va temir yoʻl terminali yo portdan yuk tashish yoʻnalishiga eng yaqin boʻlgan chegara punkti yoxud yetib borish punktigacha intermodal uslubi bilan yukni transport vositalar orqali joʻnatish;
8) kuzatib boriladigan transport — avtomobildan farq qiluvchi boshqa yoʻl transport vositalari tarkibida haydovchi tomonidan kuzatiladigan yoʻl transport vositalarida tashish;
9) kuzatib borilmaydigan transport — avtomobildan farq qiluvchi boshqa yoʻl transport vositalari tarkibida haydovchi tomonidan kuzatilmaydigan yoʻl transport vositalarida tashish;
10) imtiyozli kontingent — aralash transportdan foydalanish chogʻida taqdim etiladigan yuklarni yoʻl yigʻimlari/soliqlarini toʻlamasdan tashish uchun beriladigan ruxsatnomalar miqdori;
11) Aralash komissiya — ushbu Bitimning 7-moddasiga muvofiq taʼsis etilgan xalqaro aralash transport boʻyicha aralash komissiya;
12) Ahdlashuvchi Tomon hududi va Ahdlashuvchi Tomon qonunlari — tegishlicha Ahdlashuvchi Tomon davlatining hududi va Ahdlashuvchi Tomon davlatining qonunlari;
13) Ahdlashuvchi Tomonlarning vakolatli organlari — Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati uchun:
“Oʻzbekiston temir yoʻllari” Davlat-hissadorlik temir yoʻllari kompaniyasi, Oʻzbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi;
Bolgariya Respublikasi Hukumati uchun:
Bolgariya Respublikasi Transport va kommunikatsiya vazirligi.
3-modda Yuklarni kuzatuv bilan aralash tashish
1. Istalgan Ahdlashuvchi Tomon davlatidan birining hududida roʻyxatga olingan yoʻl transport vositalarining boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlati hududining chegara punkti yoki ortilgan punktdan yuk belgilangan yoʻnalish boʻylab intermodal terminalgacha harakatlanishi bu hududda yuklarni tashish ruxsatsiz amalga oshiriladi, transport vositalari esa Ahdlashuvchi Tomonlar vakolatli organlarining kelishuviga muvofiq, masofaga yuk tashishda soliqlardan ozod qilinadi. Chegara nazorati organlari yoʻl transport vositalarini ularning aralash yuk tashishga huquqini tasdiqlovchi hujjat koʻrsatilganidan keyin yuklarni ruxsatnomasiz oʻtkazib yuboradilar.
2. Yuqorida koʻrsatilgan masofa oshirilgan holda, joʻnatish tartibi yuklarga belgilangan maxsus ruxsatnoma asosida amalga oshiriladi. Maxsus ruxsatnoma Ahdlashuvchi Tomonlarning vakolatli organlari tarafidan beriladi. Unda mazkur ruxsatnomaning aralash yuklarni, albatta yoʻl yigʻimlari/soliqlarni toʻlov yoki toʻlovsiz va u transportning faqat shu turiga tegishli ekanligi belgilanadi.
3. Ushbu moddaning 2-bandida koʻrsatilgan kuzatiluvchi yuklarni tashishga beriladigan ruxsatnomalar kontingenti (turi va miqdori) Aralash komissiyaning yigʻilishida aniqlanadi.
4. Aralash komissiya yigʻilishida kelishib olingan, yuklarni tashishga beriladigan ruxsatnomalar kontingenti har yil chorakda bir marta aniqlanadi. Mazkur kontingentning har qanday oʻzgarishi Ahdlashuvchi Tomonlarning transportga boʻlgan talabini inobatga olgan holda amalga oshiriladi.
5. Temir yoʻl transportining harakati, agar yuklangan kuzatiladigan temir yoʻl transporti chegara punktida Ahdlashuvchi Tomonlarning qonunlarida belgilangan oraliq vaqtidan koʻp turib qolmasa, xalqaro meʼyorlarga javob beradi.
6. Yoʻl transporti vositalari temir yoʻl sostavlariga yuklangandan keyin yuklash stansiyalarida vakolatli organlar tomonidan muhrlanadi. Transport vositalarini kuzatib boruvchi haydovchilar, sostavning yoʻlovchi vagonlariga joylashadilar.
4-modda Kuzatib borilmaydigan transport
1. Intermodal transport birligi Ahdlashuvchi Tomonlardan birining hududida joylashgan intermodal terminal gacha/dan tashishni faqat yoʻl transport vositalari orqaligina amalga oshirish mumkin boʻlsa, ushbu transport birligini tashish tegishli Ahdlashuvchi Tomon davlatining hududida roʻyxatga olingan yoʻl transport vositalarida amalga oshiriladi.
2. Bunday transportga nisbatan qoʻllanilishi lozim boʻlgan intermodal terminallar Aralash komissiya yigʻilishida aniqlanadi.
5-modda Chegaradan oʻtish — davlat chegarasini kesib oʻtish
1. Aralash transport qoʻllangan xalqaro yuk tashishda, yoʻl transport vositasi temir yoʻl sostavi yoki kemaga ortilayotganda amaldagi xalqaro koʻrsatmalarga muvofiq talab etiluvchi boshqa hujjatlar bilan birga, aralash transport yuklarini tashishga ruxsatnoma ham koʻrsatilishi lozim.
Yuklarni aralash tashishni amalga oshirishga huquq beruvchi hujjatlar, har reysda transport vositasida saqlanishi va Ahdlashuvchi Tomonlarning tegishli vakolatli organlari talab etgan vaqtda koʻrsatilishi lozim.
Bunday hujjatning yoʻqligi yuklarni tashishga boʻlgan hujjatning yoʻqligi dyemakdir, binobarin, bu hol Ahdlashuvchi Tomonlar vakolatli organlarining bunday tashuvchilarga nisbatan tegishli choralar koʻrishiga asos beradi.
Yuklarni tashish uchun berilgan ruxsatga kiritilgan har qanday oʻzgartish yoki xabardor etilmagan tuzatish uni yoʻqqa chiqarishga olib keladi. Bunday ruxsatnomalar musodara etiladi.
2. Aralash transportda yuklarni kuzatib borib tashishda vakolatli chegara organlari tashuvchi yoki xizmat operatoriga istalgan Ahdlashuvchi Tomonning hududiga kirishda 3-moddaning 1-bandi qoidalariga rioya etgan holda aralash tashishni amalga oshirish huquqini tasdiqlovchi transport hujjatini beradilar. Ahdlashuvchi Tomonlardan birining hududidan chiqayotganda yuklarni aralash tashish amalga oshirilganligi toʻgʻrisida, har bir transport turiga bittadan CIM-UIRR transport hujjatini, yukxat yoki Ahdlashuvchi Tomonlar qoʻllab-quvvatlagan boshqa hujjatni koʻrsatgan holda isbot qilinishi lozim.
3. Ahdlashuvchi Tomonlardan birining hududiga kirayotganda yoki undan chiqayotganda aralash yuk tashishni amalga oshiruvchi shaxslar va transport vositalari, shuningdek tashiluvchi yuklar Ahdlashuvchi Tomonlarning milliy qonunlaridagi koʻrsatmalarga muvofiq nazorat qilinishi lozim.
4. Tashuvchi yoki xizmat operatori, shuningdek uning xizmatchilari Ahdlashuvchi Tomonlarning amaldagi qonunlariga va ushbu Bitim qoidalariga amal qilishlari shart.
6-modda Yuklarni aralash transportda tashishni qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirish
1. Ahdlashuvchi Tomonlar ularning temir yoʻl va port maʼmuriyatlari, kema egalari kompaniyalari, avtotransport firmalari va aralash transport operatorlari ayni transport turining afzalligini hisobga olib, aralash yuk tashishni qoʻllab-quvvatlash toʻgʻrisida zarur choralar koʻrish toʻgʻrisida ahdlashib olishlari uchun barcha lozim choralarni koʻradilar.
2. Ahdlashuvchi Tomonlar transport muassasalari tarafidan temir yoʻl, avtomobil va suv transporti sohasida amalga oshiriluvchi aralash tashish faoliyatini ragʻbatlantirish va yaxshilash hamda raqobatbardoshligini oshirishga, shuningdek kuzatuvsiz aralash transport qoʻllanishi va imtiyozli tariflar kiritilishini ragʻbatlantirishga koʻmaklashadilar.
3. Ahdlashuvchi Tomonlar oʻz temir yoʻl va port maʼmuriyatlariga aralash transport infratuzilmasini rivojlantirishda ularni soʻzsiz qoʻllab-quvvatlaydilar va koʻmaklashadilar.
4. Ahdlashuvchi Tomonlar ikki tomonlama aralash yuk tashishda tegishli davlatlar hududida intermodal terminal gacha/dan shanba, yakshanba va Ahdlashuvchi Tomonlar uchun rasmiy bayram kunlari transport cheklanishlarini bartaraf etish uchun barcha zarur choralarni koʻradilar.
5. Ahdlashuvchi Tomonlar aralash tashishning boshlangʻich va soʻnggi bosqichida umumiy ogʻirligi 40 tonnani tashkil etuvchi yuk avtomobillarning oʻtishi uchun zarur sharoitlarni yaratib berish majburiyatini oladilar.
Belgilangan ogʻirlik parametri oshirilgan holda Ahdlashuvchi Tomon boshqa hududidan yuk tashish amalga oshirilayotgan Ahdlashuvchi Tomonning vakolatli organidan ruxsat olishi lozim.
6. Ahdlashuvchi Tomonlar chegaralarda aralash tashish bilan bogʻliq tekshiruvlarni tezlashtirish uchun barcha zarur choralarni qoʻllaydilar, shuningdek bojxona rasmiylashtirishni chegara punktlaridan intermodal terminallarga (temir yoʻl va port) oʻtkazishda koʻmaklashadilar.
7. Ahdlashuvchi Tomonlar aralash tashishni ragʻbatlantirishga qulay xalqaro sharoitlar yaratishda zarur hamkorlik va koʻmak bilan taʼminlaydilar, shuningdek umumiy foydalanish yoʻnalishlarining rivojlanishini ragʻbatlantiruvchi choralarni koʻradilar.
7-modda Hamkorlik. Aralash komissiya
1. Ahdlashuvchi Tomonlarning vakolatli organlari ushbu Bitimning bajarilishi va qoʻllanishiga, shuningdek oʻzaro axborot almashuvi, ayniqsa aralash tashish bilan bogʻliq ichki qonunlar va tegishli vakolatli organlar vazifalariga oid oʻzgarishlar toʻgʻrisida oʻzaro axborot almashishga koʻmaklashadilar.
2. Ahdlashuvchi Tomonlar ushbu Bitimni amalga oshirish maqsadida, bir yilda kamida bir marta yigʻiladigan yoki Ahdlashuvchi Tomonlardan birining talabiga binoan chaqiriladigan Oʻzbekiston—Bolgariya aralash komissiyasini tuzadilar.
3. Aralash komissiya teng miqdordagi Ahdlashuvchi Tomonlar vakolatli organlari vakillaridan tuziladi va ushbu Bitimni amalga oshirish yoʻllarini belgilaydi.
8-modda Qoidabuzarlik
1. Tashuvchi, xizmat operatori va uning xizmatchilari tomonidan boshqa Ahdlashuvchi Tomon hududida amal qiluvchi koʻrsatmalar, shuningdek ushbu Bitimdagi ahdlashuvlar buzilsa, tegishli hududda qoidabuzarlik sodir etilgan Ahdlashuvchi Tomonning vakolatli organlari talabiga koʻra, boshqa Ahdlashuvchi Tomonning vakolatli organlari quyidagi choralardan birini qoʻllashga haqli:
1.1. Qoidabuzarlikka yoʻl qoʻygan tashuvchini amaldagi koʻrsatmalarni buzishga yoʻl qoʻymaslik toʻgʻrisida ogohlantirish;
1.2. Bu tashuvchiga yuk tashishda imtiyozli ruxsatnomalar berishni toʻxtatish va/yoki boshqa Ahdlashuvchi Tomon vakolatli organi mazkur tashuvchiga yuk tashishni amalga oshirishini taqiqlab qoʻygan muddatgacha unda shu vaqtgacha boʻlgan imtiyozli ruxsatnomalarni toʻxtatish;
1.3. Tashuvchi va xizmat operatori sodir etgan oʻziga xos ogʻir qoidabuzarlik sodir etilgan hollarda transport litsenziyasidan mahrum qilish yoki koʻrsatilgan tartibda ushbu faoliyatni taqiqlash mumkin.
2. Ahdlashuvchi Tomonlarning vakolatli organlari bu yoʻnalishda qoʻllangan choralar toʻgʻrisida oʻzaro axborot almashadilar.
3. 1- va 2-band qoidalari, tegishli qoidabuzarlik sodir etilgan hududda Ahdlashuvchi Tomonning qonunlarida koʻrsatilgan sanksiyalar qoʻllanishidan istisno.
9-modda Maʼlumotlarni himoya qilish
1. Ahdlashuvchi Tomonlar nomenklatura va yuk hajmi, transport vositalari, shuningdek tashish yoʻnalishlari toʻgʻrisida va boshqa maʼlumotlar va axborotlarni uchinchi davlatlarda huquqqa zid ravishda tarqalishdan himoya qilish majburiyatini oladilar, rasmiy statistika maʼlumotlari va hisobotlar bundan mustasno.
2. Zarur holda jinoyat qidiruv ishlari munosabati bilan bu turdagi maʼlumot va axborotlar davlat hokimiyati organlari, prokuratura va sudga topshirilishi mumkin. Boshqa istalgan maʼlumotlarni, Ahdlashuvchi Tomonlarning tegishli vakolatli organlari bergan yozma ruxsatnoma olinganidan keyin tarqatish mumkin.
10-modda Fors-major
Favqulodda vaziyatlarda yoki aralash yuk tashish 12 soatdan ortiq uzilib qolgan hollarda Ahdlashuvchi Tomonlar qanday kechiktirib boʻlmas choralar koʻrish zarurligini birgalikda hal etadilar.
11-modda Oʻzgartish va toʻldirishlar
Ushbu Bitimga Ahdlashuvchi Tomonlarning oʻzaro roziligiga koʻra oʻzgartish va toʻldirishlar kiritilishi mumkin. Ular ushbu Bitimning ajralmas qismi hisoblanadigan alohida qoʻshimcha bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi.
12-modda Yakuniy qoidalar
Ushbu Bitim besh yilga tuziladi. Ahdlashuvchi Tomonlardan biri ushbu Bitimning amal qilishini toʻxtatish niyati toʻgʻrisida, uning amal qilish tegishli muddati tugashidan kamida olti oy ilgari boshqa Ahdlashuvchi Tomonni diplomatik kanallar orqali yozma ravishda xabar qilmasa, u oʻz-oʻzidan keyingi besh yillik muddatlarga uzayaveradi.
Ushbu Bitim uning kuchga kirishi uchun Ahdlashuvchi Tomonlarning milliy qonunlarida talab etiladigan zarur protseduralarning bajarilgani toʻgʻrisida diplomatik kanallar orqali bir-birlariga yuborgan oxirgi xabarnoma olingan kundan boshlab oʻttiz kun oʻtgach kuchga kiradi.
Sofiya shahrida 2003-yil 24-noyabrda ikki asl nusxada, har biri oʻzbek, bolgar va rus tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar bir xil kuchga ega.
Ushbu Bitim qoidalarini talqin qilishda kelishmovchiliklar yuzaga kelgan holda rus tilidagi matndan foydalaniladi.
(imzolar)
