“Yoshlar yili” davlat dasturi toʻgʻrisida” (PQ-805-son)
29.02.2008
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Yoshlarning manfaatlari va huquqlarini himoya qilish borasidagi yetilgan muammolarni oʻz vaqtida hal etish, uzluksiz taʼlim tizimida islohotlarni yanada chuqurlashtirish, real iqtisodiyotda va mamlakat hayot faoliyati sohalarida taʼlim muassasalari tomonidan tayyorlanadigan mutaxassislarga boʻlgan talabni taʼminlash maqsadida, shuningdek, 2008-yilning “Yoshlar yili” deb eʼlon qilinganligi munosabati bilan:
1. Quyidagilarni nazarda tutuvchi “Yoshlar yili” Davlat dasturi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
yoshlarning manfaatlarini yanada toʻliq taʼminlash va huquqlarini himoya qilishga yoʻnaltirilgan huquqiy bazani takomillashtirish hamda mustahkamlash, amaldagi qonun va normativ-huquqiy hujjatlarga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish;
taʼlim jarayonini uning uzluksizligi va davomiyligi nuqtai nazaridan yanada takomillashtirish, 9-sinf bitiruvchilarining oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi bilan toʻliq qamrab olinishini taʼminlash, kasb-hunar kollejlari va oliy taʼlim muassasalarida yoshlardan munosib ravishda foydalanish va jamiyatda oʻz oʻrniga ega boʻlishini kafolatlaydigan, real iqtisodiyot tarmoqlari va sohalarida talab qilinayotgan yoʻnalishlar va ixtisosliklar boʻyicha kadrlar tayyorlashni tashkil qilish;
ishga tushiriladigan umumtaʼlim maktablari, kasb-hunar kollejlari va akademik litseylarni qurish va rekonstruksiya qilish sifatini oshirish, ularni muhandislik kommunikatsiyalariga oʻz vaqtida hamda toʻliq ulash, mebel, zamonaviy oʻquv-laboratoriya uskunalari va texnikaviy taʼlim vositalari bilan jihozlash, taʼlim sohasida qabul qilingan davlat umummilliy dasturlarining soʻzsiz va sifatli bajarilishi yuzasidan buyurtmachilar va pudratchilarning masʼuliyatini kuchaytirish;
taʼlim va kadrlar tayyorlash butun tizimi darajasi hamda sifatini tubdan oshirish, maktablar, oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi va oliy oʻquv muassasalaridagi taʼlim standartlari va oʻquv dasturlarini zamonaviy talablarni hisobga olgan holda tanqidiy tahlil qilish hamda yangilash, pedagog kadrlar tayyorlash va qayta tayyorlashni tashkil etishni takomillashtirish;
yosh avlodni hayotga qatʼiy eʼtiqod va qarashlar ruhida, mentalityetimizga yot boʻlgan zararli taʼsirlar va oqimlarga qarshi tura oladigan milliy hamda umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash;
oliy oʻquv yurtlari, kasb-hunar kollejlari va akademik litseylar bitiruvchilarining, shuningdek, muddatli harbiy xizmatni tugatgan yoshlarning, ayniqsa, kichik shaharlar va qishloqlarda ishga joylashishi bilan bogʻliq masalalar butun kompleksini hal etish;
musiqa, rassomlik, sanʼat va madaniyat sohalarida bolalarning ijodiy talanti va qobiliyatlarini barvaqt aniqlash hamda rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratish, mazkur masalalar bilan shugʻullanuvchi jamoat va nodavlat tashkilotlari hamda shaxslarni qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirish chora-tadbirlarini amalga oshirish;
yoshlarda sogʻlom turmush tarziga intilishni shakllantirish, OITS, giyohvandlik, kashandalik va boshqa zararli odatlarga qarshi kurash boʻyicha profilaktika chora-tadbirlarini amalga oshirish, yoshlarning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish, yoshlar sportini ommaviy rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratish;
yosh oilalarni maʼnaviy va moddiy jihatdan qoʻllab-quvvatlash, ularga munosib uy-joy va ijtimoiy-maishiy turmush sharoitlarini yaratish, uy-joyini obodonlashtirish uchun zarur mablagʻlar va kreditlar berish, maʼnaviy boy va jismonan sogʻlom bolalarni tarbiyalash chora-tadbirlarining samarali tizimini amalga oshirish.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2007-yil 14-dekabrdagi F-2892-son farmoyishiga muvofiq tashkil etilgan Respublika komissiyasi zimmasiga “Yoshlar yili” Davlat dasturi bajarilishini tashkil etish va monitoringini olib borish vazifasi yuklansin.
Respublika komissiyasi aʼzolaridan 2-ilovaga* muvofiq tarkibda “Yoshlar yili” Davlat dasturining asosiy boʻlimlarini amalga oshirish Kengashi tuzilsin.
* 2-ilova berilmaydi.
3. “Yoshlar yili” Davlat dasturini amalga oshirish Respublika komissiyasi va Kengashi (Sh.M.Mirziyoyev):
vazirliklar, idoralar, xoʻjalik birlashmalari, jamoat tashkilotlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan har bir vazirlik va idora, mintaqa, shahar, tuman va aholi punkti boʻyicha ikki hafta muddatda “Yoshlar yili” hududiy va tarmoq dasturlari ishlab chiqilishi va qabul qilinishini taʼminlasin;
ushbu Dasturning boʻlimlari va bandlarini toʻliq bajarish boʻyicha ishlarning davlat boshqaruvi respublika hamda hududiy organlari, jamoat va nohukumat tashkilotlari darajasida muvofiqlashtirilishini tashkil etsin, Dasturga kiritilgan tadbirlarning bajarilishi ustidan tizimli nazorat oʻrnatsin;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Devoniga yilning har choragi yakunlari boʻyicha “Yoshlar yili” Davlat dasturida tasdiqlangan tadbirlarning bajarilishi toʻgʻrisida axborot taqdim etib tursin.
4. Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahri va tumanlar (shaharlar)da Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashining Raisi va tegishli hududlar hokimlari boshchiligida, ularning zimmasiga Dasturda nazarda tutilgan tadbirlarning soʻzsiz va toʻliq amalga oshirilishi yuzasidan shaxsiy javobgarlik yuklangan holda, Dasturni amalga oshirish boʻyicha tegishli komissiyalar tashkil etish maqsadga muvofiq deb hisoblansin.
5. Oʻzbekiston matbuot va axborot agentligi, Milliy axborot agentligi, Oʻzbekiston milliy teleradiokompaniyasi, ommaviy axborot vositalari “Yoshlar yili” Davlat dasturining maqsad va vazifalari keng koʻlamda tushuntirilishini, uning amalga oshirilishini, yoshlar huquqlari manfaatlarini himoya qilish, ularning ijodiy salohiyatini rivojlantirish hamda real iqtisodiyot tarmoqlarida talab etilayotgan aniq kasb-hunarni egallash, sogʻlom turmush tarzini shakllantirish, ularning jamiyatda munosib oʻrinni egallab, respublikani rivojlantirishda hal qiluvchi kuch boʻlib qoladigan, oʻz mamlakatining toʻla huquqli fuqarolari sifatida kamol toptirish boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshirishda respublika va mahalliy boshqaruv organlari, jamoat hamda nohukumat tuzilmalarining aniq hissasi muntazam yoritib borilishini taʼminlasin.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh.M.Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2008-yil 29-fevral,
PQ-805-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2008-yil 29-fevraldagi PQ-805-son Qaroriga 1-ILOVA
“Yoshlar yili” Davlat dasturi
* Limitlar loyiha-smeta hujjatlari ekspertizadan oʻtkazilgandan va tanlov savdolari oʻtkazilgandan keyin aniqlashtiriladi
