“241-modda. Ehtiyot chorasini qoʻllash toʻgʻrisidagi qaror ustidan shikoyat berish va protest bildirish
Qamoqqa olishga sanksiya berish huquqi sudlarga oʻtkazilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (O‘RQ-100-son) · Sana: 11.07.2007 · Amalda
Ehtiyot chorasini qoʻllash toʻgʻrisidagi qaror ustidan tergovni nazorat qilayotgan, uni bekor qilishga yoki oʻzgartirishga haqli boʻlgan prokurorga shikoyat berilishi mumkin. Prokuror shikoyatni olgan paytdan eʼtiboran uch sutka ichida uni koʻrib chiqishi hamda shikoyat bergan shaxsni oʻz qaroridan xabardor etishi shart.
Dastlabki tergov bosqichida qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qoʻllash haqidagi yoki qamoqda saqlash muddatini uzaytirish toʻgʻrisidagi masala boʻyicha sudning ajrimi ustidan mazkur ajrim chiqarilgan kundan eʼtiboran yetmish ikki soat ichida apellatsiya tartibida shikoyat berilishi, protest bildirilishi mumkin. Shikoyat, protest ajrim chiqargan sud orqali beriladi, mazkur sud ularni yigirma toʻrt soat ichida materiallar bilan birga apellatsiya instansiyasi sudiga yuborishi shart. Apellatsiya instansiyasi sudi koʻrsatilgan materiallarni shikoyat yoki protest bilan birga ular kelib tushgan paytdan eʼtiboran yetmish ikki soatdan kechiktirmasdan koʻrib chiqishi kerak.
Shikoyat yoki protest berilishi ehtiyot chorasini qoʻllash toʻgʻrisidagi masala boʻyicha qaror ijrosini toʻxtatib qoʻymaydi.
