5-modda. Korxonani barpo etishning umumiy shartlari
Oʻzbekiston Respublikasidagi korxonalar toʻgʻrisida (229-XII-son) · Sana: 15.02.1991 · Amalda
1. Korxona mol-mulk egasi (egalari) yoki u (ular) vakil qilgan idora, korxona, tashkilot qaroriga yoki mehnat jamoasining qaroriga muvofiq, yo boʻlmasa taʼsis etuvchilar guruhi va ayrim taʼsis etuvchi shaxslar qarori bilan ushbu Qonunda hamda Oʻzbekiston Respublikasining boshqa qonun hujjatlarida koʻzda tutilgan tartibda barpo etilishi mumkin.
2. Korxona ishlab turgan korxonalar, tashkilotlar tarkibidan bitta yoki bir nechta tarkibiy boʻlinmaning shu boʻlinma (boʻlinmalar) mehnat jamoasi tashabbusi bilan ajralib chiqishi natijasida, agar bunday ajralib chiqish uchun korxona mol-mulki egasining (u vakil qilgan idora, korxona va tashkilotning) roziligi boʻlsa va korxona ilgari oʻz zimmasiga olgan majburiyatlarning bajarilishi taʼminlansa, tuzilishi mumkin.
3. Korxonani barpo etish va uning faoliyati uchun yer uchastkasi, boshqa tabiat resurslari talab qilinadigan hollarda ulardan foydalanishga ruxsatnomani davlat hokimiyatining tegishli idorasi, qonun hujjatlarida koʻzda tutilgan hollarda esa ekologiya ekspertizasining ijobiy xulosasi boʻlgan taqdirda tabiatdan foydalanuvchi tegishli boshlangʻich tashkilot tomonidan ham beriladi. Yer uchastkasi va boshqa tabiat resurslarini berish rad etilganida Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida koʻzda tutilgan tartibda shikoyat qilinishi mumkin.
4. Korxona davlat roʻyxatidan oʻtgan kundan boshlab barpo etilgan deb hisoblanadi va huquqiy shaxs huquqini oladi.
