39-modda. Tugatish komissiyasi
Oʻzbekiston Respublikasidagi korxonalar toʻgʻrisida (229-XII-son) · Sana: 15.02.1991 · Amalda
1. Korxonani tugatish mol-mulk egasi yoki shu mol-mulkni boshqarishga vakil qilingan organ tuzgan tugatish komissiyasi tomonidan amalga oshiriladi, bankrotlik hollari bundan mustasno. Xoʻjalik sudi xoʻjalik yuritish subyektining bankrot boʻlganligi toʻgʻrisida hal qiluv qarori qabul qilgan taqdirda, tugatish komissiyasini tuzish hamda uning ishlash tartibi “Bankrotlik toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq belgilanadi.
Korxonani tugatish toʻgʻrisida qaror qabul qilgan korxona mol-mulki egasi, sud (xoʻjalik sudi) yoki korxonani barpo etishga vakolatli boʻlgan idora tugatish tartibi va muddatini, shuningdek qarz berganlarning daʼvo qilish muddatlarini belgilaydi. Bu muddat tugatish eʼlon qilingan kundan boshlab ikki oydan kam boʻlmasligi kerak.
2. Tugatish komissiyasi yoki korxonani tugatishni amalga oshirayotgan boshqa idora korxona joylashgan erdagi rasmiy matbuotda uni tugatish va qarz berganlarning daʼvolarini qabul qilish tartibi va muddati toʻgʻrisida eʼlon beradi. Tugatish komissiyasi (tugatishni amalga oshirayotgan idora) ana shu eʼlon bilan bir qatorda korxonaga debitorlik qarzini undirib olish va qarz berganlarni korxona tugatilganidan xabardor qilib, ularning daʼvolarini aniqlash ishlarini bajarishi shart.
Tugatish komissiyasi (tugatishni amalga oshirayotgan idora) tugatilayotgan korxonaning mol-mulkini baholaydi va qarz berganlar bilan hisob-kitob qiladi, tugatish balansini tuzadi va uni korxona mol-mulki egasiga yoki tugatish komissiyasini tayinlagan idoraga taqdim etadi. Tugatish komissiyasi oʻz aybi bilan yetkazilgan zarar uchun javobgar boʻladi. Zararni undirib olish miqdorlari va tartibini xoʻjalik sudi belgilaydi.
