36-modda. Korxona faoliyatini nazorat qilish
Oʻzbekiston Respublikasidagi korxonalar toʻgʻrisida (229-XII-son) · Sana: 15.02.1991 · Amalda
1. Korxonaning moliya-xoʻjalik faoliyati korxona mol-mulki egasining tashabbusiga binoan taftish qilinishi mumkin.
2. Korxonalar faoliyatini rejali tarzda tekshirishlar Oʻzbekiston Respublikasi Nazorat organlari faoliyatini muvofiqlashtiruvchi respublika kengashining qaroriga binoan soliq va boshqa nazorat qiluvchi organlar tomonidan yiliga koʻpi bilan bir marta amalga oshirilishi mumkin.
Soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni oʻz vaqtida hamda toʻla hajmda toʻlovchi, boshqa norma va qoidalarga rioya qiluvchi, auditorlarning har yilgi tegishli xulosalariga ega boʻlgan korxonalar faoliyatini tekshirishlar nazorat qiluvchi organlar tomonidan, qoida tariqasida, ikki yilda koʻpi bilan bir marta amalga oshiriladi.
Korxonalar faoliyatini tekshirishdan oʻtkazish muddatlari oʻttiz kalendar kunidan oshmasligi lozim. Alohida hollarda Nazorat organlari faoliyatini muvofiqlashtiruvchi respublika kengashining qaroriga binoan bu muddat uzaytirilishi mumkin.
3. Kichik va oʻrta biznes korxonalarining, Oʻzbekiston Tovar ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlar palatasi aʼzolarining faoliyatini tekshirishlar Palata yuridik xizmatlari va hududiy tuzilmalarining majburiy ishtirokida amalga oshiriladi.
4. Korxonalarni ularning xoʻjalik faoliyatini taftish qilish bilan bogʻliq boʻlmagan holda tekshirishlar Nazorat organlari faoliyatini muvofiqlashtiruvchi respublika Kengashi tasdiqlagan rejalar asosida tegishli nazorat qiluvchi (yongʻinga qarshi, sanitariya, veterinariya, energetika nazorati va boshqa) organlar tomonidan, qoida tariqasida; bir yoʻla oʻtkaziladigan kompleks tekshiruv davomida amalga oshiriladi.
5. Auditorlik tekshirishlarini oʻtkazish xarajatlari shu tekshirishlarni tayinlagan tashkilotlar hisobidan qoplanadi”.
