27-modda. Korxonaning ijtimoiy faoliyati
Oʻzbekiston Respublikasidagi korxonalar toʻgʻrisida (229-XII-son) · Sana: 15.02.1991 · Amalda
1. Ijtimoiy taraqqiyot masalalari, shu jumladan mehnat sharoitlarini yaxshilash va ish vaqtining uzunligi masalalari, mehnat jamoasi aʼzolari va ular oilalarining dam olish, turmush sharoitlarini va sihat-salomatligini yaxshilash masalalari, korxonaning isteʼmol fondi hisobidan amalga oshiriladigan majburiy tibbiy sugʻurta kafolatlari masalalari Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq mehnat jamoasi tomonidan korxonalar maʼmuriyati ishtirokida hal qilinadi.
Korxona amaldagi qonunlarda belgilab qoʻyilgan tartibda va miqdorda Oʻzbekiston Respublikasi Ijtimoiy taʼminot vazirligi huzuridagi Pensiya fondiga hamda aholini ish bilan taʼminlashga koʻmaklashish fondiga pul oʻtkazishi shart.
2. Korxona bu erda ishlovchi barcha xodimlar uchun xavfsiz mehnat sharoitini taʼminlashga majbur boʻlib, ularning salomatligiga va mehnat qobiliyatiga yetkazilgan zarar uchun qonunlarda belgilab qoʻyilgan tartibda javobgar boʻladi.
3. Pensiyaga chiqqunga qadar korxonada mehnat qilgan pensionerlar tibbiy xizmat, uy-joy bilan taʼminlanish, sogʻlomlashtirish va profilaktika muassasalariga yoʻllanmalar olish borasida korxonadagi mavjud imkoniyatlardan, shuningdek jamoaning umumiy yigʻilishi (konferensiyasi) qaroriga muvofiq boshqa ijtimoiy xizmatlar va imtiyozlardan uning xodimlari bilan baravar foydalanadilar.
4. Korxona xotin-qizlarining mehnat va turmush sharoitini muntazam yaxshilashga, yosh bolali ayollarni ish kuni qisqartirilgan asosan kunduzgi ish bilan taʼminlashga, homilador ayollarni mehnat sharoiti zararsiz yengilroq ishga oʻtkazishga, shuningdek, ayollarga qonunlarda koʻzda tutilgan boshqa imtiyozlarni berishga majburdir. Mehnat sharoiti zararli boʻlgan korxona mehnat jamoasining roziligi bilan xotin-qizlarga yengilroq ish berish uchun sexlar, uchastkalar barpo etishi mumkin.
5. Korxona mehnat jamoasiga xizmat qiladigan va uning tarkibiga kirmaydigan tibbiy muassasalar xodimlarini, bolalar, madaniy-maʼrifiy, sogʻlomlashtirish, oʻquv va sport muassasalari, umumiy ovqatlanish tashkilotlari va boshqa tashkilotlarning xodimlarini moddiy ragʻbatlantirishi mumkin.
6. Fuqarolarning, xalq deputatlarining korxonaga iltimoslari va murojaatlariga doir masalalarni koʻrib chiqish va hal etish faqat korxona maʼmuriyatining vazifasi boʻlib, bu ish fuqarolarning oʻz zimmasiga yuklab qoʻyilishi mumkin emas.
