11-modda. Mol-mulkni tashkil etish va undan foydalanish shartlari
Oʻzbekiston Respublikasidagi korxonalar toʻgʻrisida (229-XII-son) · Sana: 15.02.1991 · Amalda
1. Asosiy fondlar va oborot mablagʻlari, shuningdek qiymati korxonaning mustaqil balansida aks etadigan boshqa boyliklar korxona mulkini tashkil etadi.
2. Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga va korxona ustaviga muvofiq korxonaning mol-mulki mulkchilik huquqi yoki toʻla xoʻjalik yuritish huquqi asosida unga tegishli boʻlishi mumkin.
3. Quyidagilar korxona mol-mulkini tashkil etuvchi manbalardir:
taʼsis etuvchilarning pul va moddiy badallari;
mahsulot, ishlar, xizmatlarni realizatsiya qilishdan, shuningdek xoʻjalik faoliyatining boshqa turlaridan olingan daromadlar;
qimmatli qogʻozlardan olinadigan daromadlar;
bank va boshqa qarz beruvchilarning kreditlari;
kapital mablagʻ va budjetdan dotatsiyalar;
tashkilotlar, korxonalar va jismoniy shaxslarning tekinga va xayriya maqsadlarida bergan badallari, ionalari, shuningdek meros tariqasida, ayirboshlash va sovgʻa qilish yoʻli bilan oladigan daromadlari;
Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan oʻzga manbalar.
4. Korxona mol-mulkining egasi (egalari) yoki u (ular) vakolat bergan idoralar oʻziga qarashli mol-mulkni boshqa korxonalar, muassasalar va tashkilotlarga sotish hamda topshirish, ayirboshlash, ijaraga berish, vaqtincha foydalanish uchun bepul berish yoki qarzga berishga, shuningdek, agar Oʻzbekiston Respublikasining qonun hujjatlarida va korxona ustavida oʻzga hollar koʻzda tutilgan boʻlmasa, ularni balans hisobidan chiqarishga haqlidir.
5. Korxona mol-mulkining egasi (egalari) yoki u (ular) vakolat bergan idoralar, basharti qonun hujjatlarida va ustavda oʻzga qoidalar nazarda tutilmagan boʻlsa, ishlab chiqarish vositalari va boshqa moddiy boyliklarni sotish, bepul topshirish, ijaraga berishga haqlidir, Oʻzbekiston Respublikasining qonun hujjatlariga muvofiq fuqarolarning mulki boʻla olmaydigan yoki ular foydalana olmaydigan ishlab chiqarish vositalari va oʻzga moddiy boyliklar bundan mustasno.
