4-modda. Advokatning vakolatlari
Advokatlik faoliyatining kafolatlari va advokatlarning ijtimoiy himoyasi toʻgʻrisida (721-I-son) · Sana: 25.12.1998 · Amalda
Advokat Oʻzbekiston Respublikasining butun hududida, shuningdek, agar olingan topshiriqni bajarish zaruriyati taqozo etsa va tegishli davlatlarning qonunchilikka zid boʻlmasa, respublika tashqarisida ham advokatlik faoliyati bilan shugʻullanish huquqiga ega.
Muayyan ishni olib borishga advokatning vakolatli ekanligi order bilan tasdiqlanadi.
Advokat, taraf sifatida, sud ishlarini yuritishning hamma bosqichida protsessning barcha ishtirokchilari bilan teng huquqlarga ega.
Advokat quyidagi huquqlarga ega:
qonunda belgilangan tartibda ishning barcha materiallari bilan tanishish va undan zarur maʼlumotlarni koʻchirib olish;
oʻz himoyasidagi shaxs bilan u ushlangan paytdan boshlab qonunchilikda belgilangan tartibda miqdori va muddati cheklanmagan xoli uchrashuvlar oʻtkazish;
iqtisodiy, fuqarolik va maʼmuriy ish yuritilayotganda ishni sud muhokamasiga tayyorlash chogʻida yoki sud muhokamasi jarayonida davlat sud-ekspertiza muassasalari va nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlari tomonidan shartnoma asosida ishonch bildiruvchi shaxs roziligi bilan ekspertiza oʻtkazilishini soʻrash;
ekspertiza xulosasi ish materiallariga qoʻshib qoʻyilishini va sud tomonidan ushbu xulosa ishdagi mavjud dalillar bilan birgalikda baholanishini talab qilish;
ish materiallari bilan tanishish hamda ishni sudda va boshqa organlarda koʻrish chogʻida ovoz yozish qurilmalari hamda boshqa texnika vositalaridan qonunchilikda belgilangan tartibda foydalanish;
agar jinoyat ishini yuritishda, shuningdek fuqarolik ishini, iqtisodiy ishni yoki maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi ishni koʻrish va hal etishda himoyani yoki vakillikni amalga oshirish zaruriyati taqozo etsa, davlat sirlari, tijorat siri yoki boshqa sir hisoblangan maʼlumot bilan qonunchilikda nazarda tutilgan tartibda tanishish.
Advokat qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa huquqlarga ham ega.
Advokat:
yuridik yordam soʻrab murojaat qilgan yuridik va jismoniy shaxslarga ularning huquqlari va majburiyatlari toʻgʻrisida maslahat berishi;
yuridik yordam soʻrab murojaat qilgan shaxsning ishiga uning holatini ogʻirlashtiradigan kasbiy nuqtai nazar bilan yondashmasligi;
ishonch bildiruvchi shaxsning (oʻz himoyasi ostidagi shaxsning) nuqtai nazariga koʻra noqonuniy qaror chiqarilgan taqdirda, bu qaror ustidan qonunda belgilangan tartibda shikoyat qilishi shart.
