23-modda. Favqulodda holatlarda temir yoʻl transportining ishlashi
Temir yoʻl transporti toʻgʻrisida (766-I-son) · Sana: 15.04.1999 · Amalda
Temir yoʻl transporti korxonalari temir yoʻl transporti ishining buzilishiga sabab boʻlgan halokatlar, avariyalar, tabiiy ofatlarning oqibatlarini (shamol hosil qilgan tuproq-qum bosishlari, toshqinlar, yongʻinlar va boshqa favqulodda holatlarni) bartaraf etish uchun shoshilinch chora-tadbirlar koʻradi. Bunday chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun ular roʻyxati davlat temir yoʻl transportini boshqarish organi tomonidan belgilanadigan moddiy va texnika vositalari zaxirasiga ega boʻlishlari zarur.
Davlat hokimiyati va boshqaruv organlari odamlar hayoti va sogʻligʻiga, atrof tabiiy muhitga, harakat xavfsizligi va yuklarning saqlanishiga tahdid soluvchi halokatlar, avariyalar, tabiiy ofatlar va boshqa favqulodda holatlarning oqibatlarini tugatishda temir yoʻl transporti korxonalariga yordam koʻrsatadilar.
Agar yengib boʻlmas kuch taʼsirida, harbiy harakatlar, qamal, epidemiyalar va boshqa favqulodda holatlar natijasida yuk, bagaj va yuk bagajini bundan buyon tashish uchun temir yoʻl transporti korxonalarini ushbu yuk, bagaj va yuk bagajini belgilangan manzilga yetkazish yoki tegishli oluvchiga topshirish imkoniyatidan mahrum etadigan toʻsiqlar vujudga kelgan boʻlsa, xuddi shuningdek ushbu sabablarga koʻra yuk, bagaj va yuk bagajini saqlashning eng oxirgi muddatlari oʻtib ketsa, mazkur korxonalar qonunchilikda belgilangan tartibda yuk, bagaj va yuk bagajini joʻnatuvchilar yoki oluvchilarning topshirigʻiga binoan, shuningdek mazkur topshiriq belgilangan muddatda olinmagan taqdirda esa yuk, bagaj va yuk bagajini topshirishga (realizatsiya qilishga) yoki buning imkoni boʻlmagan taqdirda joʻnatuvchining oʻziga qaytarib yuborishga haqlidir. Bundan topshirilgan (realizatsiya qilingan) yuk, bagaj va yuk bagaji uchun temir yoʻl transporti korxonasi tomonidan olingan summa ushbu korxonaga tegishli boʻlgan summalar chegirib qolingan holda, qiymat haqi toʻlangan taqdirda tashish hujjatlarida koʻrsatilgan oluvchining hisobiga, boshqa barcha hollarda esa joʻnatuvchining hisobiga oʻtkaziladi.
Hujjatlari boʻlmagan yuk, bagaj va yuk bagajini realizatsiya qilganlik uchun temir yoʻl transporti korxonasi tomonidan olingan summa davlat temir yoʻl transportini boshqarish organining foydasiga oʻtkaziladi va undan belgilangan manziliga yetib kelmagan yuk, bagaj va yuk bagaji uchun temir yoʻl transporti korxonasi tomonidan toʻlangan mablagʻlarni qoplash uchun foydalaniladi.
Oluvchi (joʻnatuvchi) ushbu summani talab qilib olmagan taqdirda, mablagʻlar daʼvo muddatlari oʻtganidan soʻng davlat budjet hisobiga oʻtkazilishi kerak.
