21-modda. Temir yoʻl transportida harakat xavfsizligiga doir asosiy talablar
Temir yoʻl transporti toʻgʻrisida (766-I-son) · Sana: 15.04.1999 · Amalda
Temir yoʻl bekatlari, vokzallar va temir yoʻlning tashish jarayoni bilan bogʻliq boshqa boʻlinmalari hududlari, poyezdlar harakati amalga oshiriladigan hamda manyovr va yuk ortish, yuk tushirish ishlari bajariladigan yoʻlovchilar platformalari va temir yoʻl tarmoqlari oʻta xavfli zonalar hisoblanadi va zarurat boʻlganda atrofi oʻrab qoʻyiladi. Oʻta xavfli zonalarda fuqarolarning boʻlishi va obyektlarning joylashtirilishi, bunday zonalarda ishlar bajarish, temir yoʻllar orqali yurish va ularni kesib oʻtish qoidalari davlat temir yoʻl transportini boshqarish organi tomonidan belgilanadi.
Harakatdagi sostav, shu jumladan harakatdagi maxsus sostav va konteynerlar, temir yoʻllarning yer ustki qurilmalari qismlari hamda temir yoʻl transportiga yetkazib beriladigan boshqa texnika vositalari va mexanizmlar, shuningdek yoʻlovchilarga koʻrsatiladigan xizmatlar tegishli normativ hujjatlar bilan belgilangan harakat xavfsizligi, mehnatni muhofaza qilish va ekologiya xavfsizligi talablariga mos kelishi lozim.
Temir yoʻl transporti faoliyatida foydalaniladigan texnika vositalari va mexanizmlarni, shuningdek koʻrsatiladigan xizmatlarni sertifikatlashtirish qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Hududida xavfli yuklarni ishlab chiqarish, saqlash, ortish, tashish va tushirish ishlari amalga oshiriladigan obyektlar umumiy foydalanishdagi temir yoʻllardan va inshootlardan ularning xavfsiz ishlashini taʼminlaydigan masofada uzoqlashtirilgan boʻlishi kerak. Umumiy foydalanishdagi yoʻllarning quvurlar, aloqa, elektr uzatish tarmoqlari va boshqa inshootlar bilan kesishgan joylarida mazkur obyektlardan umumiy foydalanishdagi temir yoʻllar va inshootlargacha boʻlgan eng kam masofa, shuningdek temir yoʻllar bilan kesishish va yaqinlashish joylarida bunday obyektlarni qurish va saqlash normalari tegishli davlat boshqaruv organlarining davlat temir yoʻl transportini boshqarish organi bilan kelishilgan holda qabul qilinadigan normativ hujjatlarida belgilanadi.
Umumiy foydalanishdagi temir yoʻllarni kesib oʻtuvchi yoki bevosita ularning yaqinida joylashgan gaz, neft quvurlari va boshqa inshootlarni qurish hamda ulardan foydalanish chogʻida belgilangan normativlarni taʼminlash, shuningdek mazkur inshootlardan foydalanish xavfsizligi uchun ularning egalari javobgar boʻladi. Mazkur inshootlarning egalari harakat xavfsizligiga tahdid soluvchi avariya holatlari yuzaga kelganligi haqida temir yoʻl transporti korxonasini oʻz vaqtida xabardor qilishi shart.
