14-modda. Temir yoʻl transportining moliyaviy va xoʻjalik faoliyati
Temir yoʻl transporti toʻgʻrisida (766-I-son) · Sana: 15.04.1999 · Amalda
Temir yoʻl transporti faoliyatini moliyalash oʻz xoʻjalik faoliyati daromadlari hisobidan va imtiyozli tashishlarga doir xarajatlarni qoplash qismi boʻyicha davlat budjeti mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
Temir yoʻl transportidagi tashishning barcha turlaridan olinadigan daromadlarni taqsimlash tartibi davlat temir yoʻl transportini boshqarish organi tomonidan har bir temir yoʻl transporti korxonasining tashish jarayonidagi aniq ulushini hisobga olgan holda belgilanadi.
Temir yoʻllarni, safarbarlik maqsadlariga moʻljallangan obyektlarni, shu jumladan sanoat korxonalari, elektrlashtirish va aloqa obyektlarini qurish va rekonstruksiya qilish, shuningdek temir yoʻl harakatdagi sostavini va maxsus maqsadlarga moʻljallangan yirik mexanizmlarni olish qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Temir yoʻl shoxobcha yoʻllari, toʻxtash manzillari, yuk saroylari va boshqa obyektlarni qurish manfaatdor yuridik va jismoniy shaxslarning tashabbusiga koʻra hamda ularning mablagʻlari hisobidan belgilangan tartibda amalga oshirilishi mumkin.
Temir yoʻl tarmoqlari, vokzallar, piyodalar oʻtadigan koʻpriklar va tonnellar, yoʻlovchilar platformalari va temir yoʻl transportining aholiga xizmat koʻrsatuvchi boshqa obyektlarini qurish va rekonstruksiya qilish, shahar atrofiga qatnash uchun harakatdagi sostavni olish temir yoʻl mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi, shuningdek mahalliy budjet, manfaatdor yuridik va jismoniy shaxslarning mablagʻlari hisobidan ham amalga oshirilishi mumkin.
Temir yoʻl transportini rivojlantirish vazifalarini hal qilish uchun davlat temir yoʻl transportini boshqarish organi tomonidan markazlashtirilgan sugʻurta va zaxira jamgʻarmalari tashkil etilishi mumkin.
Yuklar va yuk bagajini joʻnatuvchilar va oluvchilarning tashish, yuk operatsiyalari, transport-ekspeditorlik xizmatlari va harakatdagi sostavdan foydalanganlik uchun temir yoʻl transporti korxonalari bilan hisob-kitoblari, shuningdek shartnoma majburiyatlarini bajarmaganlik va temir yoʻlga yetkazilgan zarar uchun jarimalar va penyalar toʻlash qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Temir yoʻl transporti korxonalari ularga tashish uchun berilgan yuklarni tegishli tashish haqining va tashishga doir boshqa toʻlovlarni taʼminlash maqsadida qonunchilikda belgilangan tartibda ushlab qolish huquqiga ega.
Shahar atrofidagi yoʻlovchilar tashishni moliyalash mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan mahalliy budjet mablagʻlari hisobidan yoxud manfaatdor yuridik yoki jismoniy shaxslar tomonidan amalga oshirilishi mumkin.
