2-modda.
Xalqaro avtomobil qatnovi toʻgʻrisida · Sana: 20.03.2006 · Amalda
Ushbu Bitim maqsadlarida unda qoʻllanilayotgan atamalar quyidagilarni anglatadi:
1. “Tashuvchi” atamasi:
Tomonlardan birining davlati hududida roʻyxatga olingan, milliy qonunchilikka muvofiq haq evaziga yoki oʻz hisobidan yoʻlovchi va yuklarning xalqaro tashishlarini amalga oshirish huquqiga ega boʻlgan jismoniy yoki yuridik shaxsni anglatadi.
2. “Avtotransport vositasi” atamasi:
yoʻlovchilarni tashishda — avtobus, yaʼni yoʻlovchilarni tashish uchun moʻljallangan hamda haydovchi oʻrindigʻi bilan birga hisoblaganda kamida 9 ta oʻrindiqqa ega boʻlgan avtotransport vositasini;
yuklarni tashishda — yuk tashish uchun moʻljallangan avtotransport vositasi, shu jumladan yuk avtomobili, tirkamali yuk avtomobili, shatakchi avtomobil yoki yarim tirkamali shatakchi avtomobilni anglatadi.
3. “Uchinchi mamlakatlardan/ga tashuvlar” atamasi:
Tomonlardan birining davlati hududida roʻyxatdan oʻtgan avtomobil transportida punktlar oʻrtasida amalga oshiriladigan yuklarning tashuvlarni anglatadi, bunda punktlardan biri boshqa Tomon davlati hududida joylashgan va boshqasi — uchinchi mamlakat (ushbu Bitim qatnashchisi boʻlmagan) hududida.
4. “Ruxsatnoma” atamasi:
bir Tomon davlatining vakolatli organi beradigan va boshqa Tomon davlati hududida roʻyxatdan oʻtgan avtotransport vositasiga ruxsatnomani bergan Tomon davlati hududi boʻylab yoki u orqali oʻtib ketish xuquqini/imkoniyatini beruvchi hujjatni anglatadi.
5. “Maxsus ruxsatnoma” atamasi:
bir Tomon davlatining vakolatli organi beradigan va boshqa Tomon davlati hududida roʻyxatdan oʻtgan avtotransport vositasiga maxsus ruxsatnomani bergan Tomon davlati hududi boʻylab yoki u orqali maxsus toifadagi tashuvlarni amalga oshirish xuquqini/imkoniyatini beruvchi hujjatni anglatadi.
6. “Xavfli yuklar” atamasi:
tashuvlar, ortish va tushirish ishlari davomida oʻziga xosligi va xususiyatlari tufayli maʼlum bir omillar mavjudligi bilan portlash, yongʻin yoki tashilayotgan yuklar, texnik vositalar, qurilmalar, binolar va inshootlar hamda boshqa obyektlarning buzilishiga, shuningdek odamlarning hayoti va salomatligiga, atrof-muhitga zarar yetkazishiga sabab boʻlishi mumkin boʻlgan moddalar, materiallar, mahsulotlar, chiqindilarni anglatadi.
7. “Yoʻlovchilarni muntazam tashishlar” atamasi:
Tomonlar davlatlari vakolatli organlari oʻrtasida oldindan kelishilgan yoʻnalishlar, jadval, tariflar, tashuvchi yoʻlovchilarni chiqaradigan va tushiradigan bekatlar boʻyicha amalga oshiriladigan avtobusda yoʻlovchi tashuvlarini anglatadi.
