Oʻzbekiston Respublikasi bilan Ozarbayjon Respublikasi oʻrtasida Konsullik konvensiyasi
23.03.2004
Oʻzbekiston Respublikasi bilan Ozarbayjon Respublikasi, bundan keyin Tomonlar deb ataluvchilar,
ikki mamlakat oʻrtasida doʻstona munosabatlarni rivojlantirishga, shuningdek oʻz fuqarolarining huquq va manfaatlarini yanada samarali himoya qilishga koʻmaklashishga intilgan holda,
Venada 1963-yil 24-aprelda imzolangan Konsullik aloqalari toʻgʻrisidagi Vena konvensiyasining rivojlanishiga konsullik munosabatlarini joriy etish uchun qoʻshimcha qoidalarni oʻrnatishni istab,
quyidagilar toʻgʻrisida ahdlashib oldilar:
1-modda Atamalar
Ushbu Konvensiyada:
1) “konsullik muassasasi” har qanday bosh konsulxona, konsulxona, vitse-konsulxona yoki konsullik agentligini anglatadi;
2) “konsullik okrugi” konsullik vazifalarini bajarish uchun konsullik muassasasiga biriktirilgan nohiyani anglatadi;
3) “konsullik muassasasi rahbari” shu sifatda xizmat qilish topshirilgan shaxsni anglatadi;
4) “konsullik mansabdor shaxsi” shu sifatda konsullik vazifalarini bajarish yuklatilgan har qanday shaxsni, jumladan konsullik muassasasi rahbarini ham anglatadi;
5) “konsullik xizmatchisi” konsullik muassasasida maʼmuriy yoki texnik majburiyatlarni bajaruvchi har qanday shaxsni anglatadi;
6) “xizmat qiluvchi xodim” konsullik muassasasiga xizmat koʻrsatish boʻyicha vazifalarni bajaruvchi har qanday shaxsni anglatadi;
7) “konsullik muassasasi xodimlari” konsullik mansabdor shaxslari, konsullik xizmatchilari va xizmat koʻrsatuvchi xodimlarini anglatadi;
8) “konsullik xizmati xodimlari” konsullik muassasasi mansabdor shaxslari, (konsullik muassasasi rahbari bundan mustasno), shuningdek konsullik xizmatchilari va xizmat qiluvchi xodimlarini anglatadi;
9) “xususiy uy xizmatchisi” konsullik muassasasi xodimining faqatgina xususiy xizmatida boʻlgan shaxsni anglatadi;
10) “konsullik binolari” kimning mulki boʻlishidan qatʼi nazar faqatgina konsullik muassasasi uchun foydalanadigan binolar yoki ularning qismlarini hamda ushbu bino yoxud bino qismlariga xizmat qiluvchi yer maydonlarini anglatadi;
11) “konsullik arxivlari” oʻz ichiga saqlash va saqlanishi taʼminlanishi uchun moʻljallangan barcha qogʻozlar, hujjatlar, xat-xabarlar, kitoblar, filmlar, video ovoz yozish, disketalar, konsullik muassasasining reyestrlarini, ularning xos raqam va maxsus raqamlari, kartotekalar va har qanday jihozlar bilan birgalikda anglatadi;
12) “yuboruvchi davlatning havo kemasi” yuboruvchi davlatda roʻyxatga olingan va ushbu davlatning tanish belgilarini ishlatish huquqiga ega boʻlgan har qanday havo kemani anglatadi, harbiy havo kemalari bundan istisno.
2-modda Konsullik muassasalarini ochish
1. Yuboruvchi davlatning konsullik muassasasi qabul qiluvchi davlat hududida faqat qabul qiluvchi davlatning roziligi bilan ochilishi mumkin.
2. Konsullik muassasasining manzilgohi, uning darajasi, konsullik okrugi va konsullik mansabdor shaxslarining soni yuboruvchi davlat va qabul qiluvchi davlat oʻrtasidagi kelishuv asosida belgilanadi.
3. Konsullik muassasasining manzilgohi, uning darajasi va konsullik okrugi yoki konsullik mansabdor shaxslarining sonini har qanday oʻzgarishlar yuboruvchi davlat tomonidan faqat qabul qiluvchi davlatning roziligi asosida amalga oshirilishi mumkin.
4. Agar biron bir bosh konsulxona yoki konsulxona oʻzi joylashgan aholi punktida tashqarida vitse-konsulxona yoki konsullik agentligi niyatini bildirsa, shunda ham qabul qiluvchi davlatining ruxsatnomasi kerak.
5. Amal qilayotgan konsullik muassasasini tashkiliy qism hisoblanadigan devonxonani konsullik muassasasini joylashgan hududidan tashqari ochish uchun ham qabul qiluvchi davlatining aniq belgilangan roziligi ham kerak.
3-modda Konsullik muassasasi rahbarini tayinlash
1. Konsullik muassasasi rahbarini tayinlashdan oldin yuboruvchi davlat diplomatik yoki boshqa tegishli kanallar orqali tavsiya qilingan shaxsga nisbatan qabul qiluvchi davlatning roziligini olishi kerak.
2. Agar qabul qiluvchi davlat biron bir shaxsni konsullik muassasasini rahbari tayinlanishiga rozilik bermasa, u yuboruvchi davlatga bunday rad etishning sabablarini izohlab berishi shart emas.
3. Yuboruvchi davlat diplomatik kanallar orqali qabul qiluvchi davlatning tashqi ishlar vazirligiga konsullik muassasasi rahbarini tayinlash uchun konsullik patenti yoki boshqa aynan shunday hujjatni yuboradi. Ushbu hujjatda konsullik muassasasi rahbarining toʻla ismi, familiyasi, uning fuqaroligi, darajasi, konsullik okrugi, hamda konsullik muassasasining manzilgohi koʻrsatiladi.
4. Qabul qiluvchi davlat konsullik muassasasi rahbari etib tayinlanishi uchun konsullik patenti yoki boshqa aynan shunday hujjat olgandan soʻng unga ekzekvatura deb nomlanadigan ruxsatnomani beradi, bunday ruxsat qanday shaklga ega boʻlishidan qatʼiy nazar. Ekzekvatura yoki boshqa ruxsatni berishga rad etayotgan qabul qiluvchi davlat yuboruvchi davlatga bunday rad etishning sabablarini izohlab berishi shart emas.
5. Ushbu moddaning 6-bandi va 4-moddada koʻzda tutilgan holatlardan tashqari, konsullik muassasasi rahbari ekzekvatura yoki boshqa ruxsat olingandan soʻng oʻz vazifalarini bajarishga kirishishi mumkin.
6. Qabul qiluvchi davlat ekzekvatura yoki boshqa ruxsat berilguniga qadar konsullik muassasasi rahbariga oʻz vazifalarini vaqtincha bajarishiga ruxsat berishi mumkin. Bu holda ushbu Konvensiyaning qoidalari qoʻllaniladi.
7. Konsullik muassasasi rahbariga oʻz vazifalarini bajarishga ruxsat berilishi bilanoq, bu vaqtinchalik boʻlsa ham, qabul qiluvchi davlat bu haqda konsullik okrugining vakolatli organlarini zudlik bilan xabar beradi. Bundan tashqari, u konsullik muassasasi rahbariga oʻz lavozimi boʻyicha majburiyatlarini bajarishi va ushbu Konvensiyadan kelib chiquvchi afzalliklardan foydalanish uchun barcha zarur choralarni koʻradi.
4-modda Konsullik muassasasi rahbari vazifasini vaqtincha bajarish
1. Agar konsullik muassasasi rahbari oʻz vazifasini bajara olmasa yoki konsullik muassasasi rahbari oʻrni boʻsh boʻlsa, konsullik muassasasi rahbarining vazifalari konsullik muassasasi rahbari majburiyatlarini bajaruvchilar zimmasiga vaqtincha yuklatilishi mumkin.
2. Konsullik muassasasi rahbari vazifasini bajaruvchining toʻliq ismi va familiyasi qabul qiluvchi davlatning tashqi ishlar vazirligiga yoki ushbu vazirlik tomonidan koʻrsatilgan organga yuboruvchi davlatning diplomatik vakolatxonasi orqali yoki, agar qabul qiluvchi davlatda ushbu davlat bunday vakolatxonaga ega boʻlmasa, xabarni konsullik muassasasi rahbari yoki u agar u buni qila olmasa, yuboruvchi davlatning boshqa vakolatli organi qilishi mumkin. Qoidaga koʻra, ushbu xabar oldindan beriladi.
3. Qabul qiluvchi davlatning vakolatli organlari konsullik muassasasi rahbari vazifalari bajaruvchiga yordam va himoya koʻrsatadilar. Konsulxona joylashgan davlatning vakolatli organlari konsulxona muassasasi rahbari vazifasini bajaruvchiga yordam koʻrsatadilar va himoya qiladilar. U muassasaga rahbarlik qilar ekan, ushbu Konvensiya qoidalari tegishli konsullik muassasasi rahbariga qoʻllanilganidek unga ham qoʻllaniladi.
4. Agar ushbu moddaning 1-bandi qoidalariga muvofiq yuboruvchi davlat konsullik muassasasi rahbari vazifasini vaqtincha bajaruvchi sifatida qabul qiluvchi davlatda yuboruvchi davlatning diplomatik vakolatxonasining diplomatik xodimlari aʼzosi tayinlansa, qabul qiluvchi davlat bunga qarshi emasligi sharti bilan, u diplomatik imtiyoz va immunitetlardan foydalanishni davom etadi.
5-modda Konsullik xizmati xodimlarini tayinlash
1. Yuboruvchi davlat konsullik xizmati xodimlarini erkin tayinlashi mumkin, 6- va 7-moddalar qoidalarida koʻzda tutilgan istisnolar bilan.
2. Qabul qiluvchi davlat xohlagan vaqtda 7-moddaning 3-bandida koʻzda tutilgan huquqlarni amalga oshirishi uchun yuboruvchi davlat qabul qiluvchi davlatga konsullik muassasasi rahbaridan tashqari barcha konsullik mansabdor shaxslarning toʻliq ismi va familiyasi, ularning darajasi va toifasi toʻgʻrisida oldindan xabar beradi.
3. Qabul qiluvchi davlat konsullik muassasasining barcha xodimlariga va ularning oila aʼzolariga konsullik muassasasi xodimlari va ularning oila aʼzolarining maqomini belgilaydigan shaxsni tasdiqlovchi hujjatni beradi.
6-modda Konsullik mansabdor shaxslarning fuqaroligi
Konsullik mansabdor shaxs yuboruvchi davlatning fuqarosi boʻlishi lozim.
7-modda “Persona non grata” deb topilgan shaxslar
1. Qabul qiluvchi davlat istalgan vaqtda u yoki bu konsullik mansabdor shaxsning “persona non grata” yoki konsullik xizmatining har qanday xodimini nomaqbul shaxs deb topganligi toʻgʻrisida yuboruvchi davlatni diplomatik kanallar orqali xabardor qilishi mumkin. Bunday holda yuboruvchi davlat ushbu shaxsni chaqirib olishi yoki uning konsullik muassasasidagi vazifalarini toʻxtatishi lozim.
2. Agar yuboruvchi davlat ushbu moddaning 1-bandida koʻzda tutilgan majburiyatlarni oqilona muddat ichida bajarishdan voz kechsa yoki bajara olmasa, qabul qiluvchi davlat ushbu shaxsning ekzekvaturasi yoki boshqa ruxsatnomasini bekor qilishi yoki konsullik xizmati xodimi deb tan olishdan voz kechishi mumkin.
3. Konsullik muassasasi xodimi sifatida tayinlangan shaxs qabul qiluvchi davlat hududiga kelishidan oldin yoki qabul qiluvchi davlatda kelib turgan boʻlsa, u konsullik muassasasida oʻz majburiyatlarini bajarishga kirishgunga qadar, nomaqbul shaxs deb eʼlon qilinishi mumkin. Har qanday bunday vaziyatlarda yuboruvchi davlat uni tayinlanishini bekor qiladi.
4. Ushbu moddaning 1- va 3-bandlarida koʻrsatilgan holatlarni qabul qiluvchi davlat yuboruvchi davlatga oʻz qarorining sabablarini izohlab berishi majbur emas.
8-modda Ishga tayinlanish, kelish va joʻnab ketish toʻgʻrisida qabul qiluvchi davlatni xabardor qilish
1. Qabul qiluvchi davlatning Tashqi ishlar vazirligi yoki ushbu vazirlik tomonidan belgilangan organ quyidagilar toʻgʻrisida xabardor etiladi:
a) konsullik muassasasi xodimlarining ishga tayinlanishi, ularning tayinlanganidan keyin konsullik muassasasiga kelishi, joʻnab ketishi yoki ularning vazifalari tugatilishi hamda konsullik muassasasida ishlash mobaynida ularning maqomidagi daxldor boʻlgan har qanday oʻzgarishlar toʻgʻrisida;
b) konsullik muassasasi xodimining oila aʼzosi boʻlgan va u bilan doimo birga yashayotgan shaxsning kelishi yoki joʻnab ketishi va tegishli holatlarda, biron bir shaxs oila aʼzoligiga kirgani yoki chiqqanligi toʻgʻrisida;
s) xususiy uy xizmatchilarning kelishi va joʻnab ketishi hamda tegishli holatlarda, ularning shu sifatida xizmatlarining tugatilishi toʻgʻrisida;
d) qabul qiluvchi davlatda yashayotgan, imtiyoz va immunitetlardan foydalanish huquqlariga ega boʻlgan konsullik muassasasi xodimlari yoki xususiy uy xizmatchisi sifatida yollangan yoki boʻshatilgan shaxslar toʻgʻrisida.
2. Kelish yoki joʻnab ketish toʻgʻrisidagi xabar imkoniyatga qarab oldindan berilishi lozim.
9-modda Konsullik va turar joylarni sotib olish
1. Qabul qiluvchi davlatning qonun va qoidalariga muvofiq va ushbu davlatning roziligi bilan yuboruvchi davlat oʻz nomidan yoki u tomonidan vakolatlangan jismoniy yoxud yuridik shaxs orqali quyidagilarni sotib olish, foydalanish uchun olish, ijaraga olish yoki boshqa biron bir shaklda egalik qilish huquqiga ega:
a) qabul qiluvchi davlatning fuqarosi boʻlmagan yoki ushbu davlatda doimiy yashash joyiga ega boʻlmagan har qanday konsullik mansabdor shaxs va har qanday konsullik xizmatchi uchun konsullik binosi, konsullik muassasasi rahbarining qarorgohi hamda turar joy binosini;
b) har qanday bunday konsullik va turar joy binolarini qurish uchun moʻljallangan yerni.
2. Ushbu moddaning 1-bandida koʻrsatilgan shartlarga muvofiq, yuboruvchi davlat konsullik va turar joy binolarini yoki yerni ham yaxshilashi mumkin.
3. Qabul qiluvchi davlat, zarur boʻlganda, ushbu moddaning 1- va 2-bandlarida koʻrsatilgan huquqlarni amalga yuboruvchi davlatga tegishli yordam va koʻmak koʻrsatadi.
4. Ushbu moddada hech narsa, qabul qiluvchi davlatning binolarning joylashishi va qurilishi hamda shaharni rejalashtirish, tumanlarga boʻlishni tartibga soluvchi qonun-qoidalarga rioya etmagani uchun yuboruvchi davlatni javobgarlikdan ozod etadi deb sharhlanmasligi kerak.
10-modda Faxriy konsullik mansabdor shaxslar
Agar ikkala Ahdlashuvchi Tomon faxriy konsullik mansabdor shaxslarni tayinlashga kelishib olishsalar, ular faxriy konsullik mansabdor shaxsga nisbatan qoʻllanadigan rejimni aniqlash maqsadida ushbu Konvensiya qoidalari hamda xalqaro odat huquqi meʼyorlari asosida tegishli kelishuvlarni tuzish masalasini boʻyicha oʻzaro maslahatlashuvlar oʻtkazadilar.
11-modda Konsullik muassasalari va konsullik muassasalari xodimlarini himoya qilish va ularga beriladigan imkoniyatlar
1. Qabul qiluvchi davlat konsullik muassasasi vazifalarini bajarish uchun barcha imkoniyatlarni taʼminlaydi.
2. Qabul qiluvchi davlat konsullik mansabdor shaxslariga nisbatan tegishli hurmat bilan yondashadi va konsullik mansabdor shaxslari yoki qonuniy asosda doimiy yashashga ruxsat berilgan va qabul qiluvchi davlat fuqarosi boʻlmagan va qabul qiluvchi davlat chet el fuqarosi maqomiga ega boʻlmagan konsullik muassasasining boshqa xizmatchilarining, shuningdek yuqorida taʼkidlangan har qanday shaxslar bilan doimiy yashovchi oila aʼzolarning shaxsi, erkinligi yoki shaʼniga har qanday tajovuzlarning oldini olish uchun barcha zarur choralarni koʻradi.
12-modda Davlat bayrogʻi va gerbi
1. Ushbu moddaning qoidalariga muvofiq yuboruvchi davlat oʻz davlat bayrogʻi va gerbidan qabul qiluvchi davlatda foydalanish huquqiga ega.
2. Yuboruvchi davlat bayrogʻi va uning gerbi konsullik muassasi joylashgan binosiga, uning kirish eshiklari, shuningdek konsullik muassasasi rahbari qarorgohiga hamda xizmat vazifalarni bajarayotganda transport vositalariga oʻrnatilishi mumkin.
3. Ushbu moddada koʻzda tutilgan huquqlardan foydalanishda, yuboruvchi davlat qabul qiluvchi davlat qonunlari, qoidalari va urf-odatlariga rioya qiladi.
13-modda Konsullik binolarining daxlsizligi
1. Mazkur modda shartlariga muvofiq, konsullik muassasasi binolari daxlsizdir.
2. Qabul qiluvchi davlat maʼmurlari konsullik binolarining faqat konsullik muassasasi ishi uchun foydalanilayotgan qismiga konsullik muassasasi rahbari, davlat diplomatik vakolatxona rahbari yoxud ularning biron bir tomonidan tayinlangan shaxsning ruxsatisiz kira olmaydi. Ushbu bandda eslatib oʻtilgan shaxslar tomonidan toʻgʻridan toʻgʻri qarshilik boʻlmasa, yongʻin yoki kechiktirilmaydigan himoya choralarini talab qiluvchi boshqa tabiiy ofatlarda, qabul qiluvchi davlat maʼmurlari konsullik binolariga kirishlari mumkin. Biroq, har qanday sharoitda ham maʼmurlarga konsullik muassasasi arxivlari daxlsizligi tamoyillarini buzishga, va ayniqsa uni oʻrganish va musodara qilishga ruxsat berilmaydi.
3. Ushbu moddaning 2-bandi qoidalariga rioya qilish sharti bilan qabul qiluvchi davlatga konsullik binolariga har qanday bostirib kirish yoki zarar yetkazishdan himoya qilish va konsullik muassasasining tinchligining har qanday buzilishi yoki uning qadr-qimmatini yerga urishning oldini olish boʻyicha tegishli barcha choralarni koʻrish maxsus majburiyati yuklatiladi.
4. Konsullik muassasasi binosi, unga tegishli boʻlgan ashyolar, konsullik muassasasi mulklari, hamda uning harakat vositalari davlat himoyasi yoki ommaviy zaruriyat maqsadida immunitetdan foydalanadi.
14-modda Konsullik arxivi va hujjatlarining daxlsizligi
Konsullik arxivlari va konsullik hujjatlar ularning joylashgan joyidan qatʼiy nazar, hamisha daxlsizdir.
15-modda Konsullik muassasasi binolarining soliqlardan ozod qilinishi
1. Yuboruvchi davlat egalik qilgan yoki ijaraga olgan konsullik binolari va konsullik muassasasi rahbari qarorgohi, yoki uning nomidan faoliyatni yuritadigan har qanday shaxs barcha davlat, tuman va mahalliy soliq, yigʻim va bojlardan ozod qilinadi, bunda alohida turdagi xizmatlar uchun toʻlanadigan toʻlovlar bundan mustasno.
2. Ushbu moddaning 1-bandida koʻrsatilgan soliq istisnolari yuboruvchi davlat yoki uning nomidan faoliyat yuritadigan shaxs bilan shartnoma tuzgan shaxslarga nisbatan qabul qiluvchi davlat qonun va qoidalariga muvofiq olinadigan yigʻim, boj va soliqlarga nisbatan qoʻllanilmaydi.
16-modda Harakat erkinligi
Kirish taqiqlangan yoki kirish davlat xavfsizligi nuqtai nazaridan tartibga solingan hududlar toʻgʻrisidagi qonun va qoidalariga zid boʻlmaganligi uchun qabul qiluvchi davlat konsullik muassasasining barcha xodimlariga konsullik okrugi hududi boʻylab erkin harakatlanish va safarni taʼminlaydi.
17-modda Aloqalar erkinligi
1. Qabul qiluvchi davlat konsullik muassasasining barcha rasmiy maqsadlar uchun aloqalar erkinligiga ruxsat etadi va himoya qiladi. Konsullik muassasasi yuboruvchi davlat hukumati, diplomatik vakolatxonalari va boshqa konsullik muassasalari bilan aloqa qilishda, ular qayerda joylashgan boʻlishlaridan qatʼiy nazar, barcha mos keladigan vositalardan, jumladan: diplomatik va konsullik kurerlaridan, diplomatik va konsullik valizalaridan va kodlangan yoki shifrlangan depeshalardan foydalanishi mumkin. Biroq, konsullik muassasasi faqat qabul qiluvchi davlat roziligi bilan radiouzatgich oʻrnatishi va undan foydalanishi mumkin.
2. Konsullik muassasasining rasmiy xat-xabarlari daxlsizdir. Rasmiy xat-xabarlar tushunchasi ostida konsulxona konsullik va uning vazifalariga taalluqli barcha xat-xabarlar tushuniladi.
3. Konsullik valizasini tashkil etuvchi barcha joylar ularning xarakterini koʻrsatuvchi koʻzga tashlanadigan tashqi belgilarga ega boʻlishi va faqatgina rasmiy xat-xabarlar va hujjatlar yoki faqat rasmiy foydalanish uchun moʻljallangan ashyolardan iborat boʻlishi lozim.
4. Konsullik valizasi ochilishi ham, ushlanishi ham mumkin emas. Biroq, qabul qiluvchi davlatning vakolatli idoralarida konsulxona valizasi ichida ushbu moddaning 3-bandida koʻrsatilgan hujjat va ashyolardan tashqari boshqa biror narsaning borligiga jiddiy asoslar boʻlsa, ular valizani ularning huzurida yuboruvchi davlat vakili tomonidan ochilishini talab qilishlari mumkin. Agar yuboruvchi davlat vakillari bu talabni bajarishdan bosh tortsalar, valiza joʻnatilgan joyiga qaytariladi.
5. Konsullik kureri, uning maqomini va konsullik valizasini tashkil qiluvchi joylar sonini koʻrsatuvchi rasmiy hujjat bilan taʼminlanadi. Qabul qiluvchi davlat roziligi mavjud boʻlgan holatdan tashqari, u na qabul qiluvchi davlat fuqarosi, na, agar yuboruvchi davlat fuqarosi boʻlmasa, qabul qiluvchi davlatda doimiy yashayotgan shaxs boʻla olmaydi. Oʻz vazifalarini bajarish jarayonida u qabul qiluvchi davlatning himoyasida boʻladi, shaxsiy daxlsizlikdan foydalanadi va qanday shaklda boʻlishidan qatʼiy nazar, uni ushlash hamda hibsga olish mumkin emas.
6. Yuboruvchi davlat, uning diplomatik vakolatxonasi va konsullik muassasasi konsullik kurerlarni ad hoc tarzida tayinlashi mumkin. Bunday hollarda, shuningdek ushbu moddaning 5-bandi qoidalari qoʻllaniladi, biroq bunday kurerning immunitetlari unga topshirilgan konsullik valizasini manzilga yetkazib topshirishi bilan tugaydi.
7. Konsullik valizasi kelishiga ruxsat berilgan port yoki aeroportga borayotgan fuqarolik samolyoti komandiriga topshirilishi mumkin. U valizani tashkil etgan joylarning soni koʻrsatilgan rasmiy hujjat bilan taʼminlanadi, biroq u konsullik kureri boʻlib hisoblanmaydi. Vakolatli mahalliy maʼmurlar bilan kelishgan holda, konsullik muassasasi havo kemasi komandiridan valizani bevosita va toʻsiqlarsiz qabul qilib olish, hamda bunday valizani topshirish uchun oʻz xodimlaridan birini yuborishi mumkin.
18-modda Konsullik mansabdor shaxslarining shaxsiy daxlsizligi
1. Konsullik mansabdor shaxslari va ularning oila aʼzolari shaxsiy daxlsizlikdan foydalanadilar. Ularni qanday shakl boʻlishidan qatʼiy nazar, ular ushlanmaydi yoki hibsga olinmaydi.
2. Qabul qiluvchi davlat konsullik mansabdor shaxslari va ularning oila aʼzolariga tegishli hurmat bilan qarashi va ularning shaxsiy erkinligi va qadr-qimmatiga qilinadigan har qanday tajovuzlarni oldini olish uchun barcha zarur choralarni koʻrishi lozim.
19-modda Yurisdiksiyadan immunitet
Konsullik mansabdor shaxslari va ularning oila aʼzolari quyida keltirilgan fuqarolik daʼvolaridan tashqari holatlarda qabul qiluvchi davlatda jinoiy, fuqarolik va maʼmuriy yurisdiksiyaga qarshi immunitetga egadirlar:
1) yuboruvchi davlat agenti sifatida majburiyatni toʻgʻridan-toʻgʻri yoki qisman olmasdan konsullik mansabdor shaxslari tomonidan tuzilgan shartnomalardan kelib chiqadigan holatlarda;
2) yoʻl transport vositasi yoki samolyot sabab boʻlgan baxtsiz hodisa tufayli uchinchi tomonga zarar yetkazilgan holatlarda.
20-modda Guvohlik koʻrsatmalar berish majburiyati
1. Konsullik muassasasi xodimlari sud yoki maʼmuriy ishlar olib borilayotganda guvoh sifatida chaqirilishlari mumkin. Konsullik xizmatchisi yoki xizmat koʻrsatuvchi xodim koʻrsatmalarni berishdan bosh tortishlari mumkin emas, ushbu moddaning 3-bandida koʻrsatilgan holatlar bundan mustasno. Agar konsullik mansabdor shaxs koʻrsatmalar berishdan bosh tortsa, unga nisbatan hech qanday majburiy yoki jazo choralari koʻrilishi mumkin emas.
2. Konsullik mansabdor shaxs koʻrsatmasini talab qilayotgan organ, bu shaxsning oʻz vazifalarini bajarishiga toʻsqinlik qilmasligi kerak. Ushbu shaxsning koʻrsatmalari, imkoniyat boʻlgan vaqtda, uning uyida yoki konsullik muassasasida eshitilishi mumkin yoxud undan yozma koʻrsatmalar olinishi mumkin.
3. Konsullik muassasasi xodimlari oʻz vazifalarini bajarish bilan bogʻliq masalalar boʻyicha yoki ularning vazifalariga tegishli boʻlgan rasmiy yozishmalar va hujjatlar yuzasidan koʻrsatma berishga majbur emas. Ular shuningdek yuboruvchi davlatning qonunchiligini tushuntirib beradigan koʻrsatmalar berishga majbur emas.
21-modda Imtiyozlar va immunitetlardan voz kechish
1. Yuboruvchi davlat 18-, 19- va 21-moddalarda koʻrsatilgan, konsullik muassasasi xodimlari va ularning oila aʼzolari foydalanadigan imtiyoz va immunitetlardan voz kechishi mumkin.
2. Ushbu moddaning 3-bandida koʻrsatilgan holatdan tashqari, bunday voz kechish aniq ifodalangan boʻlishi va bu toʻgʻrida qabul qiluvchi davlatga yozma ravishda bildirilishi lozim.
3. Konsullik mansabdor shaxs yoki konsullik xizmatchi tomonidan 19-moddaga muvofiq yurisdiksiyaga qarshi immunitetdan foydalanishi mumkin boʻlgan hollarda ish qoʻzgʻatilsa, asosiy daʼvo bilan bevosita bogʻliq qanday boʻlishidan qatʼiy nazar, qarshi daʼvoga nisbatan yurisdiksiyadan immunitetga havola qilish huquqidan mahrum qiladi.
4. Fuqarolik yoki maʼmuriy ishlarga nisbatan yurisdiksiyaga qarshi immunitetdan voz kechish sud qarorlarining natijasi boʻlgan ijro harakatlari boʻyicha immunitetdan voz kechishni anglatmaydi; bunday harakatlarga nisbatan alohida voz kechish lozim.
22-modda Chet elliklarning roʻyxatdan oʻtishi va yashash uchun ruxsat olishdan ozod qilinishi
1. Konsullik mansabdor shaxslari, konsullik xizmatchilari va ular bilan birga yashaydigan oila aʼzolari qabul qiluvchi davlatning chet elliklarni roʻyxatdan oʻtishi va yashashi uchun ruxsat olinishiga oid qonun va qoidalarida koʻrsatilgan barcha majburiyatlardan ozod qilinadilar.
2. Biroq, ushbu moddaning 1-bandining qoidalari yuboruvchi davlatning doimiy xizmatchisi boʻlmagan konsullik xizmatchisiga hamda bunday xizmatchining har qanday oila aʼzosiga nisbatan qoʻllanilmaydi.
23-modda Ishlash uchun ruxsat olishdan ozod qilish
1. Konsullik muassasasi xodimlari yuboruvchi davlat uchun ishlarni bajarish jarayonida qabul qiluvchi davlat chet elliklarni ishga yollashga oid qonun va qoidalari bilan oʻrnatilgan ishga olish bilan bogʻliq boʻlgan har qanday majburiyatlardan ozod qilinadilar.
2. Konsullik mansabdor shaxslari va konsullik xizmatchilarining xususiy uy xizmatchilari, agar ular qabul qiluvchi davlatda daromad olish maqsadida hech qanday boshqa faoliyat bilan shugʻullanmasalar, ushbu moddaning 1-bandida koʻrsatilgan majburiyatlardan ozod qilinadilar.
24-modda Ijtimoiy taʼminotga oid yigʻimlar
1. Qabul qiluvchi davlatda amalda boʻlgan ijtimoiy taʼminotga taalluqli qoidalar konsullik muassasasi xodimlariga va ular bilan yashaydigan oila aʼzolariga ular yuboruvchi davlat uchun bajaradigan ish borasida taalluqli boʻlmaydi, ushbu moddaning 3-bandida koʻzda tutilgan hollar bundan istisno.
2. Ushbu moddaning 1-bandida koʻrsatilgan istisnolar, jumladan faqatgina konsulxona muassasasi xodimlarining xizmatida boʻlgan xususiy uy xizmatchilariga taalluqli ham boʻladi agar quyidagi shartlar bajarilsa:
a) ular qabul qiluvchi davlat fuqarolari boʻlmasalar va unda doimiy ravishda istiqomat qilmasalar;
b) ularga yuboruvchi davlatda yoki uchinchi davlatda amal qiluvchi ijtimoiy taʼminot toʻgʻrisidagi qoidalar tegishli boʻlmasa.
3. Ushbu moddaning 2-bandida koʻrsatilgan qoidalar taalluqli boʻlmaydigan shaxslarni yollovchi konsulxona muassasasi xodimlari yollovchilarga yuklatiladigan majburiyatlarni bajarishlari lozim.
4. Ushbu moddaning 1- va 2-bandlarida koʻzda tutilgan istisnolar qabul qiluvchi davlatda ijtimoiy taʼminot tizimida koʻngilli ishtirok etishga, bunday ishtirok etishga bu davlat ruxsat berishi sharti bilan toʻsqinlik qilmaydi.
25-modda Soliqlardan ozod qilish
1. Konsullik mansabdor shaxslari va konsullik xizmatchilari, shuningdek ular bilan yashaydigan oila aʼzolari barcha shaxsiy va mulkiy, davlat, tuman va munitsipal soliq, yigʻim va bojlardan ozod etiladi, bundan quyidagilar mustasno:
a) tovar va xizmat bahosiga odatda kiritiladigan bilvosita soliqlar;
b) qabul qiluvchi davlat hududida joylashgan xususiy koʻchmas mulkdan undiriladigan yigʻim va soliqlar, 15-moddaning qoidalarida koʻrsatilgan hollar bundan mustasno;
s) qabul qiluvchi davlat tomonidan meros mulkidan undiriladigan soliqlar yoki meros olish bilan bogʻliq bojlar yoxud mulkning oʻtishiga solinadigan soliqlar, 27-moddaning “b” bandining qoidalarida koʻrsatilgan hollar bundan mustasno;
d) qabul qiluvchi davlatda manbaga ega boʻlgan sarmoyaning foydasini oʻz ichiga olgan xususiy daromadlardan undiriladigan soliq va yigʻimlar, hamda qabul qiluvchi davlatda joylashgan tijorat yoki moliyaviy korxonalardagi sarmoyalarga solinadigan soliqlar;
e) aniq xizmat turlari uchun olinadigan yigʻimlar;
f) roʻyxatga olish, sud va reyestrlar bojlari, ipoteka yigʻimlari, gerb yigʻimlari, 15-moddaning qoidalarida koʻrsatilgan hollar bundan mustasno.
2. Xizmat koʻrsatuvchi xodimlar oʻz ishlari uchun oladigan ish haqidan undiriladigan soliq, yigʻim va bojlardan ozod qilinadilar.
3. Qabul qiluvchi davlatda ish haqi daromad soligʻidan ozod qilinmagan shaxslarni yollagan konsullik muassasasi xodimlari bu davlatning daromad soligʻi solinishini belgilagan qonun va qoidalari yollovchilarga yuklaydigan majburiyatlarni bajaradilar.
26-modda Bojxona koʻrigi va bojlaridan ozod qilish
1. Qabul qiluvchi davlat unda qabul qilingan qonun va qoidalarga muvofiq quyidagilarni olib kirishga ruxsat beradi hamda saqlash, tashish va shunga oʻxshash xizmatlar uchun yigʻimlardan tashqari barcha bojxona bojlari, soliqlari va bu bilan bogʻliq yigʻimlardan ozod qiladi:
a) konsullik muassasasining rasmiy foydalanishi uchun moʻljallangan buyumlar;
b) konsullik mansabdor shaxsi yoki u bilan birga istiqomat qiluvchi oila aʼzolarining shaxsiy foydalanishi jumladan uylarni jihozlash uchun moʻljallangan buyumlarni. Isteʼmol tovarlarining miqdori tegishli shaxslarning bevosita foydalanishi uchun zarur miqdordan oshmasligi kerak.
2. Konsullik xizmatchilari dastlabki joylashishlari vaqtida olib kirilgan buyumlarga nisbatan ushbu moddaning 1-bandida koʻrsatilgan imtiyoz va immunitetlardan foydalanadilar.
3. Konsullik mansabdor shaxslari va ular bilan birga yashovchi ularning oila aʼzolarining bu shaxslar bilan birga keltirilayotgan shaxsiy yuklari koʻrikdan ozod etiladi. Ushbu moddaning 1-bandi “b” kichik bandida koʻrsatilgan buyumlardan boshqa yoki olib kelish va olib chiqish qabul qiluvchi davlat qonun va qoidalarida yoxud uning karantin qonun va qoidalarida taqiqlangan narsalar bor deb hisoblashga jiddiy asoslar mavjud boʻlganida u tekshirilishi mumkin. Bunday tekshirish faqatgina tegishli konsullik mansabdor shaxsi yoki uning oila aʼzosi ishtirokida oʻtkazilishi lozim.
27-modda Konsullik muassasasi xodimlari yoki ularning oila aʼzolarining meros mulki
Konsullik muassasasi xodimi yoki u bilan birga yashovchi oila aʼzosi vafot etgan holda, qabul qiluvchi davlat:
a) vafot etgan shaxsning qabul qiluvchi davlatda sotib olgan va u vafot etgan vaqtda olib ketilishi man qilingan mulkdan tashqari koʻchar mulkini olib ketishga ruxsat beradi;
b) vafot etgan shaxs qabul qiluvchi davlatda konsullik muassasasi xodimi yoki uning oila aʼzosi boʻlganligi sababli, bu davlatda joylashgan merosidan undiriladigan davlat, tuman yoki munitsipal soliqlarini va koʻchar mulkiga merosxoʻrlik qilish uchun olinadigan undirmaydi.
28-modda Shaxsiy majburiylik va undirishlardan ozod etish
Qabul qiluvchi davlat konsullik muassasasi xodimlari va ular bilan yashaydigan oila aʼzolarini, har qanday mehnat va davlat majburiyatlardan, ularning qanday mazmunga ega boʻlishdan qatʼiy nazar, rekvizitsiya, kontributsiya va harbiy qoʻnoq kabi harbiy majburiylikdan ozod etishi lozim.
29-modda Konsullik imtiyoz va immunitetlarining boshlanishi va tugatilishi
1. Konsullik muassasasining har bir xodimi ushbu Konvensiyada koʻrsatilgan imtiyoz va immunitetlardan qabul qiluvchi davlat hududiga kirib oʻz ish joyiga ketayotgan vaqtdan boshlab, yoki u shu davlat hududida boʻlsa, oʻz vazifasini bajarishga kirishgan paytdan boshlab foydalanadi.
2. Konsullik muassasasi xodimi bilan birga yashaydigan oila aʼzolari va qabul qiluvchi mamlakatning fuqarosi yoki yuboruvchi davlatning fuqarosi boʻlmagan qabul qiluvchi mamlakat hududida doimiy yashab kelayotgan uning shaxsiy uy xizmatchilari ushbu Konvensiyada koʻrsatilgan imtiyoz va immunitetlardan ushbu moddaning 1-bandiga muvofiq unga imtiyoz va immunitetlar berilgan vaqtdan boshlab yoki ularning qabul qiluvchi davlat hududiga kirib kelish vaqtidan boshlab yoxud ular uning oila aʼzolari yoki xususiy uy xizmatchilari hisoblana boshlagan paytdan, bundan nima keyinroq boʻlganligiga qarab, foydalanadilar.
3. Konsullik muassasasi xodimining vazifasi tugaganda, uning imtiyoz va immunitetlari, hamda u bilan yashaydigan oila aʼzolari yoki shaxsiy uy xizmatchilarining imtiyoz va immunitetlari ham odatda mazkur shaxsning qabul qiluvchi davlatni tark etishi bilanoq toʻxtaydi yoki buning uchun ajratilgan oqilona muddat tugagunga qadar qaysi fursat avvalroq kelishiga qarab, hatto qurolli toʻqnashuv holatida ham ular saqlanib qolinadi. Ushbu moddaning 2-bandida koʻrsatilgan shaxslarning imtiyoz va immunitetlari ular konsullik muassasasi xodimining oila aʼzosi boʻlishdan toʻxtaganlarida yoki shaxsiy xizmatlari boʻshashlari bilan toʻxtatiladi, ammo bunday shaxslar qabul qiluvchi davlatni oqilona muddat ichida tark etishni koʻzlagan boʻlsalar, ularning imtiyoz va immunitetlari joʻnab ketgunlariga qadar saqlanib qoladi.
4. Biroq konsullik mansabdor shaxsi yoki konsullik xizmatchisi tomonidan oʻzining vazifalarini bajarish jarayonida amalga oshirayotgan harakatlariga nisbatan yurisdiksiyadan immunitet maʼlum bir muddat bilan cheklanmagan holda amal qiladi.
5. Konsullik muassasasi xodimi vafot etgan holda, u bilan birga yashovchi oila aʼzolari berilgan imtiyoz va immunitetlardan qabul qiluvchi davlatdan chiqib ketgunga qadar yoki qabul qiluvchi davlatdan chiqib ketish uchun oqilona muddat oʻtgunga qadar, bundan nima avvalroq boʻlganligiga qarab, foydalanishda davom etadilar.
30-modda Qabul qiluvchi davlatning qonun va qoidalarini hurmat qilish
1. Imtiyoz va immunitetlardan foydalanuvchi har bir shaxs oʻzining imtiyoz va immunitetlariga ziyon yetkizmasdan qabul qiluvchi davlat qonun va qoidalarini hurmat qilishi shart. Shuningdek u bu davlatning ichki ishlariga aralashmasligi lozim.
2. Konsullik binolaridan konsullik vazifalarini bajarishga toʻgʻri kelmaydigan maqsadlarda foydalanish mumkin emas.
3. Ushbu moddaning 2-bandidagi qoidalar binoning konsulxona joylashgan qismida konsullik muassasasi foydalanayotgan xonalardan boʻlak ravishda ajratilgan devonxona va boshqa idora yoki tashkilotni joylashtirish ehtimolini inkor qilmaydi. Bu holda bunday devonxonalar ushbu Konvensiyaga muvofiq konsullik muassasasining qismi boʻlib hisoblanmaydi.
31-modda Uchinchi shaxslarga yetkazilgan zararni sugʻurta qilish
Konsullik muassasasi xodimlari har qanday yoʻl transport vositalari, kema va samolyotdan foydalanish tufayli uchinchi shaxsga yetkazilishi mumkin boʻlgan zarardan sugʻurta qilish borasidagi qabul qiluvchi davlatning qonun va qoidalaridan kelib chiqadigan barcha talablarga rioya qilishlari shart.
32-modda Daromad olish maqsadidagi shaxsiy faoliyatga oid maxsus qoidalar
1. Konsullik mansabdor shaxslari shaxsiy daromad olish maqsadida qabul qiluvchi davlatda tijorat va kasbiy faoliyat bilan shugʻullanmasligi lozim.
2. Ushbu Konvensiyada koʻrsatilgan imtiyoz va immunitetlar:
a) qabul qiluvchi davlatda daromad olish maqsadida xususiy faoliyat bilan shugʻullanuvchi konsullik xizmatchisi yoki xizmat qiluvchi xodimga nisbatan;
b) ushbu bandning “a” kichik bandida koʻrsatilgan shaxsning oila aʼzolari yoki shaxsiy uy xizmatchilariga nisbatan;
s) konsullik muassasasi xodimining daromad olish maqsadida qabul qiluvchi davlatda xususiy faoliyat bilan shugʻullanuvchi oila aʼzolariga nisbatan berilmaydi.
33-modda Qabul qiluvchi davlat fuqarolari va unda doimiy yashovchi shaxslar
Konsullik mansabdor shaxslaridan tashqari qabul qiluvchi davlat fuqarolari boʻlgan va u yerda doimiy yashab kelayotgan konsullik muassasasi xodimlari hamda ularning oila aʼzolari, shuningdek xususiy uy ishchilari qabul qiluvchi davlat ularga taqdim etgan darajadagina afzallik, imtiyoz va immunitetlardan foydalanadi. Lekin qabul qiluvchi davlat ushbu shaxslarga nisbatan oʻz yurisdiksiyasini amalga oshirishda konsullik muassasasi vazifalarini bajarishiga toʻsqinlik qilmasligi lozim.
34-modda Konsullik vazifalarining bajarilishi
Konsullik vazifalari konsullik muassasasi tomonidan amalga oshiriladi. Ushbu Konvensiyaning qoidalariga muvofiq konsullik vazifalari diplomatik vakolatxonalar tomonidan ham bajariladi.
35-modda Konsullik funksiyasini Diplomatik vakolatxonalar tomonidan amalga oshirilishi
1. Ushbu Konvensiya qoidalari diplomatik vakolatxonalar tomonidan konsullik vazifalari bajarilgan hollarda, vaziyatdan kelib chiqib tatbiq qilinadi.
2. Konsullik vazifalarni bajarish topshirilgan diplomatik vakolatxona xodimlarining familiyalari qabul qiluvchi davlat Tashqi ishlar vazirligiga yoki ushbu vazirlik tomonidan koʻrsatilgan organga xabar qilinadi.
3. Konsullik vazifalarni bajarish doirasida diplomatik vakolatxona, qabul qiluvchi davlatning ham mahalliy, ham markaziy maʼmuriyatlariga qabul qiluvchi davlat qonun, qoida va urf-odatlari ruxsat bergan darajada murojaat qilishi mumkin.
4. Ushbu moddaning 2-bandida nazarda tutilgan diplomatik vakolatxona xodimlarining imtiyoz va immunitetlari diplomatik aloqalarga tegishli xalqaro huquq normalar bilan belgilanadi.
36-modda Konsullik vazifalarining konsullik okrugida va tashqarisida, uchinchi davlatda yoki uchinchi davlat nomidan bajarilishi
1. Konsullik mansabdor shaxs oʻz konsullik okrugida ushbu Konvensiyada koʻrsatilgan konsullik vazifalarini bajarish huquqiga ega.
2. Konsullik mansabdor shaxs qabul qiluvchi davlat roziligiga binoan konsullik vazifalarini oʻzining konsullik okrugidan tashqarida ham bajarishi mumkin.
3. Agar qabul qiluvchi davlatning qatʼiy qarshiligi boʻlmasa, yuboruvchi davlat tegishli davlatlarni xabardor qilganidan soʻng qabul qiluvchi davlatda ochilgan konsullik muassasasiga uchinchi davlatda konsullik funksiyalarini bajarishni topshirishi mumkin.
4. Agar qabul qiluvchi davlatning eʼtirozi boʻlmasa, yuboruvchi davlat konsullik muassasasi qabul qiluvchi davlatni xabardor qilganidan soʻng ushbu davlatda uchinchi davlat nomidan konsullik vazifalarni bajarishi mumkin.
37-modda Konsullik vazifalari
Ushbu Konvensiyaning boshqa moddalari qoidalarini hisobga olgan xolda konsullik vazifalari quyidagilardan iborat:
a) qabul qiluvchi davlatda yuboruvchi davlatning, uning fuqarolari va yuridik shaxslari manfaatlarini xalqaro huquq doirasida himoya qilish;
b) yuboruvchi davlat bilan qabul qiluvchi davlat oʻrtasida savdo, iqtisodiy, madaniy va ilmiy aloqalarni rivojlantirish, shuningdek ular oʻrtasida doʻstona munosabatlarni ushbu Konvensiya qoidalariga muvofiq boshqa yoʻllar orqali rivojlantirishga koʻmaklashish;
s) qabul qiluvchi davlatda savdo, iqtisodiy, madaniy va ilmiy hayotidagi shart-sharoit va voqealarni barcha qonuniy yoʻllar bilan aniqlash ular toʻgʻrisida yuboruvchi davlat hukumatiga ular haqida xabar berish va manfaatdor shaxslarga maʼlumotlar taqdim etish;
d) Yuboruvchi davlat fuqarolarining pasport va boshqa yoʻl hujjatlarini berish, bekor qilish, tuzatish, olib qoʻyish yoki ushlab turish hamda yuboruvchi davlatga ketish niyatida boʻlgan shaxslarga viza yoki tegishli hujjatlarni berish, muddatini uzaytirish yoki bekor qilish;
e) yuboruvchi davlatning fuqarolari va yuridik shaxslariga yordam va koʻmak berish;
f) yuboruvchi davlat fuqarolarining qayerda joylashganligini aniqlash uchun agar ularning farovonligi yoki boshqa gumanitar nuqtai-nazarlardan kelib chiqadigan hollarda, qabul qiluvchi davlatning vakolatli organlaridan yordam olish;
g) qabul qiluvchi davlatdan yuboruvchi davlat fuqarolarining tez joʻnab ketishida quyidagi shartlar asosida huquqlarni himoya qilish:
1) joʻnab ketish istagida boʻlgan shaxsga taalluqli maʼmuriy yoki sud jarayonlarini maxsus holatlar yuzaga kelganda bajarish; va
2) joʻnab ketish niyatida boʻlgan shaxs tomonidan joʻnab ketish bilan bogʻliq oddiy rasmiylashtirishlarning bajarilishi, bu talablar kamsituvchi xarakterga ega boʻlmasligi va tez joʻnab ketishga toʻsqinlik qilmasligi sharti bilan;
h) notarius, fuqarolik holatini va boshqa shunga oʻxshash majburiyatlarni roʻyxatga oluvchi majburiyatlarini ijro etish, shuningdek maʼmuriy xarakterga ega baʼzi vazifalarni bajarish, bu holda hech narsa qabul qiluvchi davlat qonun va qoidalariga zid kelmasligi sharti bilan;
i) qabul qiluvchi davlat qonun va qoidalariga muvofiq, qabul qiluvchi davlat hududida “mortis causa” vorislik hollarda yuboruvchi davlat fuqarolari va yuridik shaxslari manfaatlarini himoya qilish;
j) yuboruvchi davlatning fuqarosi boʻlgan toʻla layoqatga ega boʻlmagan, voyaga yetmagan va boshqa shaxslarning manfaatlarini, ayniqsa, bu shaxslarga nisbatan vasiylik va homiylikni oʻrnatish talab qilinganda qabul qiluvchi davlat qonun va qoidalarida belgilangan doirada himoya qilish;
k) qabul qiluvchi davlatda qabul qilingan amaliyot va tartibga rioya etgan holda, yuboruvchi davlat fuqarolarining qabul qiluvchi davlatning qonun va qoidalariga muvofiq bu fuqarolarning huquq va manfaatlarini cheklaydigan dastlabki choralar toʻgʻrisida qarorlarni olish maqsadida vakilligini yoki tegishli vakilligini taʼminlash, agar bunday fuqarolar ishtirok eta olmasligi yoki boshqa sabablarga koʻra oʻz huquq va manfaatlarini oʻz vaqtida himoya qila olmasligi;
1) amaldagi xalqaro bitimlarga yoki bunday bitimlar boʻlmagan taqdirda qabul qiluvchi davlatning qonun va qoidalariga zid boʻlmagan har qanday boshqa tartibga muvofiq, sud va sudga taalluqli boʻlmagan hujjatlarni topshirish yoki sud topshiriqlarini bajarish yoxud yuboruvchi davlat sudlari uchun koʻrsatmalarini olish;
m) yuboruvchi davlatning qonun va qoidalarida koʻzda tutilgan, yuboruvchi davlatga tegishli boʻlgan kema, va ushbu davlatda roʻyxatga olingan samolyotlar, hamda ularning ekipajlariga nisbatan nazorat va inspeksiya huquqlarini amalga oshirish;
n) ushbu moddaning “m” bandida koʻrsatib oʻtilgan kema va samolyotlarga hamda ularning ekipajlariga yordam koʻrsatish, qabul qiluvchi davlat maʼmurlari huquqlariga ziyon yetkazmasdan kema hujjatlarini qabul qilish, yoʻlda yuzaga kelgan har qanday hodisalarni tergov qilish, komandir va ekipaj oʻrtasidagi har qanday nizolarni hal etish, basharti bu yuboruvchi davlat qonun va qoidalarida koʻzda tutilgan.
o) qabul qiluvchi davlat qonun va qoidalari taqiqlamagan yoki qabul qiluvchi davlatning ularni bajarishga eʼtirozi boʻlmagan yoxud yuboruvchi davlat va qabul qiluvchi davlat oʻrtasida amaldagi xalqaro shartnomalarda belgilangan yuboruvchi davlat konsullik muassasasiga yuklatgan boshqa har qanday vazifalarni bajarish.
38-modda Konsullik aloqalari
1. Konsullik mansabdor shaxslari yuboruvchi davlat fuqarolari bilan erkin munosabatlar oʻrnatishi va ular bilan aloqada boʻlishi mumkin. Yuboruvchi davlat fuqarolari yuboruvchi davlat konsullik mansabdor shaxslari bilan xuddi shunday erkin munosabatlar oʻrnatishi va ular bilan aloqada boʻlishi mumkin.
2. Konsullik mansabdor shaxslari qabul qiluvchi davlat vakolatli maʼmurlariga yuboruvchi davlatning bedarak yoʻqolgan fuqarolarini qidirishda yordam koʻrsatish uchun murojaat etishi mumkin.
39-modda Hibsga olish va sud jarayoni borasidagi vazifalar
1. Agar yuboruvchi davlatning biron-bir fuqarosi konsullik okrugi hududida hibsga olingan boʻlsa, u xolda qabul qiluvchi davlat vakolatli organlari bu haqda kechiktirmasdan toʻrt kun muddat ichida yuboruvchi davlat konsullik muassasasini xabardor qiladi.
2. Yuboruvchi davlatning hibsga olingan fuqarosini ushbu konsullik muassasasi nomiga yoʻllayotgan har qanday murojaati qabul qiluvchi davlat vakolatli organlari tomonidan kechiktirilmasdan ushbu konsullik muassasiga yetkaziladi.
3. Konsullik mansabdor shaxs yuboruvchi davlatning hibsdagi fuqarosi bilan suhbat oʻtkazish, hamda uning yuridik vakilligini taʼminlash choralarini amalga oshirish huquqiga ega. Ushbu uchrashuvlarning birinchisiga ruxsat uch kun muddat ichida beriladi.
4. Konsullik mansabdor shaxslari yuboruvchi davlatning fuqarosi nomidan har qanday choralar koʻrishdan, agar mazkur fuqaro konsullik konsulxona mansabdor shaxsining ishtirokida ochiqdan-ochiq bunday harakatlarga eʼtiroz bildirsa, betaraf qoladi.
5. Qabul qiluvchi davlat yuboruvchi davlatning hibsdagi yoki sudga havola qilingan yoki boshqa ish koʻrishga taalluqli boʻlgan fuqarolarini jinoiy ish materiallariga tegishli yozuv kiritilgan holda ushbu moddaning qoidalari toʻgʻrisida xabardor qiladi.
6. Ushbu moddada hibsdagi shaxs, oʻz ichiga qabul qiluvchi koʻrikda saqlanayotgan, hibsga olingan yoki shaxs erkinligini chegaralovchi har qanday boshqa cheklov shakliga uchragan, shu jumladan sud jarayonini kutayotgan dastlabki hibsda saqlanayotgan yoki qabul qiluvchi davlat hududidagi qamoqxonada jazoni oʻtayotgan shaxsni nazarda tutadi.
7. Ushbu moddada bayon qilingan huquqlar, qabul qiluvchi davlat qonun va qoidalariga muvofiq amalga oshiriladi.
40-modda Merosga daxldor vazifalar
1. Qabul qiluvchi davlatning vakolatli organlari mumkin boʻlgan eng qisqa muddat ichida konsullik mansabdor shaxsini uning konsullik okrugi hududida yuboruvchi davlatning fuqarosi sifatida ushbu organlariga maʼlum boʻlgan shaxsning vafoti haqida xabardor qiladi hamda konsullik mansabdor shaxsni meros mulki mavjudligi, vasiyat hamda qabul qiluvchi davlat hududida boʻlgan yoki taqdim etilgan har qanday shaxs ushbu mulkning boshqaruvchisi etib tayinlanganligi toʻgʻrisida maʼlum qiladi.
2. Qabul qiluvchi davlatning vakolatli organlari mumkin boʻlgan eng qisqa muddat ichida konsullik mansabdor shaxsini qabul qiluvchi davlat hududida qoldirilgan meros mulki haqida xabardor qiladi, qachonki merosxoʻr yoki qabul qilishni rad etuvchi yuboruvchi davlat yoki yuboruvchi davlatning fuqarosi sifatida ushbu vakolatli organlarga maʼlum boʻlgan har qanday shaxs boʻlsa.
3. Agar konsullik mansabdor shaxs yuboruvchi davlatning fuqarosi qabul qiluvchi davlat hududidagi vafoti yoki yuboruvchi davlatning vafot etgan fuqarosi qoldirgan qabul qiluvchi davlat hududida meros mulki mavjudligi toʻgʻrisida birinchi boʻlib xabardor boʻlsa, bu haqida qabul qiluvchi davlatning vakolatli organlariga maʼlum qiladi.
4. Konsullik mansabdor shaxsi ushbu moddaning 1-, 2-, 3-bandlarida qayd etilgan meros mulki masalalariga oid, shuningdek, qabul qiluvchi davlatning qonun va qoidalariga muvofiq ruxsat etilgan darajada kuyidagi huquqlarga ega:
a) qabul qiluvchi davlatdan tegishli choralarni qoʻllashni soʻrash yoki shaxsan oʻzi bu meros mulkini himoyalash, saqlab qolish va egalik qilishga oid choralar koʻrish;
b) ushbu bandning “a” kichik bandida nazarda tutilgan chora-tadbirlarni qoʻllashda ishtirok etish yoki biron-bir boshqa yoʻsinda qatnashish;
s) qabul qiluvchi davlatda boʻlmagan va u yerda vakiliga ega boʻlmagan bunday mulkka qonuniy manfaati boʻlgan, yuboruvchi davlat fuqarosining vakilligini taʼminlash.
5. Agar ushbu moddaning 4-bandi “s” kichik bandiga muvofiq vakilligini taʼminlash boʻyicha chora-tadbirlar qoʻllanilsa, bu vakillik shaxslar oʻz shaxsiy vakillarini tayinlamagunlaricha yoki oʻz huquq va manfaatlarini himoya qilish javobgarligini oʻz zimmalariga olmagunlaricha faoliyat koʻrsatadi.
6. Agar yuboruvchi davlatning biron-bir fuqarosi doimiy turar joyiga ega boʻlmasdan turib qabul qiluvchi davlat hududida vaqtincha boʻlib turgan chogʻida vafot etsa, konsullik mansabdor shaxsi yuboruvchi davlatning qonunini hisobga olib vafot etganning hujjatlari, pullari va boshqa shaxsiy mulkiga egalik qilishi va foydalanishi mumkin, qachonki bunday hujjatlar, pullar yoki shaxsiy mulkka daʼvo qilish huquqiga ega boʻlgan shaxs qabul qiluvchi davlat hududida mavjud boʻlmasa. Vaqtinchalik egalik qilish huquqlari qabul qiluvchi davlatning qonun va qoidalariga muvofiq tegishli tarzda belgilangan boshqaruvchi yoki boshqa vakolatlangan shaxsga oʻtkaziladi.
7. Yuboruvchi davlat bilan qabul qiluvchi davlatlar quyidagi yoʻllar bilan merosni oʻtkazishga koʻmaklashadilar:
a) meros mulkining qismlari boʻlgan buyumlarni olib chiqish va olib kirishga ruxsatni taqdim qilish orqali, bu holatda bunday buyumlarni olib chiqish va olib kirishga ruxsat talab etilayotgan davlatlarning qonun va qoidalari bilan toʻgʻridan-toʻgʻri taʼqiqlanmagan boʻlishi kerak; va
b) ushbu bandning “a” kichik bandi qoidalariga muvofiq olib chiqib ketilmaydigan meros mulkining har qanday qismini sotishga ruxsat berish yoʻli orqali; va
s) shunday sotuvdan tushgan sof tushumni yuboruvchi davlat valyutasida yoki erkin muomaladagi valyutada oʻtkazishga ruxsat berish yoʻli, bunda qabul qilishni rad etuvchiga u istiqomat qilayotgan davlatda mukofotlar, soliqlar va bojlar chiqarib tashlanadi.
8. Konsullik mansabdor shaxsi yuboruvchi davlat fuqarosi nomidan, agar bu fuqaro qabul qiluvchi davlat hududida boʻlmasa, sud, hukumat yoki alohida shaxslardan ushbu fuqaro haqli boʻlgan har qanday shaxsning oʻlimi tufayli, jumladan meros mulki, baxtsiz hodisa tufayli badal toʻlash qonunlarga muvofiq amalga oshirilgan toʻlovlar, shuningdek, hayotni sugʻurta qilish bilan bogʻliq sugʻurta polislari boʻyicha pul va boshqa mulkni oladi.
41-modda Fuqarolik masalalari boʻyicha vazifalar
Konsullik mansabdor shaxsi kuyidagi huquqlarga ega:
a) yuboruvchi davlatning fuqarolarini roʻyxatga olish;
b) arizalarni qabul qilish va fuqarolik masalalariga taalluqli, yuboruvchi davlatning qonun va qarorlarini eʼtiborga olgan holda, hujjatlarni qabul qilish, berish yoki taqdim etish.
42-modda Fuqarolik holati masalalari boʻyicha vazifalar
1. Konsullik mansabdor shaxsi kuyidagi huquqlarga ega:
a) yuboruvchi davlat fuqarolarining tugʻilishi va oʻlimi qaydnomalari kitobini yuritish va tegishli xabar va hujjatlarni qabul qilish va olish;
b) yuboruvchi davlat fuqarolarining fuqarolik holatiga tegishli xar qanday iltimosnoma va arizalarni qabul qilish.
2. Ushbu moddaning 1-bandidagi qoidalar tegishli shaxslarni qabul qiluvchi davlatdagi qonun va qarorlardan kelib chiqadigan har qanday majburiyatlardan ozod etmaydi.
43-modda Homiylikka oid vazifalar
1. Qabul qiluvchi davlatning vakolatli organlari tasarrufida tegishli axborot bor boʻlgan taqdirda vasiy yoki homiyni tayinlaganda yuboruvchi davlat fuqarosi boʻlgan voyaga yetmagan yoki toʻla layoqatga ega boʻlmagan boshqa shaxsning manfaatlariga javob bermagan har qanday holat toʻgʻrisida tegishli konsullik muassasasini kechiktirmasdan xabardor qilishlari lozim.
2. Konsullik mansabdor shaxsi qabul qiluvchi davlatning vakolatli organlariga ularning vasiylari yoki homiylari etib tayinlanishga loyiq shaxslarning familiyalarini taklif etish huquqiga ega.
44-modda Yuboruvchi davlatning havo kemalariga koʻmaklashuv
1. Konsulxona mansabdor shaxsi oʻz konsulxona oʻrami doirasida yuboruvchi davlatning qabul qiluvchi davlat hududidagi havo kemalariga, ularning kapitani va ekipaj aʼzolariga yordam berish huquqiga ega, shuningdek:
a) havo kemasi bortiga chiqish, kapitan va xohlagan ekipaj aʼzosini soʻroq qilish, havo kemasi faoliyati, uning parvozi va yuki haqida maʼlumot olish;
b) qabul qiluvchi davlat maʼmurlari huquqlarini kamsitmagan holda parvoz paytida sodir boʻlgan har qanday baxtsiz hodisalarni tekshirish;
s) komandir va ekipaj aʼzolari oʻrtasidagi nizolarni bartaraf etish hamda havo kemasi bortidagi xavfsizlikni taʼminlashga doir choralarni koʻrish;
d) kema kapitani va istalgan ekipaj aʼzosiga tibbiy yordam koʻrsatish yoki oʻz vataniga qaytarishni taʼminlash choralarini koʻrish;
e) havo kemasiga taalluqli hujjatlarni qabul qilish, koʻrib chiqish, tuzish, imzolash yoki tasdiqlash;
f) yuboruvchi davlat topshirigʻi asosida kemaga taalluqli boshqa muammolarni hal etish huquqiga ega.
2. Komandir va ekipaj aʼzolari qabul qiluvchi davlatning qonun va qoidalarini buzmagan holda konsulxona mansabdor shaxsi bilan bevosita bogʻlanish huquqiga egadirlar.
45-modda Yuboruvchi davlat bayrogʻi ostida parvoz qiluvchi havo kemasiga qarshi majburiy choralar qoʻllangan taqdirda himoya qilish
1. Qabul qiluvchi davlat sudlari yoki boshqa vakolatli organlari yuboruvchi davlatning havo kemasida biror-bir majburiy choralar qoʻllamoqchi boʻlsalar yoki qandaydir tekshiruv oʻtkazishni topshirmoqchi boʻlsalar, ular konsulxona muassasasini konsulxona mansabdor shaxsi yoki uning ishonchli vakili bu harakatlarni amalga oshirish davomida ishtirok etishi uchun oldindan ogohlantiradilar. Agar shoshilinch boʻlgani tufayli ogohlantirishning imkoni boʻlmasa, konsulxona muassasasi qabul qiluvchi davlat vakolatli organlari tomonidan amalga oshirilgan harakatlar toʻgʻrisida, konsulxona mansabdor shaxsining iltimosiga koʻra esa amalga oshirilgan harakatlarning natijalari toʻgʻrisida zudlik bilan xabardor qilinishi zarur.
2. Ushbu moddaning 1-bandi qoidalari qabul qiluvchi davlat hududida uning vakolatli organlari tomonidan (havo kemasi borti chegaralaridan tashqarida) havo kemasi komandiri yoki biron bir ekipaj aʼzosiga nisbatan amalga oshirilgan harakatlarga ham taalluqli.
3. Ushbu moddaning 1- va 2-bandlari qoidalari qabul qiluvchi davlat vakolatli organlari tomonidan bojxona, aeroport maʼmuriyati, karantin, chegara nazorati masalalarida amalga oshiriladigan kundalik tekshiruvlarga hamda parvoz xavfsizligini taʼminlash yoki tevarak-atrof hududini ifloslantirishning oldini olishga qaratilgan choralarga taalluqli emas.
4. Agarda qabul qiluvchi davlat tinchligi, xavfsizligi va jamoat tartibi buzilmasa, qabul qiluvchi davlat vakolatli organlari yuboruvchi davlat havo kemasi ichki ishlariga aralashishi mumkin emas, havo kemasi komandirining shaxsiy iltimosi yoki roziligi yoxud yuboruvchi davlat konsulxona mansabdor shaxsi roziligi bilan amalga oshiriladigan harakatlar bundan mustasno.
46-modda Qabul qiluvchi davlat hududida halokatga yoki avariyaga uchragan havo kemalariga koʻrsatiladigan yordam
1. Agar yuboruvchi davlat bayrogʻi ostida parvoz qiluvchi havo kemasi halokatga yoki avariyaga uchrasa, sayoz joyga tushib qolsa qabul qiluvchi davlatning vakolatli organlari konsulxona muassasasini kema bortidagi odamlar, yuk va boshqa mollarni qutqarish borasida koʻrilgan choralar haqida zudlik bilan xabardor qiladilar.
2. Qabul qiluvchi davlat vakolatli organlari konsulxona muassasasi mansabdor shaxsiga halokatga yoki avariyaga uchragan havo kemasiga, uning ekipajiga va yoʻlovchilariga yordam berishiga toʻsqinlik qilmaydi va shu maqsadda konsulxona mansabdor shaxsi qabul qiluvchi davlat maʼmurlariga yordam soʻrab murojaat qilishi mumkin.
3. Qabul qiluvchi davlatning vakolatli organlari agar yuboruvchi davlat havo kemasi halokatga yoki avariyaga uchrasa, yoki havo kemasiga qarashli qandaydir narsalar yo yuk hududidan topilsa yoki qabul qiluvchi davlat aeroportiga keltirilsa va bunda komandir, egasi, yoxud sugʻurta kompaniyasining vakili ishtirok eta olmasa yo bularni saqlash yoki tasarruf qilish choralarini koʻra olmasa, konsulxona muassasasini zudlik bilan ogohlantiradilar. Bunday sharoitda konsulxona mansabdor shaxsi ular nomidan zarur choralar koʻrishi mumkin.
4. Yuboruvchi davlatning halokatga yoki avariyaga uchragan havo kemasi yuki va mulki uchun hech qanday boj toʻlovlari olinmaydi, qabul qiluvchi davlatning davlatda ularning sotilgan yoki foydalanilgan hollari bundan mustasno.
5. Konsulxona mansabdor shaxsi qabul qiluvchi davlatning vakolatli idoralari tomonidan havo kemasining halokatga yoki avariyaga uchraganligi sabablari aniqlanayotgan paytda qatnashish huquqiga ega.
47-modda Qabul qiluvchi davlat organlari bilan munosabatlar
Konsullik mansabdor shaxs oʻz vazifalarni bajarish jarayonida quyidagilarga murojaat qilishi mumkin:
a) konsullik okrugida joylashgan qabul qiluvchi vakolatli mahalliy organlariga;
b) qabul qiluvchi davlat qonunlari, qoidalari va odatlari yoki tegishli xalqaro shartnomalar ruxsat bergan darajada qabul qiluvchi davlatning markaziy organlariga.
48-modda Konsullik yigʻimlar
1. Konsullik muassasasi qabul qiluvchi davlat hududida yuboruvchi davlatning qonun va qoidalarida nazarda tutilgan konsullik harakatlarini bajarish uchun yigʻim va bojlarni undirishi mumkin.
2. Ushbu moddaning 1-bandida nazarda tutilgan toʻplangan yigʻim va bojlar shaklidagi pullar va bunday yigʻim va bojlar olinganligi toʻgʻrisidagi kvitansiyalar qabul qiluvchi davlatda barcha soliq, yigʻim va bojlardan ozod qilinadi.
3. Qabul qiluvchi davlat konsullik muassasasiga shu yoʻsinda toʻplangan pullarni uning rasmiy bank hisob raqamiga oʻtkazishga ruxsat beradi.
49-modda Konsullik muassasasi xodimlari vazifalarining toʻxtatilishi
Konsullik muassasasi xodimi vazifasi qoʻyidagi hollarda toʻxtatiladi, xususan:
a) yuboruvchi davlat qabul qiluvchi davlatga uning vazifalari toʻxtaganligini xabar qilish bilan;
b) ushbu Konvensiyaning 3-moddasiga muvofiq qabul qiluvchi davlat tomonidan berilgan ekzekvatura yoki boshqa ruxsatnomaning bekor qilinishi bilan;
s) qabul qiluvchi davlat yuboruvchi davlatga uning konsullik xodimi sifatida qabul qiluvchi davlat hisoblashni toʻxtatgani haqida xabar qilinishi bilan.
50-modda Qabul qiluvchi davlatdan joʻnab ketish
Qabul qiluvchi davlat qurolli mojaro boʻlgan vaziyatda ham konsullik muassasasi xodimlariga va qabul qiluvchi davlat fuqarosi boʻlmagan xususiy uy xodimlariga yoki uning hududida doimiy yashab kelayotgan chet elliklarga hamda fuqaroligidan qatʼiy nazar ular bilan birga yashayotgan ularning oila aʼzolariga joʻnab ketishga tayyorgarlik koʻrishlari va tegishli xodimlarning vazifalari tugagandan soʻng iloji boricha tezroq chiqib ketishlari uchun zarur boʻlgan vaqt va sharoitni yaratib berishi lozim. Xususan, u lozim boʻlgan taqdirda, ularning ixtiyoriga oʻzlari uchun yoki qabul qiluvchi davlatda sotib olingan, joʻnab ketishi vaqtida olib ketish taqiqlanmagan, mulklari uchun transport vositalari berishi lozim.
51-modda Konsullik binolari va arxivini hamda yuboruvchi davlat manfaatlarini favquloddagi sharoitlarda qoʻriqlash
1. Ikki davlat oʻrtasidagi konsullik munosabatlari uzilgan taqdirda:
a) qabul qiluvchi davlat, hatto qurolli ixtilof roʻy bergan taqdirda ham konsullik binosi, shuningdek konsullik muassasasi va konsullik arxivini hurmat qilish va qoʻriqlashi shart;
b) yuboruvchi davlat konsullik binolarini, shuningdek ularda joylashgan mulkni va konsullik arxivini qoʻriqlashni qabul qiluvchi davlatga maʼqul boʻlgan uchinchi davlatga ishonib topshirishi mumkin;
s) yuboruvchi davlat oʻzining manfaatlarini va oʻzini fuqarolarining manfaatlarini himoya qilishni qabul qiluvchi davlatga maʼqul boʻlgan uchinchi davlatga ishonib topshirishi mumkin.
2. Konsullik muassasasi vaqtinchalik yoki butunlay yopilgan hollarda ushbu moddaning 1-bandi “a” kichik bandi qoidalari qoʻllaniladi. Bundan tashqari:
a) agar yuboruvchi davlat qabul qiluvchi davlatda diplomatik vakolatxonasiga ega boʻlmasa, lekin bu davlat hududida boshqa konsullik muassasasiga ega boʻlsa ushbu konsullik muassasasiga yopilgan konsullik muassasasini undagi mulki va konsullik arxivi bilan birgalikda qoʻriqlash va qabul qiluvchi davlat roziligi bilan, bu konsullik muassasasi okrugida konsullik vazifalarini bajarishini ishonib topshirilishi mumkin; yoki
b) agar yuboruvchi davlat qabul qiluvchi davlatda diplomatik vakolatxonasiga yoki boshqa konsullik muassasasiga ega boʻlmasa, u xolda ushbu moddaning 1-bandi “b” va “s” kichik bandlarining qoidalari qoʻllaniladi.
52-modda Kuchga kirish va amal qilish muddati
1. Ushbu Konvensiya Ahdlashuvchi Tomonlarning konstitutsiyaviy qoidalariga muvofiq ratifikatsiya qilinishi lozim va ratifikatsiya yorliqlari almashingan sanadan soʻng 30 kun oʻtgach kuchga kiradi.
2. Ushbu Konvensiya Ahdlashuvchi Tomonlardan biri diplomatik kanallar orqali ushbu Konvensiyaning amal qilishini toʻxtatish toʻgʻrisidagi oʻzining niyati haqida yozma xabarnomani boshqa Ahdlashuvchi Tomonga taqdim etgan sanadan olti oy oʻtgunga qadar amal qiladi.
Toshkent shahrida 2004-yil 23-martda ikki nusxada, har biri oʻzbek, ozarbayjon va rus tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar bir xil kuchga ega.
Ushbu Konvensiyani talqin qilish maqsadlarida rus tilidagi matndan foydalaniladi.
(imzolar)
