Milliy geografik axborot tizimini yaratish loyihasini amalga oshirish toʻgʻrisida
10.05.2005
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Koreya Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Koreya Respublikasi Hukumati, bundan keyin “Tomonlar” deb ataluvchilar,
ikki mamlakat va ularning xalqlari oʻrtasida mavjud doʻstona munosabatlarga tayanib,
ikki mamlakat oʻrtasidagi munosabatlarning rivojlanishini hamkorlik yoʻli bilan mustahkamlash va kengaytirish istagida,
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Koreya Respublikasi Hukumati oʻrtasida ilmiy-texnikaviy hamkorlik toʻgʻrisida 1992-yil 17-iyunda imzolangan Bitimga muvofiq,
Oʻzbekiston Respublikasida Milliy geografik axborot tizimini yaratish loyihasini, bundan keyin “Loyiha” deb ataladigan, amalga oshirish yoʻli bilan axborot texnologiyalari sohasida yaqin hamkorlik qilishning ikkala mamlakat uchun ham foydali ekanligini eʼtirof etib,
quyidagilar toʻgʻrisida ahdlashib oldilar:
1-modda
Loyihaning maqsadi Oʻzbekiston Respublikasining infratuzilmasini boshqarish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasida milliy geografik axborot tizimini yaratish orqali geografik axborotni samarali qoʻllashda koʻmaklashishdan iborat.
2-modda
Loyiha 2006-yilning 31-dekabrida yakunlanadi.
3-modda
1. Koreya Respublikasi Hukumati (bundan keyin “Koreya Hukumati” deb ataluvchi), oʻzining amaldagi ichki qonun va qonun osti hujjatlariga muvofiq va budjet ajratmalari doirasida Loyihani amalga oshirish uchun kamida bir million ikki yuz ellik ming (1.250.000) AQSh dollari miqdorida grant taqdim etadi, unga tizimni yaratish, uskunalarni topshirish, Oʻzbekiston oʻquvchilarini Koreya Respublikasiga taklif qilish va Koreyalik ekspertlarini Oʻzbekiston Respublikasiga joʻnatish kiradi.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati (bundan keyin “Oʻzbekiston Hukumati” deb ataluvchi) oʻzining amaldagi qonunlari va qonun osti hujjatlariga muvofiq Loyihani tayyorlash va amalga oshirish uchun resurslarni taʼminlashda zarur choralarni koʻradi, bunga 6 va 7-moddalarga muvofiq ijroiya tashkilotlar oʻrtasida kelishiladigan yer uchastkalari, inson resurslari, infratuzilma hamda boshqa materiallarni taqdim etish kiradi.
4-modda
1. Oʻzbekiston Hukumati Koreya Hukumati tomonidan taqdim etiladigan uskunalarni Oʻzbekiston Respublikasida portdan yoki aeroportdan boshlab sugʻurtalash, tushirish, va mamlakat ichida tashish bilan bogʻliq barcha xarajatlarni oʻz zimmasiga oladi.
2. Oʻzbekiston Hukumati oʻzining amaldagi ichki qonunlari va qonun osti hujjatlariga muvofiq Koreya Hukumati tomonidan taqdim etiladigan uskuna va materiallarga solinadigan toʻlovlar, import bojlari va davlat yigʻimlari bilan bogʻliq barcha xarajatlarni oʻz hisobidan zimmasiga oladi. Oʻzbekiston Hukumati Koreya Hukumati tomonidan moliyalashtiriladigan loyiha doirasida keltiriladigan uskunalar, materiallar, boshqa moddiy-texnika resurslarini bojxona toʻlovlaridan ozod qiladi.
3. Oʻzbekiston Hukumati loyihada ishtirok etadigan koreyalik xodimlarga loyihani amalga oshirish uchun lozim boʻlgan zarur ruxsatnomalarni rasmiylashtiradi va bu xodimlarni boshqa mamlakatlardan bu kabi ishlarni bajarish uchun daʼvat etilgan xodimlarnikidan kam boʻlmagan qulaylik hajmida imtiyozlar, erkinliklar va benefitsiyalar bilan taʼminlaydi.
4. Oʻzbekiston Hukumati Loyihada faoliyat yuritadigan barcha koreyalik xodimlarni ular tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kiriladigan uskunalar, materiallar va tovarlarga amaldagi ichki qonun va qonun osti hujjatlariga muvofiq solinadigan soliq, bojxona toʻlovlari, yigʻimlar va boshqa toʻlovlardan ozod etadi.
5. Oʻzbekiston Hukumati Loyihada faoliyat yuritadigan koreyalik xodimlarni ular tomonidan oʻz majburiyatlarini ado etishni atayin buzish yoki oʻta eʼtiborsizlik natijasida yuzaga kelgan daʼvolardan tashqari, ular uchun Oʻzbekiston Respublikasida belgilangan vazifalarni ijro etish bilan bogʻliq har qanday daʼvolardan himoyalashni va ularning xavfsizligini taʼminlaydi.
6. Oʻzbekiston Hukumati ushbu moddada nazarda tutilgan imtiyozlarni berishning rasmiy tomoni boʻyicha zudlik bilan zarur yordam koʻrsatadi.
5-modda
Loyiha uchun yodgorlik lavhasi yoki yodgorlik Loyiha yakunlangach Loyiha uchastkasida joylashtiriladi. Yodgorlik lavhasi yoki yodgorlik tafsilotlari Tomonlar oʻrtasida oʻzaro kelishiladi.
6-modda
1. Har bir Tomon Loyihani amalga oshirish uchun masʼul tashkilotni (bundan keyin “ijroiya tashkiloti” deb ataladi) tayinlaydi.
2. Oʻzbekiston Hukumati tomonidan “Yergeodezkadastr” Davlat qoʻmitasi va Koreya Hukumati tomonidan Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOISA) ijroiya tashkilotlari hisoblanadi.
7-modda
Ijroiya tashkilotlari Loyihani amalga oshirish bilan bogʻliq barcha masalalarni oʻzaro kelishib oladilar va zarur hollarda har qanday masalalarni ikki tomonlama maslahatlashuvlar oʻtkazib, tartibga solishlari mumkin.
8-modda
1. Ushbu Bitim imzolangan kundan boshlab kuchga kiradi.
2. Tomonlardan biri ushbu Bitimning amal qilishini toʻxtatish niyati toʻgʻrisida diplomatik kanallar orqali yozma xabarnoma kamida uch (3) oy ilgari yuborilguniga qadar amal qilishini toʻxtatmasa, u 2006-yil 31-dekabrga qadar amal qiladi.
3. Tomonlarning oʻzaro roziliklariga koʻra Ushbu Bitimga Tomonlar oʻrtasida diplomatik kanallar orqali notalar almashish yordamida oʻzgartishlar kiritilishi mumkin.
4. Ushbu Bitimning bajarilishi kechiktirilgan holda uning amal qilish muddati Tomonlarning oʻzaro roziliklariga koʻra Loyihaning rasmiy yakuniga qadar uzaytirilishi mumkin.
Ushbuni tasdiqlab, oʻz Hukumatlari tomonidan belgilangan tarzda vakolatlangan quyida imzo chekuvchilar ushbu Bitimni imzoladilar.
Toshkent shahrida 2005-yil 10-mayda ikki nusxada, har biri oʻzbek, koreys va ingliz tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar bir xilda autentikdir. Talqin qilishda kelishmovchiliklar yuzaga kelgan holda ingliz tilidagi matn ustuvor kuchga ega.
(imzolar)
