Kichik va xususiy tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash sohasida hamkorlik toʻgʻrisida
05.04.2005
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Hindiston Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Hindiston Respublikasi Hukumati, bundan keyin “Tomonlar” deb ataluvchilar,
2000-yil 2-mayda imzolangan hamkorlik toʻgʻrisida Qoʻshma bayonotga asoslanib, va,
kichik va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish istagida,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda Hamkorlik vazifalari va jabhalari
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Hindiston Respublikasi Hukumati oʻzaro kelishilgan shartlar asosida hamkorlikning quyidagi vazifalari va jabhalari boʻyicha ahdlashib oldilar:
1. Oʻzbekistonda kichik va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida mutaxassislar almashinuvi orqali rivojlanish siyosati va institutsional tuzilmalar uchun imkoniyatlar yaratish.
2. Oʻzbekistonda kichik va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida taraqqiyot jabhalari va imkoniyatlarini aniqlashga yoʻnaltirilgan sanoat salohiyatini tadqiq qilish va amaliy imkoniyatlarni oʻrganish.
3. Ikki mamlakat tadbirkorlari va institutlari oʻrtasidagi hamkorlikni hamda sherikchilik loyihalarini qoʻllab-quvvatlash.
4. Kichik va xususiy tadbirkorlar uchun moʻljallangan menedjerlik va texnik malakalarni yaxshilashga yoʻnaltirilgan oʻquvlarni yoʻlga qoʻyish.
5. Oʻzbekistonda kichik loyihalarga tegishli va mahsulotlarni bozorda sotishga moʻljallangan koʻrgazmalar hamda savdo yarmarkalarini tashkil etish.
6. Oʻzbekiston va Hindiston ishbilarmonlari oʻrtasida mustahkam tadbirkorlik uyushmalarini tuzishni hamda texnologiyalarni yetkazib berishni yoʻlga qoʻyishda yordam beruvchi biznes missiyalar bilan almashish.
2-modda Qoʻshma qoʻmita
Qoʻshma qoʻmita, bundan keyin “Qoʻmita” deb ataluvchi, ushbu Bitim yuzasidan monitoringni amalga oshiradi.
Qoʻmita Oʻzbekiston tomonidan Davlat mulkini boshqarish va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash davlat qoʻmitasi va Hindiston tomonidan Kichik sanoat vazirligi vakillaridan tashkil topadi.
3-modda
Qoʻmita navbatdagi yigʻilishlarini muqobil tarzda Oʻzbekiston va Hindistonda oʻtkazadi hamda zarur hollarda Tomonlarning talabiga koʻra navbatdan tashqari majlislar chaqirishi mumkin.
Qoʻmita hamkorlikni rivojlantirish yuzasidan loyihaviy dasturlar ishlab chiqadi, rejalashtiradi va monitoringni amalga oshiradi hamda ikki davlat oʻrtasidagi munosabatlar va hamkorlikni yaxshilash maqsadida qabul qilinishi lozim boʻlgan choralar yuzasidan takliflar beradi.
4-modda Axborot almashinuvi
Tomonlar doimiy tarzda kichik va xususiy tadbirkorlik, rivojlanish va hamkorlik imkoniyatlariga tegishli boʻlgan maʼlumotlar bilan almashadilar hamda shu yoʻnalishda faoliyat olib boradilar.
5-modda Oʻzgartishlar
Tomonlar oʻzaro kelishuvga koʻra ushbu Bitimga oʻzgartishlar kiritishlari mumkin. Har qanday oʻzgartishlar ushbu Bitimning kuchga kirish shart-sharoitlari bilan bir xil ravishda kuchga kiradi.
6-modda Nizolar
Ushbu Bitimni talqin qilishda kelib chiqadigan nizolar oʻzaro maslahatlashuvlar va muzokaralar orqali va zarurat boʻlgan holda diplomatik kanallar orqali hal qilinadi.
7-modda
Ushbu Bitim ikki Tomon imzolagandan keyin kuchga kiradi va Tomonlardan biri uning amal qilishini toʻxtatish toʻgʻrisida boshqa Tomonni diplomatik kanallar orqali 90 kun oldin xabardor qilgunga qadar oʻz kuchini saqlab qoladi. Tomonlar boshqacha ahdlashib olmasalar, ushbu Bitimning oʻz kuchini yoʻqotishi, uning shartlari asosida va tugatilishidan oldin olib borilgan loyihalarning toʻxtatilishiga olib kelmaydi,
Ushbuni tasdiqlab, quyidagi vakillar tegishlicha oʻz Hukumatlari tomonidan berilgan vakolatga ega boʻlgan holda mazkur Bitimni imzoladilar.
Dehli shahrida 2005-yil 5-aprelda oʻzbek, hind va ingliz tillarida, ikki asl nusxada tuzildi. Talqin qilishda kelishmovchiliklar yuzaga kelsa, ingliz tilidagi matn ustuvor hisoblanadi.
(imzolar)
