Iqtisodiy, sanoat va ilmiy-texnikaviy hamkorlik toʻgʻrisida
28.06.2004
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Chexiya Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Chexiya Respublikasi Hukumati, bundan buyon “Tomonlar” deb ataluvchilar,
1996-yil 21-iyundagi bir tomondan Oʻzbekiston Respublikasi va ikkinchi tomondan Yevropa hamjamiyatlari va ularning aʼzo davlatlari oʻrtasida sherikchilikni oʻrnatuvchi Sherikchilik va hamkorlik toʻgʻrisida Bitim qoidalariga asoslanib,
uzoq muddatli anʼanaviy iqtisodiy munosabatlarni inobatga olib,
iqtisodiy, sanoat va ilmiy-texnikaviy hamkorlikni mustahkamlash va qoʻllab-quvvatlashga intilib,
teng huquqlilik, oʻzaro manfaat, oʻzaro foyda va xalqaro huquq prinsiplariga amal qilgan holda,
quyidagilar toʻgʻrisida ahdlashib oldilar:
1-modda
Tomonlar ikki mamlakat manfaatlarida iqtisodiy, sanoat va ilmiy-texnikaviy hamkorlikni rivojlantirishga, mustahkamlashga va chuqurlashtirishga intiladilar.
2-modda
Erishilgan iqtisodiy, sanoat va ilmiy-texnikaviy hamkorlik darajasini inobatga olib, Tomonlar asosan quyidagi sohalarda hamkorlik qiladilar:
yengil sanoat,
transport, shu jumladan transport vositalari,
energetika, shu jumladan uchinchi mamlakatlar bozorida hamkorlik qilish,
sogʻliqni saqlash va farmatsevtika sanoati,
kimyo va neft-kimyo sanoati,
gaz sanoati,
sellyuloza-qogʻoz sanoati,
elektr uskunalari va elektr maishiy moslamalari,
elektron va elektrotexnika sanoati,
qishloq xoʻjaligi texnikasi,
oziq-ovqat sanoati uskunalari, shu jumladan qayta ishlash sanoati uskunalari,
yuqorida koʻrsatilmagan boshqa uskunalar,
ekologik mashinasozlik,
togʻ-kon sanoati,
qurilish materiallari va uskunalarini ishlab chiqarish,
elektrostansiyalarni, shu jumladan oʻtkazuvchan elektr tarmoqlarini zamonaviylashtirish va qayta tiklash,
gaz va neft quvurlarini kengaytirish va qayta tiklash,
sanoat va fuqarolik qurilishidagi qurilish ishlari,
sanoatning turli sohalaridagi mutaxassislarni oʻqitish va taʼlim berish.
3-modda
Ushbu Bitimning 2-moddasida belgilangan sohalardagi hamkorlikni taʼminlash maqsadida tegishli hukumat organlari, tashkilotlari va ishbilarmonlar doirasi vakillaridan iborat Iqtisodiy, sanoat va ilmiy-texnikaviy hamkorlik boʻyicha oʻzbek-chex Hukumatlararo Komissiyasi (keyingi oʻrinlarda “Hukumatlararo Komissiya”) tuziladi.
4-modda
Hukumatlararo Komissiya yigʻilishlari lozim boʻlganda, biroq bir yilda kamida bir marta navbatma-navbat Oʻzbekiston Respublikasi va Chexiya Respublikasida oʻtkaziladi. Hukumatlararo Komissiya oʻzining ish tartibini belgilaydi.
5-modda
1. Hukumatlararo Komissiya faoliyatining asosiy vazifalari quyidagilardir;
a) oʻzaro manfaatlarni aks ettiruvchi sohalarda iqtisodiy, sanoat va ilmiy-texnikaviy hamkorlik dasturlarining muhokamasi;
b) kredit berish hamda iqtisodiy, sanoat va ilmiy-texnikaviy hamkorlikni moliyalashtirishni taʼminlash uchun qulay sharoitlar yaratish;
v) kichik va oʻrta tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha qabul qilingan dasturlarni tayyorlash va amalga oshirish;
g) ikki mamlakat subyektlarining Tomonlar hududlarida oʻtkaziladigan xalqaro koʻrgazmalar va yarmarkalarda ishtirok etishi uchun, shuningdek ikki Tomon mamlakatlarining Savdo-sanoat palatalari hamkorlik qilishi uchun tegishli sharoitlarni yaratish;
d) infratuzilmaning ekologik xavfsiz tizimlarini rivojlantirishda hamkorlik, jumladan quyidagi sohalarda:
energetika;
avtomobil va temir yoʻl tarmoqlari;
aviatsiya transporti;
telekommunikatsiya;
sanoat va maishiy chiqindilarni yigʻish va qayta ishlash;
sugʻorish tizimi va melioratsiya;
e) atrof-muhit muhofazasi va ekologik xavfsizlikka erishish, bunda asosan tabiiy resurslarning ratsional ishlatilishi inobatga olinadi, hamda sanoat rivojlanishining global va mintaqaviy dasturlariga muvofiq ekologik toza ishlab chiqarish sohasini kengaytirish;
j) xalqaro xavfsizlik standartlariga muvofiq atom reaktorlari xavfsizligini oshirishga qaratilgan maxsus dasturlar ishlab chiqish.
2. Hukumatlararo Komissiya kooperatsiya munosabatlari va ishlab chiqarish hamkorligining boshqa shakllarining rivojlanishiga koʻmaklashadi.
6-modda
Ushbu Bitim doirasidagi hamkorlik Tomonlarning xalqaro huquq normalari, 1996-yil 21-iyundagi bir tomondan Oʻzbekiston Respublikasi va ikkinchi tomondan Yevropa hamjamiyatlari va ularning aʼzo davlatlari oʻrtasida sherikchilikni oʻrnatuvchi Sherikchilik va hamkorlik toʻgʻrisidagi Bitim hamda bir tomondan Oʻzbekiston Respublikasi va ikkinchi tomondan Yevropa hamjamiyatlari yoki Yevropa hamjamiyatlari va ularning aʼzo davlatlari oʻrtasidagi boshqa xalqaro shartnomalarning normalari hamda Chexiya Respublikasining Yevropa Ittifoqiga aʼzoligidan kelib chiqadigan majburiyatlari asosida amalga oshiriladi.
7-modda
Tomonlarning oʻzaro kelishuviga muvofiq, ushbu Bitimga uning ajralmas qismi hisoblanadigan alohida bayonnomalar bilan rasmiylashtiriladigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.
8-modda
Ushbu Bitimning qoʻllanilishi va talqin etilishi bilan bogʻliq nizolar Tomonlarning muzokara oʻtkazishi yoʻli bilan hal etiladi.
9-modda
Ushbu Bitim imzolangan kundan boshlab kuchga kiradi.
10-modda
Ushbu Bitim besh yilga tuziladi va bir Tomon boshqa Tomonni kamida 6 oy oldin Bitimning amal qilishini toʻxtatish toʻgʻrisida yozma shaklda xabardor qilmagunga qadar oʻz-oʻzidan bir yillik muddatlarga uzaytiriladi.
Toshkent shahrida 2004-yil 28-iyunda ikki asl nusxada, har biri oʻzbek, chex va rus tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar bir xil kuchga ega.
Talqin qilishda kelishmovchiliklar yuzaga kelsa, Tomonlar rus tilidagi matnga amal qiladilar.
(imzolar)
