Noqonuniy boʻlib turgan shaxslarni qayta qabul qilish toʻgʻrisida
07.04.2004
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Latviya Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Latviya Respublikasi Hukumati, bundan keyin “Tomonlar” deb ataluvchilar,
noqonuniy chegaralararo migratsiyani oldini olishga hissa qoʻshish va ushbu migratsiyaga qarshi kurashish istagiga amal qilib,
oʻzaro manfaatli asosda va hamkorlik ruhida Tomonlardan birining davlati hududiga noqonuniy kirgan va/yoki ushbu Tomonning davlati hududida noqonuniy boʻlgan shaxslarni qayta qabul qilishni yengillashtirishga koʻmaklashish maqsadida,
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh assambleyasi tomonidan 1948-yil 10-dekabrda qabul qilingan Inson huquqlari Umum deklaratsiyasi va Inson huquqlari va asosiy erkinliklarini himoya qilish toʻgʻrisida 1950-yil 4-dekabrdagi Konvensiyani eʼtiborga olib,
quyidagilar toʻgʻrisida ahdlashib oldilar:
1-modda Taʼriflar
Ushbu Bitim maqsadlarida quyidagi taʼriflar qoʻllanadi:
a) “soʻrayotgan tomon” — shaxsning topshirilishi yoki tranziti toʻgʻrisida soʻrovni yuborayotgan Tomon;
b) “soʻralayotgan tomon” —- shaxsning topshirilishi yoki tranziti toʻgʻrisida soʻrov yuborilgan Tomon;
c) “chet ellik” — Tomonlardan birining davlati fuqarosi boʻlmagan shaxs;
d) “viza” — Tomonning vakolatli organ tarafidan uning davlati hududiga bir marta yoki koʻp martalik kirish va uning davlati hududida aniq vaqt davomida boʻlishi uchun berilgan yuridik amaldagi ruxsat;
e) “boʻlish uchun ruxsat” — Tomonning vakolatli organi tarafidan tegishli shaxsga mamlakatga koʻp martalik kirish va unda boʻlishi uchun huquq beradigan yuridik amaldagi ruxsat. Mamlakatda boʻlishi uchun ruxsat viza hisoblanmaydi hamda shaxsga boshpana berish yoki mamlakatda boʻlishi uchun ruxsat berish toʻgʻrisidagi arizani koʻrib chiqish vaqtida yoxud milliy qonunchiligiga muvofiq shaxsni mamlakatdan deportatsiya protsedurasini amalga oshirilayotgan davr ichida ushbu Tomon davlati hududida boʻlishi uchun imkoniyat bermaydi.
2-modda Oʻz fuqarolarini qayta qabul qilish
1. Tomonlarning har biri boshqa Tomonning yozma arizasini olganidan soʻng va ortiqcha rasmiyatchiliksiz soʻrayotgan Tomon davlati hududiga kirish yoki uning davlati hududida boʻlishi toʻgʻrisidagi amalda boʻlgan qonunlar qoidalariga mos boʻlmagan yoxud bundan keyin mos kelmaydigan har qanday shaxsni qayta qabul qiladi, agar koʻrsatilgan shaxs soʻralayotgan Tomon davlatining fuqarosi ekanligi isbotlangan yoki buni taxmin qilishga yetarli asos boʻlsa. Soʻrayotgan Tomon davlati hududiga kirganidan soʻng soʻralayotgan Tomon davlatining fuqaroligini yoʻqotib qoʻyganda yoki soʻrayotgan Tomon davlatida naturilizatsiya (fuqarolikni olish) protsedurasi boshlanmagani holda ularning iltimosiga koʻra fuqarolikdan ozod qilingan shaxslarga ham taalluqli.
2. Ushbu Bitim 11-moddasining ikkinchi qismiga muvofiq ushbu Bitimni amalga oshirish maqsadlarida Tomonlar imzolaydigan Bayonnnomada koʻrsatiladigan fuqarolikni tasdiqlovchi rasmiy hujjatlar yoki boshqa dalillar asosida fuqarolik isbotlangan hisoblanadi yoxud ushbu fuqarolik toʻgʻrisida taxmin qilishga yetarli asos bor deb hisoblanadi.
3. Soʻralayotgan Tomon, zarur hollarda, qabul qilinayotgan shaxslarga ularning oʻz davlati hududiga kirishi uchun lozim boʻlgan hujjatlarni beradi.
4. Agar keyinchalik qayta qabul qilingan shaxs soʻralayotgan Tomon davlati fuqarosi boʻlmaganligi aniqlansa, va ushbu shaxsga nisbatan ushbu Bitim 3- va 4-moddalarining qoidalari qoʻllanishi mumkin boʻlmasa, boshqa Tomon ushbu shaxsni kechiktirmasdan qayta qabul qiladi. Mazkur qoida soʻrayotgan Tomon davlati hududiga kirgandan soʻng soʻralayotgan Tomon davlati fuqaroligini yoʻqotgan va har qanday boshqa davlat fuqaroligiga ega boʻlmagan shaxslarga nisbatan qoʻllanilmaydi, agar ularga nisbatan soʻrayotgan Tomon davlatining tegishli organlari fuqarolikni berish toʻgʻrisida qarorni qabul qilmagan boʻlsalar.
3-modda Dastlabki xabarnoma asosida chet elliklarni qayta qabul qilish
Tomonlarning har biri boshqa Tomon vakolatli organlarining dastlabki xabarnomasi asosida noqonuniy kirish fakti aniqlangan sanadan boshlab 72 soatdan oshib ketmasdan ortiqcha rasmiyatchiliksiz soʻrayotgan Tomon davlati hududiga kirish yoki uning davlati hududida boʻlishi toʻgʻrisidagi qonunlar talablariga mos boʻlmagan hujjatlarga ega boʻlgan chet ellikni qayta qabul qiladi, agar uning davlati hududidan chet ellik bevosita boshqa Tomon davlati hududiga kirib kelganligi aniqlansa yoki buni taxmin qilishga yetarli asos boʻlsa.
4-modda Ariza asosida chet elliklarni qayta qabul qilish
1. Tomonlarning har biri boshqa Tomonning yozma arizasini olgandan soʻng soʻrayotgan Tomon davlati hududiga bevosita soʻralayotgan Tomon davlati hududidan kelgan hamda uning kelishi va boʻlishi soʻrayotgan Tomon davlatining qonunlari talablariga mos boʻlmagan chet ellikni qayta qabul qiladi.
2. Tomonlarning har biri boshqa Tomonning yozma arizasini olgandan soʻng kelishi va boʻlishi ushbu davlatning qonunlari talablariga javob bermaydigan hamda soʻralayotgan Tomon tarafidan berilgan boʻlishi uchun yuridik amaldagi ruxsati yoxud tranzit boʻlmagan vizasi boʻlgan chet ellikni qayta qabul qiladi.
3. Soʻralayotgan Tomon chet ellikni qabul qilishni rad etishi mumkin, agar soʻrayotgan Tomon ushbu shaxsning fuqaroligi (kelib chiqishi) davlati bilan umumiy chegaraga ega boʻlsa.
5-modda Qayta qabul qilish majburiyatlaridan istisnolar
1. Ushbu Bitimning 4-moddasiga muvofiq qayta qabul qilish majburiyati quyidagilarda qoʻllanilmaydi:
a) soʻrayotgan Tomon davlati hududiga kirib olish vaqtida oʻzida yoki keyinchalik ushbu Tomon tarafidan berilgan amaldagi kirish vizasini yoxud boʻlishi uchun ruxsat boʻlgan chet elliklarga nisbatan.
Agar kirish vizasi yoki boʻlishi uchun ruxsat ikkala Tomon tarafidan berilgan boʻlsa, javobgarlikni uning vizasi yoxud boʻlishi uchun ruxsatning muddati oxirgi boʻlib tugagan Tomon oʻz zimmasiga oladi.
b) noqonuniy kirish yoki boʻlish fakti aniqlangandan keyin bir yil oʻtgandan soʻng qayta qabul qilish toʻgʻrisidagi ariza berilgan hollarda.
2. Ushbu modda birinchi qismining a) kichik bandi qoidalari tranzit vizasini olgan chet elliklarga nisbatan qoʻllanilmaydi.
6-modda Muddatlar
1. Tomonlarning har biri unga yuborilgan qayta qabul qilish toʻgʻrisidagi yozma arizaga kechiktirmasdan javob berishga intiladi, faqat ushbu ariza olingandan keyin oʻn besh kundan kechiktirmasdan. Qayta qabul qilish toʻgʻrisidagi ariza bevosita boshqa Tomonning vakolatli organlariga yuboriladi.
2. Shaxslarning topshirilishi va qabul qilinishi soʻrayotgan Tomon ularni qabul qilish toʻgʻrisida ijobiy javobni olgan daqiqadan soʻng 30 kundan kechiktirmasdan amalga oshiriladi. Huquqiy yoki boshqa tusdagi obyektiv toʻsiqlar mavjud boʻlgan taqdirda ushbu muddat soʻrayotgan Tomon iltimosiga koʻra uzaytirilishi mumkin.
7-modda Deportatsiya yoki kirishni rad qilish hollaridagi tranzit oʻtish
1. Tomonlarning har biri boshqa Tomonning iltimosiga koʻra soʻrayotgan Tomon tarafidan deportatsiya qilinayotgan chet elliklar, ular nasabiy mamlakat yoki uchinchi mamlakat tomonidan qayta qabul qilinishi maqsadlarida, shuningdek kirishga rad qilingan chet elliklar uchun oʻz davlati hududidan tranzit oʻtishga ruxsat beradi. Soʻralayotgan Tomon tranzit oʻtish vaqtida kuzatuvchi shaxs sifatida boshqa Tomonning vakolatli organi vakilini qatnashishini talab qilishi mumkin.
2. Soʻrayotgan Tomon yetib borishning oxirgi manzili boʻlgan mamlakatga shaxsni olib borish uchun zarur boʻlgan barcha hujjatlar bilan taʼminlashga majburdir.
3. Soʻralayotgan Tomon oʻz milliy qonunlariga muvofiq kuzatiladigan shaxsga, hamda uni kuzatuvchi shaxslarga bepul tranzit vizasini beradi.
4. Har qanday berilgan ruxsatga qaramasdan, soʻrayotgan Tomon chet ellikni yetib borishning oxirgi manzili boʻlgan mamlakat hududiga tranzit oʻtishi uchun javobgar va uchinchi mamlakatga kirishga, shuningdek boshqa mamlakatlar hududlaridan tranzit oʻtishga ruxsat berilmaganda yoki qandaydir sabab bilan uning keyingi oʻtishining imkoni boʻlmasa, uni qayta qabul qiladi.
8-modda Tranzitni rad qilish
Ushbu Bitimga muvofiq soʻralayotgan Tomon chet ellikni deportatsiya qilishda yoki unga kirish rad qilinsa, tranzit oʻtishda rad qilishi mumkin, agar u:
a) milliy xavfsizligiga, jamoat tartibiga yoki mamlakat aholi sogʻligʻiga tahdid koʻrsatsa;
b) yetib borishning oxirgi manzili boʻlgan mamlakatda va/yoki barcha keyingi tranzit mamlakatlarda irqi, eʼtiqodi, milliy mansubligi, siyosiy maslagi yoki jamoatning muayyan guruhiga aloqasi borligi sabablariga koʻra taʼqib qilish tahdidiga uchrasa.
9-modda Xarajatlar
1. Ushbu Bitimning 2-, 3- va 4-moddalari bilan bogʻliq boʻlgan transport xarajatlari soʻralayotgan Tomon davlati chegarasigacha soʻrayotgan Tomon tarafidan qoplanadi.
2. Ushbu Bitimning 7-moddasiga muvofiq tranzit oʻtish uchun yetib borishning oxirgi manzili boʻlgan davlat chegarasigacha xarajatlar va zarur boʻlgan hollarda qaytish bilan bogʻliq xarajatlar soʻrayotgan Tomon tarafidan qoplanadi.
10-modda Axborotni taqdim etish
1. Ushbu Bitimni amalga oshirish uchun boshqa Tomonga aniq hollar boʻyicha taqdim etiladigan axborot faqat quyidagilarga taalluqli:
a) shaxsning shaxsiy maʼlumoti va zarur boʻlgan holda uning oila aʼzolari maʼlumoti (familiyaci, ism/ismlar, oldingi familiyasi va/yoki ismlar, toʻqilgan familiya va/yoki ismlar, laqab yoki taxalluslar, tugʻilgan sanasi va joyi, jinsi, hozirgi va oldingi fuqaroligi/millati);
b) pasport, shaxsiy guvohnoma yoki boshqa yoʻl hujjatlari (raqami, berilgan sanasi, bergan organ, berilgan joyi, amal qilish muddati, hujjatlarning amal qilish hududi);
c) shaxsini tasdiqlash uchun zarur boʻladigan boshqa maʼlumotlar;
d) Tomonlar yoki uchinchi mamlakatlar tarafidan berilgan boʻlishi uchun ruxsat va vizalar, yoʻllanish, toʻxtash joyi, chiptalar, chegara nazorat-oʻtkazish punktlari va oʻtish boʻyicha mumkin boʻlgan boshqa maʼlumotlar;
e) tibbiy kuzatuv zarurligi va tegishli shaxsni kuzatuvchi mansabdor shaxslar toʻgʻrisida maʼlumotlar, agar u soʻrayotgan Tomonning vakolatli organlari tomonidan kuzatilsa.
2. Ushbu Bitimni amalga oshirish uchun Tomonlar oʻrtasida almashiladigan shaxsiy maʼlumotlar Tomonlar davlatlarining shaxsiy maʼlumotlarni himoya qilish toʻgʻrisidagi amalda boʻlgan qonunlari qoidalariga muvofiq foydalaniladi va himoya qilinadilar.
11-modda Bitimni amalga oshirish
1. Tomonlar ushbu Bitim kuchga kirgandan soʻng diplomatik kanallar orqali ushbu Bitim qoidalarini amalga oshirish uchun javobgar boʻlgan vakolatli organlar, shuningdek ularning manzillari toʻgʻrisida axborot almashadilar, jumladan ushbu organlar oʻrtasidagi aloqalariga koʻmaklashadigan boshqa har qanday axborotni taqdim etadilar.
2. Tomonlarning vakolatli organlari ushbu Bitimni amalga oshirish toʻgʻrisida Bayonnoma imzolaydilar.
3. Tomonlarning vakolatli organlari zarur boʻlganda ushbu Bitimni amalga oshirish bilan bogʻliq masalalar boʻyicha maslahatlashuvlar oʻtkazadilar va qarorlar qabul qiladilar.
12-modda Boshqa xalqaro shartnomalarga munosabat
Ushbu Bitim Tomonlar davlatlarining ular ishtirok etgan boshqa xalqaro shartnomalardan kelib chiqadigan huquq va majburiyatlariga daxl qilmaydi.
13-modda Oʻzgartish va toʻldirishlar
Tomonlarning oʻzaro kelishuvlariga koʻra ushbu Bitimga qoʻshimcha bayonnoma bilan rasmiylashtiriladigan va ushbu Bitimning ajralmas qismi hisoblanadigan oʻzgartish va toʻldirishlar kiritilishi mumkin.
14-modda Yakuniy qoidalar
1. Ushbu Bitim Tomonlarning uning kuchga kirishi uchun zarur boʻlgan davlat ichki protseduralarini bajarganliklari toʻgʻrisidagi oxirgi xabarnoma diplomatik kanallar orqali olingan kundan oʻttiz kun oʻtgach kuchga kiradi.
2. Ushbu Bitim noaniq muddatga tuzilgan.
3. Tomonlarning har biri boshqa Tomonni diplomatik kanallar orqali yozma ravishda xabardor qilib, milliy xavfsizligini, jamoat tartibi yoki aholi sogʻligʻini himoya qilish bilan bogʻliq boʻlgan sabablari bilan, ushbu Bitimning amal qilishini vaqtincha, qisman yoxud butunlay toʻxtatishi mumkin, 2-modda bundan mustasno. Bu holda toʻxtatish bunday xabarnoma olingan kundan oʻttiz kun oʻtgach kuchga kiradi. Tomonlar diplomatik kanallar orqali ushbu Bitimning amal qilishini tiklash toʻgʻrisida bir-birlarini xabardor qiladilar.
4. Tomonlarning har biri boshqa Tomonni diplomatik kanallar orqali yozma ravishda xabardor qilib, ushbu Bitimning amal qilishini toʻxtatishi mumkin. Ushbu Bitimning amal qilishi shunday xabarnoma olingan kundan olti oy oʻtgach toʻxtatiladi.
Riga shahrida 2004-yil 7-aprelda ikki nusxada, har biri oʻzbek, latish va rus tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar bir xil kuchga ega. Ushbu Bitim qoidalarini talqin qilish maqsadlarida rus tilidagi matndan foydalaniladi.
(imzolar)
