Hamkorlik toʻgʻrisida
15.06.2004
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya Vazirligi bilan Xitoy Xalq Respublikasi Adliya Vazirligi oʻrtasida
Bitim
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bilan Xitoy Xalq Respublikasi Adliya vazirligi, bundan keyin “Tomonlar” deb ataluvchilar,
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bilan Xitoy Xalq Respublikasi Adliya vazirligi oʻrtasida adliya sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash maqsadida,
huquq va adliya sohasidagi ikki tomonlama munosabat hamda hamkorlikni yanada rivojlantirishni ragʻbatlantirish uchun ikkala Tomon oʻrtasida hamkorlikning muhimligini eʼtirof etib,
quyidagilar toʻgʻrisida ahdlashib oldilar:
1-modda
Tomonlar, oʻzaro huquq va adliya sohasida quyidagi bosh yoʻnalishlarda hamkorlikni kengaytiradilar:
1. Qonun loyihalarini rivojlantirish va baholash boʻyicha mutaxassislarni almashish;
2. Tomonlar mutaxassis va ekspertlari oʻrtasida yaqin aloqalarni oʻrnatish;
3. Adliya muassasalari tuzilmasi va faoliyatini oʻrganish maqsadida delegatsiyalarning almashinuvi;
4. Yuridik sohadagi mutaxassislarni kasbiy oʻqitish va tayyorlashni ragʻbatlantirish maqsadida oʻzarolik asosida seminarlar, leksiyalar, amaliy kurslar hamda boshqa dasturlarni tashkil etish va oʻtkazish;
5. Adliya muassasalari oʻrtasida axborot tizimini rivojlantirish orqali tajriba almashish;
6. Amaldagi qonunchilik, yuridik adabiyot, huquqiy masalalar va boshqa tegishli materiallar boʻyicha nashrlarni muntazam ayirboshlash.
2-modda
Tomonlar oʻz vakolatlari doirasida va oʻz davlatlarining qonunlariga muvofiq adliya sohasidagi hamkorlikning rivojlanishiga koʻmak boʻladigan boshqa bitimlarni tuzishlari mumkin.
3-modda
Tomonlar oʻzlarining moliyaviy imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda, hamkorlikning kelgusi yil uchun muayyan dasturlari boʻyicha har yilda maslahatlashuvlar olib boradilar.
4-modda
Tomonlar ushbu Bitimga muvofiq hamkorlikni amalga oshirish maqsadida ikkala Tomon kelishib olgan hamkorlik dasturlarini quyidagi tartibda moliyalashtiradilar:
qabul qiluvchi Tomon oʻz davlati hududida tashriflar boʻyicha xarajatlarni qoplaydi;
yuboruvchi Tomon xalqaro transport va yuzaga kelishi mumkin boʻlgan tibbiyot xarajatlarini qoplaydi.
5-modda
Ushbu Bitimni talqin qilish va qoʻllash bilan bogʻliq Tomonlar oʻrtasida yuzaga keladigan bahs hamda kelishmovchiliklar muzokara va maslahatlashuvlar orqali hal qilinadi.
6-modda
Ushbu Bitim imzolangan sanadan boshlab kuchga kiradi va belgilanmagan muddat davomida amal qiladi.
Ushbu Bitim Tomonlardan biri uning amal qilishini toʻxtatish niyati toʻgʻrisida boshqa Tomonni diplomatik kanallar orqali yozma xabardor etgan kundan boshlab 90 kun oʻtgach amal qilishdan toʻxtaydi.
Toshkent shahrida 2004-yil 15-iyunda ikki nusxada, har biri oʻzbek, xitoy va ingliz tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar bir xil kuchga ega.
Ushbu Bitim qoidalarini talqin qilishda kelishmovchiliklar yuzaga kelsa ingliz tilidagi matn ustunlik qiladi.
(imzolar)
