Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining oʻn besh yilligi munosabati bilan amnistiya toʻgʻrisida (409-I-son)
30.11.2007
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining oʻn besh yilligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimnomasiga muvofiq, insonparvarlik tamoyiliga amal qilib, Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi 80-moddasi 10-bandiga va 93-moddasi 23-bandiga asosan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati qaror qiladi:
1. Birinchi marta sodir etgan jinoyatlari uchun sudlanganlar jazodan ozod qilinsin:
a) ayollar;
b) jinoyat sodir etgan vaqtda 18 yoshga toʻlmagan shaxslar;
v) 60 yoshga toʻlgan erkaklar;
g) chet el fuqarolari.
2. Ehtiyotsizlik orqasida jinoyat sodir etganlar, shuningdek birinchi marta hukm qilingan shaxslar, basharti ular ijtimoiy xavfi katta boʻlmagan yoki uncha ogʻir boʻlmagan jinoyat sodir etgan boʻlsalar, jazodan ozod qilinsin.
3. Mazkur Qaror kuchga kirgunga qadar bir yildan oshmagan muddat ichida qonunda belgilangan tartibda jazoni oʻtashga toʻsqinlik qiladigan ogʻir kasallikka chalingan yoki birinchi va ikkinchi guruh nogironlari deb topilgan shaxslar (javobgarlikni ogʻirlashtiradigan holatlarda qasddan odam oʻldirish jinoyatini sodir etganlar bundan mustasno) jazodan ozod qilinsin.
4. Ozodlikdan mahrum etish jazosiga hukm qilinib, oʻtalmay qolgan jazo muddati ikki yildan koʻp boʻlmagan, hukmi mazkur Qaror eʼlon qilingan kunga qadar qonuniy kuchga kirgan mahkumlar (javobgarlikni ogʻirlashtiradigan holatlarda qasddan odam oʻldirish jinoyatini sodir etganlar bundan mustasno) jazodan ozod qilinsin.
5. Taqiqlangan tashkilotlar faoliyatidagi ishtiroki, ular tarkibida tinchlik va xavfsizlikka qarshi yoki jamoat xavfsizligiga qarshi jinoyatlar sodir etganligi uchun birinchi marta 10 yildan koʻp boʻlmagan muddatga ozodlikdan mahrum etishga hukm qilinib, tuzalish yoʻliga qatʼiy oʻtgan shaxslar jazodan ozod qilinsin.
6. Ushbu Qarorning 1 va 2-bandlarida qayd etilgan shaxslar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar yuzasidan olib borilayotgan barcha tergov ishlari va sudda koʻrilmagan ishlar tugatilsin.
7. Mazkur Qarorga asosan jazodan ozod qilinmaydigan shaxslar jazo muddatining oʻtalmagan qismi quyidagicha qisqartirilsin:
a) qasddan sodir etgan jinoyati uchun oʻn yildan ortiq boʻlmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilinganlarga — uchdan bir qismiga;
b) qasddan sodir etgan jinoyati uchun oʻn yildan ortiq muddatga ozodlikdan mahrum qilinganlarga — toʻrtdan bir qismiga.
8. Tatbiq etilmasin:
a) mazkur Qaror — oʻta xavfli retsidivistlarga; jazoni oʻtash tartibini muntazam ravishda buzayotgan shaxslarga; shuningdek muqaddam afv etish yoki amnistiya tartibida jazodan ozod boʻlgach, yana qasddan jinoyat sodir etgan shaxslarga;
b) mazkur Qarorning 1-bandi — oʻta ogʻir jinoyat sodir etgan shaxslarga, Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksi 273-moddasi 5-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etgan chet el fuqarolari bundan mustasno;
v) mazkur Qarorning 1 — 4, 6, 7-bandlari — taqiqlangan tashkilotlar faoliyatidagi ishtiroki, ular tarkibida tinchlik va xavfsizlikka qarshi yoki jamoat xavfsizligiga qarshi jinoyatlar sodir qilganligi uchun sudlanganlarga.
9. Senatning ushbu Qarori amalga oshirilishi yuzasidan masʼuliyat Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi zimmasiga yuklatilsin.
10. Ushbu Qaror eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi va uch oy mobaynida ijro etilishi lozim.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi I. SOBIROV
Toshkent sh.,
2007-yil 30-noyabr,
409-I-son
