Noqonuniy boʻlib turgan shaxslarni qayta qabul qilish toʻgʻrisida
24.11.2003
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Bolgariya Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Bolgariya Respublikasi Hukumati, bundan keyin “Tomonlar” deb ataluvchilar,
chegaralararo noqonuniy migratsiyaning oldini olishga hissa qoʻshish va ushbu migratsiyaga qarshi kurashish istagiga amal qilib,
oʻzaro manfaatli asosda va hamkorlik ruhida bir Tomon davlat hududiga noqonuniy kirgan va/yoki ushbu Tomon davlat hududida noqonuniy boʻlgan shaxslarni qayta qabul qilishni yengillashtirishga koʻmaklashish maqsadida,
BMT Bosh assambleyasi tomonidan 1948-yil 10-dekabrda qabul qilingan Inson huquqlari Umum deklaratsiya va Inson huquqlari va asosiy erkinliklarni himoya qilish toʻgʻrisida 1950-yil 4-dekabrdagi Konvensiyani eʼtiborga olib,
quyidagilar toʻgʻrisida ahdlashib oldilar:
1-modda Taʼriflar
Ushbu Bitim maqsadlarida quyidagi taʼriflar qoʻllanadi:
“chet ellik” — Oʻzbekiston Respublikasi va Bolgariya Respublikasining fuqarosi boʻlmagan shaxs;
“viza” — Tomonning vakolatli organ tarafidan uning davlati hududiga bir marta yoki koʻp martalik kirish va uning davlat hududida aniq vaqt davomida boʻlishi uchun berilgan yuridik amaldagi ruxsat;
“boʻlish uchun ruxsat” — Tomonning vakolatli organi tarafidan tegishli shaxsga mamlakatga koʻp martalik kirish va unda boʻlishi uchun huquq beradigan yuridik amaldagi ruxsat. Boʻlishi uchun ruxsat viza emas hamda shaxsga boshpana berish yoki boʻlishi uchun ruxsat berish toʻgʻrisidagi arizani koʻrib chiqish vaqtida yoxud milliy qonunchiligiga muvofiq shaxsni mamlakatdan deportatsiya protsedurasini amalga oshirilayotgan davr ichida ushbu Tomon davlat hududida boʻlishi uchun imkoniyat bermaydi.
2-modda Oʻz fuqarolarini qayta qabul qilish
Tomonlarning har biri boshqa Tomonning yozma arizasini olganidan soʻng va hech qanday rasmiyatchiliksiz arizani yuborgan Tomon davlat hududiga kirish yoki uning davlati hududida boʻlishi toʻgʻrisidagi amalda boʻlgan qonunlar qoidalariga mos boʻlmagan yoxud bundan keyin mos kelmaydigan har bir shaxsni qayta qabul qiladi, agar koʻrsatilgan shaxs ariza yuborilgan Tomon davlatning fuqarosi ekanligi isbotlangan yoki buni taxmin qilishga asos boʻlsa. Ushbu arizani yuborayotgan Tomon davlati hududiga kirganidan soʻng ariza yuborilgan Tomon davlatining fuqaroligini yoʻqotib qoʻyganda yoki ularning iltimosiga koʻra fuqarolikdan ozod qilingan ariza yuborayotgan Tomon davlatida naturilizatsiya (fuqarolikni olish) protsedurasi boshlanmagan shaxslarga ham taalluqli.
Ushbu Bitim 11-moddasining ikkinchi qismiga muvofiq ushbu Bitimni amalga oshirish maqsadlarida Tomonlar imzolaydigan Bayonnomada koʻrsatiladigan fuqarolikni tasdiqlovchi rasmiy hujjatlar yoki boshqa dalillar asosida fuqarolik isbotlangan hisoblanadi yoxud ushbu fuqarolik toʻgʻrisida taxmin qilishga asos borligi hisoblanadi.
Agar keyinchalik qayta qabul qilingan shaxs ariza yuborilgan Tomon davlat fuqarosi boʻlmaganligi aniqlansa va ushbu shaxsga nisbatan ushbu Bitim 3- va 4-moddalarining qoidalari qoʻllanishi mumkin boʻlmasa, boshqa Tomon ushbu shaxsni kechiktirmasdan qayta qabul qiladi.
3-modda Dastlabki xabarnoma asosida chet elliklarni qayta qabul qilish
Tomonlarning har biri boshqa Tomon vakolatli organlarining dastlabki xabarnomasi asosida noqonuniy kirish fakti aniqlangan sanadan boshlab 72 soatdan oshib ketmasdan hech qanday rasmiyatchiliksiz arizani yuborgan Tomon davlati hududiga kirish yoki uning davlati hududida boʻlishi toʻgʻrisidagi qonunlar talablariga mos boʻlmagan hujjatlarga ega boʻlgan chet ellikni qayta qabul qiladi, agar uning davlat hududidan chet ellik bevosita boshqa Tomon davlati hududiga kirib kelganligi aniqlansa yoki buni taxmin qilishga asos boʻlsa.
4-modda Ariza asosida chet elliklarni qayta qabul qilish
Tomonlarning har biri boshqa Tomonning yozma arizasini olgandan soʻng arizani yuborgan Tomon davlati hududiga bevosita yuborilgan Tomon davlati hududidan kelgan hamda uning kelishi va boʻlishi arizani yuborgan Tomon davlatining qonunlari talablariga mos boʻlmagan chet ellikni qayta qabul qiladi.
Tomonlarning har biri boshqa Tomonning yozma arizasini olgandan soʻng arizani yuborgan Tomon davlati hududiga kirishi yoki uning davlati hududida boʻlishi toʻgʻrisida amaldagi qonunlar talablariga mos boʻlmagan hujjatlari hamda yuborilgan Tomon tarafidan berilgan boʻlishi uchun yuridik amaldagi ruxsati yoxud tranzit boʻlmagan vizasi boʻlgan chet ellikni qayta qabul qiladi.
Tomonlarning har biri boshqa Tomonning yozma arizasini olgandan soʻng ariza yuborilgan Tomon tarafidan berilgan va bergan Tomon davlati hududiga qaytishga huquq beradigan hujjatni ishlatib arizani yuborgan Tomon davlati hududiga kirib kelgan fuqaroliksiz shaxsni yoki arizani yuborgan Tomon davlati hududiga kirib olishdan oldin ariza yuborilgan Tomon davlati hududida bevosita boʻlgan va ushbu Bitim kuchga kirgandan keyin uning davlati hududidan bevosita kelgan shaxsni qayta qabul qiladi.
5-modda Qayta qabul qilish majburiyatlaridan istisnolar
Ushbu Bitimning 4-moddasiga muvofiq qayta qabul qilish majburiyati quyidagilarda qoʻllanilmaydi:
1) arizani yuborgan Tomon davlati hududiga kirib olish vaqtida oʻzida yoki keyinchalik ushbu Tomon tarafidan berilgan amaldagi kirish vizasini yoxud boʻlishi uchun ruxsat boʻlgan chet elliklarga.
Agar kirish vizasi yoki boʻlishi uchun ruxsat ikkala Tomon tarafidan berilgan boʻlsa, javobgarlikni uning vizasi yoxud boʻlishi uchun ruxsatning muddati oxirgi boʻlib tugagan Tomon oʻz zimmasiga oladi.
2) noqonuniy kirish yoki boʻlish fakti aniqlangandan keyin olti oydan keyin qayta qabul qilish toʻgʻrisidagi ariza berilgan hollarda.
6-modda Muddatlar
Tomonlarning har biri unga yuborilgan qayta qabul qilish toʻgʻrisidagi arizaga kechiktirmasdan javob berishga intiladi, faqat ushbu arizani olingandan keyin oʻttiz kundan kechiktirmasdan. Qayta qabul qilish toʻgʻrisidagi ariza bevosita boshqa Tomon vakolatli organlariga yuboriladi.
Arizani qabul qilgan Tomon arizani maʼqullagandan soʻng arizada koʻrsatilgan shaxslarga nisbatan javobgarlikni oʻz zimmasiga oladi. Ushbu javobgarlik arizani maʼqullagandan soʻng uch oy oʻtgach har qanday holda paydo boʻladi. Ikkala Tomon roziligiga koʻra ushbu muddat yuridik va amaliy tusdagi toʻsiqlarni yoʻq qilish uchun zarur boʻlgan vaqtga choʻzilishi mumkin.
7-modda Deportatsiya yoki kirishni rad qilish hollaridagi tranzit oʻtish
Tomonlarning har biri boshqa Tomonning iltimosiga koʻra ariza yuborgan Tomon tarafidan deportatsiya qilinayotgan chet elliklar, ular nasabiy mamlakat yoki uchinchi mamlakat tomonidan qayta qabul qilish uchun, shuningdek kirishga rad qilingan chet elliklar uchun oʻz davlati hududidan tranzit oʻtishga ruxsat beradi. Ariza yuborilgan Tomon tranzit oʻtish vaqtida kuzatuvchi sifatida boshqa Tomonning vakolatli organi vakilining qatnashishini talab qilishi mumkin.
Arizani yuborgan Tomon yetib borishning oxirgi moʻljali boʻlgan mamlakatga olib borish uchun zarur boʻlgan barcha hujjatlar bilan taʼminlashga majburdir.
Arizani qabul qilgan Tomon oʻz milliy qonunlariga muvofiq kuzatiladigan shaxsga, hamda uni kuzatuvchi shaxslarga bepul tranzit vizasini beradi.
Har qanday berilgan ruxsatga qaramasdan, arizani yuborgan Tomon chet ellikning yetib borishning oxirgi moʻljali boʻlgan mamlakat hududiga tranzit oʻtish uchun javobgar va uchinchi mamlakatga kirishga, shuningdek boshqa mamlakatlar hududlaridan tranzit oʻtishga ruxsat berilmaganda yoki qandaydir munosabat bilan uning oʻtishining davom etishini imkoni yoʻq boʻlsa, uni qayta qabul qiladi.
8-modda Tranzitni rad qilish
Ushbu Bitimga muvofiq arizani qabul qilgan Tomon chet ellikni deportatsiya qilishda yoki unga kirish rad qilinsa, tranzit oʻtishda rad qilishi mumkin, agar u:
1) milliy xavfsizligiga, jamoat tartibiga yoki mamlakat aholi sogʻligʻiga tahdid koʻrsatsa;
2) yetib borishning oxirgi moʻljali boʻlgan mamlakatda va/yoki barcha keyingi tranzit mamlakatlarda irqi, eʼtiqodi, milliy mansubligi, siyosiy maslagi yoki jamoatning muayyan guruhiga aloqasi borligi sabablariga koʻra taʼqib qilish tahdidiga uchrasa.
9-modda Xarajatlar
Ushbu Bitimning 2-, 3- va 4-moddalari bilan bogʻliq boʻlgan transport xarajatlari ariza yuborilgan Tomon davlati chegarasigacha arizani yuborgan Tomon tarafidan qoplanadi.
Ushbu Bitimning 7-moddasiga muvofiq tranzit oʻtish uchun yetib borishning oxirgi moʻljali boʻlgan davlat chegarasigacha xarajatlar va zarur boʻlgan hollarda qaytish bilan bogʻliq xarajatlar arizani yuborgan Tomon tarafidan qoplanadi.
10-modda Axborotni taqdim etish
Ushbu Bitimni amalga oshirish doirasida boshqa Tomonga aniq hollar boʻyicha taqdim etiladigan axborot faqat quyidagilarga taalluqli:
1) shaxsning shaxsiy maʼlumoti va zarur boʻlgan holda uning oila aʼzolari maʼlumoti (familiyaci, ism)ismlar, ota-onasining familiya va ismlari, oldingi familiyasi va ismlar, toʻqilgan familiya va ismlar, laqab va taxalluslar, tugʻilgan sanasi va joyi, jinsi, hozirgi va oldingi fuqaroligi (millati);
2) pasport, shaxsiy guvohnoma yoki boshqa yoʻl hujjatlari (raqam, berilgan sana, bergan organ, berilgan joyi, amal qilish muddati, hujjatlarning amal qilish hududi);
3) shaxsini tasdiqlash zarur boʻladigan boshqa maʼlumot;
4) Tomonlar yoki uchinchi mamlakatlar tarafidan berilgan boʻlishi uchun ruxsat va vizalar, yoʻllanish, toʻxtash joyi, chiptalar, chegara nazorat-oʻtkazish punktlar va oʻtish boʻyicha mumkin boʻlgan boshqa maʼlumotlar;
5) tibbiy kuzatuv zarurligi va tegishli shaxsni kuzatuvchi mansabdor shaxslar toʻgʻrisida maʼlumotlar, agar u arizani yuborgan Tomonning vakolatli organlari tomonidan kuzatilsa.
Ushbu Bitimni amalga oshirish uchun Tomonlar oʻrtasida almashiladigan shaxsiy maʼlumotlar Tomonlarning shaxsiy maʼlumotlarni himoya qilish toʻgʻrisidagi amalda boʻlgan qonun-qoidalariga muvofiq ishlatiladi va himoya qilinadilar.
11-modda Bitimni amalga oshirish
Tomonlar ushbu Bitimni kuchga kirgandan soʻng diplomatik kanallar orqali ushbu Bitimni amalga oshirish uchun javobgar boʻlgan vakolatli organlar, shuningdek ularning manzillari toʻgʻrisida axborot bilan almashadilar, jumladan ushbu organlar oʻrtasidagi aloqalariga koʻmaklashadigan boshqa har qanday axborotni taqdim etadilar.
Tomonlar ushbu Bitimni amalga oshirish toʻgʻrisida Bayonnoma imzolaydilar.
Tomonlarning vakolatli organlari zarur boʻlganda ushbu Bitimni amalga oshirish bilan bogʻliq masalalar boʻyicha maslahatlashuvlar oʻtkazadilar va qarorlar qabul qiladilar.
12-modda Boshqa xalqaro shartnomaga munosabat
Ushbu Bitim Tomonlar davlatlarning ular ishtirok etgan boshqa xalqaro shartnomalardan kelib chiqadigan huquq va majburiyatlariga daxl qilmaydi.
13-modda Oʻzgartish va toʻldirishlar
Tomonlarning oʻzaro kelishuvlariga koʻra ushbu Bitimga alohida bayonnoma bilan rasmiylashtiriladigan va ushbu Bitimning ajralmas qismi hisoblanadigan oʻzgartish va toʻldirishlar kiritilishi mumkin.
14-modda Yakuniy qoidalar
Ushbu Bitim Tomonlarning uning kuchga kirishi uchun zarur boʻlgan davlat ichki protseduralarini bajarganliklari toʻgʻrisidagi oxirgi yozma xabar diplomatik kanallar orqali olingan kundan keyin oʻttiz kun oʻtgandan soʻng kuchga kiradi.
Ushbu Bitim noaniq muddatga tuzilgan.
Tomonlarning har biri boshqa Tomonni diplomatik kanallar orqali yozma ravishda xabardor qilib davlat xavfsizligini, jamoat tartibi yoki aholi sogʻligʻini himoya qilish bilan bogʻliq boʻlgan sabablari bilan, ushbu Bitimning amal qilishini vaqtincha, qisman yoxud butunlay toʻxtatish huquqiga egadir, 2-modda bundan mustasno.
Tomonlarning har biri boshqa Tomonni diplomatik kanallar orqali yozma ravishda xabardor qilib ushbu Bitimning amal qilishini toʻxtatish huquqiga egadir. Ushbu Bitim shunday xabarnoma olingan kundan soʻng olti oy oʻtgach amal qiladi.
Sofiya shahrida 2003-yil 24-noyabrda ikki nusxada, har biri oʻzbek, bolgar va rus tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar bir xil kuchga ega.
Ushbu Bitim qoidalarini talqin qilishda rus tilidagi matndan foydalaniladi.
(imzolar)
