7-modda. Hamkorlikning boshqa shakllari va kadrlarni tayyorlash
Giyohvandlik vositalar va psixotrop moddalarning noqonuniy yurgizilishiga, ularni suiisteʼmol qilishga va prekursorlarning noqonuniy yurgizilishiga qarshi kurashda hamkorlik qilish toʻgʻrisida · Sana: 24.11.2003 · Amalda
Tomonlarning vakolatli organlari quyidagi maqsadlarda bir-birlari oʻrtasida aniq bitimlar tuzishlari mumkin:
1) hamkorlikning barcha jihatlariga daxldor axborotni ishonchli va tez suratda almashish maqsadida oʻzaro aloqa kanallarini oʻrnatish va qoʻllash;
2) giyohvandlik vositalar va prekursorlarning noqonuniy xalqaro yurgizilishi bilan bogʻliq boʻlgan yoki boshqa uslubda Tomonlarning manfaatlariga taʼsir koʻrsatuvchi jinoyatlarga nisbatan tergov harakatlarini olib borishda hamkorlikni amalga oshirish;
3) noqonuniy yurgizilishda aniqlangan har xil turdagi giyohvandlik vositalar va prekursorlarning namunalar majmualarini amaliyot maqsadlarida tuzish va ulardan foydalanish;
4) giyohvandlik vositalar va prekursorlarning kontrabanda yurgizilishini aniqlash maqsadida bojxona nazoratini amalga oshirishning usul va vositalari, jumladan yangi texnika vositalarini ishlab chiqarish va ulardan foydalanish boʻyicha maʼlumot almashish;
5) huquqiy axborot almashish;
6) boshqa harakatlarni, shuningdek jinoyatchilikning oldini olish choralarini amalga oshirish.
Tomonlar giyohvandlik vositalarga boʻlgan talabni va ularning taklifini qisqartirish hamda giyohvandlikni davolash, tarkibida giyohvandlik vositalar boʻlgan oʻsimliklarni noqonuniy oʻstirishga va sintetik giyohvandlik vositalarini ishlab chiqarishga qarshi kurashish maqsadida, fan va texnika sohasida izlanishlar olib borish boʻyicha dasturlarni rejalashtirish va amalga oshirish borasida oʻzaro hamkorlik qiladilar.
Tomonlar kadrlar tayyorlash va ularning malakasini oshirish borasida oʻzaro manfaatli shartlar asosida hamkorlik qiladilar.
