Oʻsimliklar karantini sohasida hamkorlik toʻgʻrisida
13.06.2003
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Ozarbayjon Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Ozarbayjon Respublikasi Hukumati, bundan keyin Tomonlar deb ataluvchilar,
oʻsimliklar karantini sohasida birgalikdagi kurash choralari muhimligini eʼtiborga olib,
Tomonlar davlatlarining xoʻjalik yurituvchi subyektlari oʻrtasida savdo aloqalarini rivojlantirish va shartnomalarni amalga oshirishda oʻz mamlakatlarini ular hududiga oʻta xavfli zararkunandalar, oʻsimliklar kasalligi va begona oʻtlarning (bundan keyin karantin obyektlari deb ataladi) olib kirilishini oʻzaro bartaraf etish manfaatlaridan kelib chiqib,
oʻsimliklar karantini sohasidagi hamkorlikni davom ettirish va kengaytirish hamda davlat karantin tadbirlarini muvofiqlashtirishni taʼminlash istagiga amal qilib,
quyidagilar toʻgʻrisida ahdlashib oldilar:
1-modda
Tomonlar oʻsimliklar karantini sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish va kengaytirish maqsadida quyidagi majburiyatlarni oladilar:
— karantin materiallarini import, eksport va tranzit qilishda karantin obyektlarining bir Tomon davlati hududidan boshqa Tomon davlati hududiga kirib kelishini bartaraf etish boʻyicha zarur choralarni qoʻllash;
— Tomonlar davlatlari karantin obyektlarining paydo boʻlishi, tarqalishi va ularga qarshi kurash usullari toʻgʻrisidagi axborotni yozma ravishda almashish;
— karantin materiallarini import, eksport va tranzit qilinishini tartibga soluvchi amaldagi fitosanitar qoidalarga kiritilgan toʻldirish va oʻzgartishlar toʻgʻrisida xabardor qilish;
— karantin obyektlarini fosh qilish, tarqalishiga yoʻl qoʻymaslik va yoʻq qilish boʻyicha tadbirlarni oʻtkazishda oʻzaro ilmiy, texnik va maslahatli yordam berish;
— oʻsimliklar karantini sohasidagi muammolarni tahlil qilish va erishilgan yutuqlarni oʻrganish, chegaradan oʻtkazish punktlarida oʻsimliklar karantini boʻyicha masalalarni tezkorlik bilan hal etish;
— Tomonlar davlatlaridan birining hududiga yetkazib berilayotgan karantin materiallarini ular ishlab chiqarilayotgan joylarda karantin tekshiruvlarini amalga oshirishda Tomonlar mutaxassislarining oʻzaro hamkorligini tashkil etish;
— oʻsimliklar karantini sohasida favqulodda vaziyatlarda Tomonlardan birining iltimosiga koʻra birgalikdagi, tezkor choralarni amalga oshirish uchun mutaxassislardan iborat ekspeditsiyani xizmat safariga joʻnatish.
2-modda
Ushbu Bitim qoidalarini muvofiqlashtirish va amalga oshirishda quyidagilar Tomonlarning vakolatli organlari hisoblanadilar:
Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan — Oʻzbekiston Respublikasi oʻsimliklar karantini boʻyicha Davlat bosh inspeksiyasi;
Ozarbayjon Respublikasi tomonidan — Ozarbayjon Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi.
3-modda
Bir Tomon davlati hududidan boshqa Tomon davlati hududiga yetkazib berilayotgan har bir karantin materiallari fitosanitar sertifikati bilan kuzatib borilishi lozim, uning namunaviy nusxasini esa Tomonlar almashadilar.
Eksport qiluvchi mamlakatning oʻsimliklar karantini boʻyicha xizmati tomonidan beriladigan fitosanitar sertifikati karantin materiallarini import qiluvchi Tomon importga beradigan karantin ruxsatnomasida talab etiladigan meʼyorlarga muvofiqligini tasdiqlaydi.
4-modda
Karantin materiallarini tranzit qilish Tomonlarning milliy qonunchiliklariga muvofiq va eksport qiluvchi mamlakatning sertifikatida “Oʻzbekiston Respublikasi orqali tranzit qilishga ruxsat beriladi” yoki “Ozarbayjon Respublikasi orqali tranzit qilishga ruxsat beriladi” degan yozuvli muhr majburiy tartibda qoʻyilgan holda amalga oshiriladi.
5-modda
Tomonlarning vakolatli organlari karantin materiallarining alohida bir toʻpini sotib olishda ularning fitosanitar holati boʻyicha qoʻshimcha shartlar qoʻyish huquqiga ega boʻlib qoladilar.
6-modda
Karantin materiallarini Oʻzbekiston Respublikasi va Ozarbayjon Respublikasi orqali eksport, import va tranzit qilish Tomonlar davlatlarining milliy qonunchiliklarida belgilangan chegaradan oʻtkazish punktlari orqali amalga oshiriladi.
7-modda
Karantin materiallarini eksport qilishda oʻrash materiali sifatida qipiq, payraxa, qogʻoz, plastik va karantin tashuvchilari hisoblanmagan boshqa materiallardan qoʻllaniladi hamda ular tuproq bilan aralashmagan boʻlishi lozim, somon, poxol, bugʻdoy chorisi, barglar va boshqa oʻsimlik materiallari Tomonlarning oldindan erishilgan roziliklaridan soʻng foydalanilishi mumkin.
Karantin materiallarini boshqa Tomon davlati hududiga tashish uchun bir Tomon foydalanayotgan transport vositalari puxta tozalanishi va zarur holda zararsizlantirilishi lozim.
8-modda
Tomonlarning vakolatli organlari fitosanitar nazorat qilish chogʻida karantin obyektlarini fosh qilgan holda Tomonlar davlatlarining milliy qonunchiliklarida koʻzda tutilgan choralarni qoʻllaydilar.
Karantin materialini qaytarib berish yoki zararsizlantirishning imkoni boʻlmaganda boshqa Tomonning vakolatli organini xabardor qilib, milliy qonunchilik asosida yoʻq qilishni darhol amalga oshirish lozim.
Karantin obyektlaridan zaharlangan materiallarni qaytarib olish, yoʻq qilish yoki zararsizlantirish bilan bogʻliq xarajatlar eksport qiluvchi hisobidan undiriladi.
9-modda
Tomonlar karantin obyektlari sifatida zararkunandalar, oʻsimliklar kasalligi va begona oʻtlarning ushbu Bitimning ajralmas qismi hisoblanadigan roʻyxati (1 va 2-ilovalar)ni qabul qiladilar.
Karantin obyektlari roʻyxatiga Tomonlar vakolatli organlarining oʻzaro roziliklariga koʻra toʻldirish va oʻzgartishlar kiritilishi mumkin.
10-modda
Ushbu Bitimning qoidalarini amalga oshirish bilan bogʻliq amaliy masalalarni hal qilish uchun Tomonlarning vakolatli organlari zaruratga koʻra, lekin 2 yilda kamida 1-marta har bir Tomonning hududida navbatma-navbat oʻtkaziladigan qoʻshma majlislarni tashkil etadilar.
Majlislarni oʻtkazish vaqti, joyi va muhokama etilishi lozim boʻlgan masalalar roʻyxatini Tomonlarning vakolatli organlari belgilaydilar.
Majlislarni oʻtkazish boʻyicha tashkiliy xarajatlarni qabul qiluvchi Tomonning vakolatli organi qoplaydi. Transport va kommunal xarajatlarni har bir Tomon mustaqil ravishda amalga oshiradi.
11-modda
Tomonlarning oʻzaro roziliklariga koʻra ushbu Bitimga alohida bayonnomalar bilan rasmiylashtiriladigan va uning ajralmas qismi hisoblanadigan oʻzgartish hamda toʻldirishlar kiritilishi mumkin. Mazkur Bayonnomalar ushbu Bitim 14-moddasining qoidalariga muvofiq kuchga kiradi.
12-modda
Ushbu Bitim qoidalarini talqin qilish va qoʻllash bilan bogʻliq barcha bahsli masalalar Tomonlar oʻrtasida muzokaralar olib borish orqali hal qilinadi.
13-modda
Ushbu Bitim Tomonlarning uchinchi mamlakatlar yoki ularning oʻsimliklar karantini va ularni muhofaza qilish boʻyicha xalqaro tashkilotlar bilan tuzgan shartnomalaridan kelib chiqadigan huquq hamda majburiyatlariga daxl qilmaydi.
14-modda
Ushbu Bitim uning kuchga kirishi uchun zarur boʻlgan davlat ichki protseduralarini bajarganliklari toʻgʻrisida Tomonlar bir-birlarini xabardor qilgan oxirgi kundan boshlab kuchga kiradi.
Ushbu Bitim besh yil muddatga tuziladi. Tomonlardan birontasi ushbu Bitimning amal qilishini toʻxtatish niyati toʻgʻrisida tegishli muddat tugashidan kamida olti oy ilgari boshqa Tomonni yozma ravishda xabardor qilmasa, u oʻz-oʻzidan keyingi besh yillik muddatlarga uzayaveradi.
Toshkent shahrida 2003-yil 13-iyunda ikki nusxada, har biri oʻzbek, ozarbayjon va rus tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar bir xil kuchga ega.
Ushbu Bitim qoidalarini talqin qilish maqsadida rus tilidagi matndan foydalaniladi.
(imzolar)
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Ozarbayjon Respublikasi Hukumati oʻrtasida oʻsimliklar karantini sohasida hamkorlik toʻgʻrisida bitimning 1-ILOVASI
Oʻzbekiston Respublikasi hududida tarqalmagan va cheklangan miqdorda tarqalgan karantin obyektlari
roʻyxati
A 1. Oʻzbekiston Respublikasi hududida tarqalmagan karantin obyektlari
A 2. Oʻzbekiston Respublikasi hududida cheklangan miqdorda tarqalgan karantin obyektlari
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Ozarbayjon Respublikasi Hukumati oʻrtasida oʻsimliklar karantini sohasida hamkorlik toʻgʻrisida bitimning 2-ILOVASI
Ozarbayjon Respublikasi hududida tarqalmagan va cheklangan miqdorda tarqalgan karantin obyektlari
roʻyxati
A 1. Ozarbayjon Respublikasi hududida tarqalmagan karantin obyektlari
A 2. Ozarbayjon Respublikasi hududida cheklangan miqdorda tarqalgan karantin obyektlari
(Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalari toʻplami, 2004-y., 1-son)
