Oʻzbekiston Respublikasi hududini karantindagi zararkunandalar, oʻsimlik kasalliklari va begona oʻtlardan muhofaza qilish qoidalari toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida (1764-son)
31.01.2008
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI QIShLOQ VA SUV XOʻJALIGI VAZIRINING
BUYRUGʻI
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2008-yil 31-yanvarda 1764-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazildi]
Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻsimliklar karantini toʻgʻrisida”gi Qonuni hamda Vazirlar Mahkamasining 1995-yil 5-dekabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Oʻsimliklar karantini Davlat inspeksiyasini Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Oʻzbekiston Respublikasi Oʻsimliklar karantini Bosh Davlat inspeksiyasiga aylantirish toʻgʻrisida”gi 449-sonli va 2003-yil 28-iyundagi “Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi faoliyatini tashkil etishni takomillashtirish toʻgʻrisida”gi 290-sonli qarorlariga asosan buyuraman:
1. “Oʻzbekiston Respublikasi hududini karantindagi zararkunandalar, oʻsimlik kasalliklari va begona oʻtlardan muhofaza qilish qoidalari toʻgʻrisidagi Nizom” ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan boshlab 10 kundan keyin kuchga kiradi.
3. Ushbu buyruqning bajarilishini nazorat qilish vazirning birinchi oʻrinbosari Oʻ. Barnoyev zimmasiga yuklatilsin.
Qishloq va suv xoʻjaligi vaziri S. ISMOILOV
Toshkent sh.,
2007-yil 10-dekabr,
213-son
Qishloq va suv xoʻjaligi vazirining 2007-yil 10-dekabrdagi 213-son buyrugʻi bilan TASDIQLANGAN
Oʻzbekiston Respublikasi hududini karantindagi zararkunandalar, oʻsimlik kasalliklari va begona oʻtlardan muhofaza qilish qoidalari toʻgʻrisida
NIZOM
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻsimliklar karantini toʻgʻrisida”gi Qonuniga hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Oʻsimliklar karantini davlat inspeksiyasini Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Oʻzbekiston Respublikasi Oʻsimliklar karantini Bosh davlat inspeksiyasiga aylantirish toʻgʻrisida” 1995-yil 5-dekabrdagi 449-son qaroriga muvofiq, respublika hududiga chet mamlakatlardan kirib kelishi mumkin boʻlgan karantindagi va boshqa xavfli zararkunandalardan, oʻsimlik kasalliklari va begona oʻtlardan muhofaza etish, ularni vaqtida aniqlash, ularning tarqatilishiga yoʻl qoʻymaslik va ularni yoʻq qilish, qishloq xoʻjalik mahsulotlari va boshqa oʻsimlik mahsulotlarini yetishtirish, tayyorlash, tashish, saqlash, qayta ishlash, realizatsiya qilish va ulardan foydalanishda oʻsimliklar karantiniga oid qoidalar va tadbirlarga rioya etilishi hamda ularning amalga oshirilishi ustidan davlat nazoratini olib borish qoidalarini belgilaydi.
I. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
begona oʻtlar — biologik va ekologik jihatdan madaniy oʻsimliklar orasida oʻsib koʻpayishga moslashgan, hosilni hamda mahsulot sifatini pasaytiruvchi yovvoyi yoki yarim xonaki oʻsimliklar;
zararkunandalar — qishloq xoʻjalik oʻsimliklariga va ularning hosiliga zarar yetkazadigan jonivorlar va hasharotlar;
oʻsimliklar karantini — Respublikaning oʻsimlik boyliklariga jiddiy zarar yetkazishi mumkin boʻlgan xavfli zararkunandalar, begona oʻtlar, turli xil oʻsimliklar kasalliklari va boshqa karantin ostidagi materiallar olib kelinishi va tarqalishining oldini olish hamda ularni bartaraf etishga qaratilgan davlat tadbirlari tizimi;
karantin obyekti (karantindagi organizm) — oʻsimliklar hamda oʻsimlik mahsulotlariga katta ziyon yetkazishi mumkin boʻlgan zararkunandalar, oʻsimlik kasalliklarini qoʻzgʻatuvchilar yoki begona oʻt turi;
karantin ostidagi hudud — karantin obyektining yoyilishiga yoʻl qoʻymaslik yuzasidan tadbirlar oʻtkazilayotgan hudud;
karantin nazoratidagi material — oʻsimliklar, oʻsimliklarning mevalari va urugʻlari, oʻsimliklarning qismlari, texnik ekinlarning tolalari, un, yorma va shu kabi qayta ishlash mahsulotlari, karantin obyektlarini olib oʻtuvchi boʻlib xizmat qilishi mumkin boʻlgan mahsulotlar va yuklar;
karantin ostidagi material — karantin obyekti bilan zararlangan karantin nazoratidagi material;
karantin ostidagi materiallarning ekspertizasi — karantin ostidagi materiallar namunalarining karantin holatini tatbiq etish, zararli organizmlarning tur jihatdan holatini aniqlash;
karantin ostidagi materiallar fumigatsiyasi — zararli organizmlarni yoʻqotish maqsadida, karantin ostidagi materiallar va transport vositalarini zaharlovchi moddalar — fumigantlarning bugʻlari yoki gazlari bilan zararsizlantirish;
oʻsimliklar karantini punkti — karantin ostidagi import, eksport va tranzit materiallari namunalarining karantin tekshiruvi va ekspertizasi, chet eldan kelayotgan transport vositalarining tekshiruvi amalga oshiriladigan, shuningdek ular zararsizlantiriladigan joy;
oʻsimlik karantini chegara punkti — daryo portlari, aeroportlar, temir yoʻl stansiyalari, bosh pochta aloqa tarmoqlari va ularning tizimlarida, shosselar va boshqa chegara zonalaridagi oʻsimliklar karantini punkti;
karantin tekshiruvi — ekinlar, koʻchatlar, oʻrmon kasalliklari hududlari va tuproqni ularning karantin holatini aniqlash uchun tekshiruvdan oʻtkazish;
fitosanitar nazorati — zararli organizmlar va ular tabiiy kushandalarining tarqalishi, shuningdek ularning rivojlanish surʼati va zararlilik darajasini kuzatib borish hamda aniqlash;
introduksiya-karantin koʻchatxonasi — xorijdan olib kelinayotgan koʻchatlar va urugʻlar karantin obyektlari bilan yashirin zararlangan yoki zararlanmaganligini aniqlashga moʻljallangan maxsus koʻchatxona;
fitosanitar sertifikati — karantin nazoratidagi material karantin obyektlari bilan zararlanmaganligini tasdiqlaydigan hamda materialning yoʻnalishi, tashish shartlari va ushbu materialdan foydalanish shartlari, materialning idishi va oʻramlarini belgilaydigan hujjat;
import karantin ruxsatnomasi — oʻsimliklar karantini boʻyicha davlat xizmatchisi tomonidan belgilanadigan shartlarda karantin nazoratidagi materiallarni respublikaga olib kirilishiga yoki uning hududi boʻylab tranzit olib oʻtilishiga, Oʻsimliklar karantini bosh davlat inspeksiyasi (keyingi oʻrinlarda Inspeksiya deb yuritiladi) tomonidan ruxsat berilganligini tasdiqlovchi hujjat.
2. Oʻsimliklar karantini tadbirlari Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻsimliklar karantini toʻgʻrisida”gi Qonunining 2-moddasiga muvofiq amalga oshiriladi.
3. Barcha turdagi xoʻjalik yurituvchi subyektlar rahbarlari oʻsimliklar karantini boʻyicha profilaktik chora-tadbirlarni oʻz vaqtida va toʻliq amalga oshirish boʻyicha masʼul hisoblanadi.
4. Oʻsimliklar karantini davlat inspektorlari Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻsimliklar karantini toʻgʻrisida”gi Qonunning 8-moddasida belgilangan huquqlarga ega.
5. Oʻzbekiston Respublikasiga olib kiriladigan va uning tashqarisiga olib chiqiladigan asosiy karantin nazoratidagi mahsulotlar, yuklar va materiallar (tovarlar) roʻyxati Nizomga ilova qilinadi (mazkur Nizomning 1-ilovasi) va u Nizomning ajralmas qismi hisoblanadi.
II. Oʻzbekiston Respublikasiga karantin nazoratidagi materiallarni olib kirish boʻyicha karantin qoidalari
6. Oʻzbekiston Respublikasi hududiga karantin ostidagi materiallarni olib kirish man etiladi. Qonun bilan istisno tariqasida ruxsat etilganlar bundan mustasno.
7. Oʻzbekiston Respublikasiga chet mamlakatlardan quyidagi karantin ostidagi materiallarni olib kirishga istisno tariqasida ruxsat beriladi:
ilmiy maqsadlar uchun urugʻlik va koʻchat namunalarini, urugʻlik yoki koʻchat, ular yetishtirilgan mamlakat hududidagi karantin holatidan qatʼi nazar, introduksion-karantin pitomniklari va oranjeyalarning tekshirilganligini tasdiqlovchi hujjat mavjud boʻlgan hollarda;
qishloq xoʻjalik ekinlarining urugʻlarini, bakteriya, virus, mikroplazma va boshqa ayrim zamburugʻ kasalliklarining urugʻ va koʻchatlari maxsus ajratilgan introduksion-karantin pitomniklarda davlat nav sinash uchastkalarida ilmiy-tadqiqotlar oʻtkazish maqsadida;
karantin obyektlarining, yangi meva va sabzavotlarning tovar partiyalari qayta ishlangan holda ozuqa va yem-xashak maqsadlarida foydalanish uchun;
begona oʻtlarning karantin turlari, shu jumladan ularning yagona navlari ozuqa, yem-xashak va ilmiy maqsadlar uchun olib kelinganda.
8. Chet mamlakatlardan respublikaga karantin nazoratidagi materiallarni olib kirishga:
Inspeksiya tomonidan berilgan import karantin ruxsatnomasi (mazkur Nizomning 2-ilovasi) hamda eksport qilayotgan mamlakatning oʻsimliklar karantini va muhofazasi boʻyicha davlat organlari beradigan fitosanitar sertifikati yoki guvohnomasi boʻlgan taqdirdagina yoʻl qoʻyiladi. Oʻsimliklar karantini va muhofazasi boʻyicha davlat organlari boʻlmagan chet mamlakatdan karantin nazoratidagi materiallarni respublikaga olib kirishga Inspeksiya tomonidan har bir partiyaga alohida holda beriladigan import karantin ruxsatnomasi boʻlgan taqdirda yoʻl qoʻyiladi.
9. Import karantin ruxsatnomasi yuk oluvchining Inspeksiya nomiga yozadigan arizasiga (mazkur Nizomning 3-ilovasi) muvofiq beriladi.
10. Oʻzbekiston Respublikasiga import karantin ruxsatnomalarisiz tovar olib kirilishiga tovar joʻnatayotgan mamlakatning oʻsimliklar karantini muhofazasi davlat organlari tomonidan berilgan fitosanitar sertifikatlari mavjud boʻlsa va Oʻzbekiston karantin laboratoriyasi tomonidan ikkinchi marta koʻzdan kechirilib, qayta nazoratdan oʻtkazilganidan keyin ruxsat etiladi.
11. Xalqaro koʻrgazmalar uchun yuborilgan karantin ostidagi materiallar koʻrgazmalar oʻtkaziladigan joydagi oʻsimliklar karantini boʻyicha chegara punktlarida fitosanitar nazoratidan oʻtkazilishi lozim.
Agar koʻrgazma eksponatlari orasida Oʻzbekiston Respublikasiga olib kirilishi taqiqlangan yoki karantin ostidagi materiallar bilan zararlangan materiallar mavjudligi aniqlansa, bunday materiallar zudlik bilan qaytarib yuborilishi yoki olib qoʻyib, zararsizlantirilishi lozim.
12. Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kirilishi taqiqlangan yoxud fitosanitar nazorati va nazoratdan oʻtkazilmagan koʻrgazma eksponatlari, shuningdek karantin ostidagi mahsulotlar, fitosanitar nazoratidan oʻtmagan tirik organizmlar (hujayra, plangton, buldurut, parranda va sut emizuvchilar tuxumlari kabi mavjudotlar) urchitish manbalari hamda suv osti oʻsimliklari, ildizsimonlar oilasiga mansub oʻsimliklar mevalari, urugʻlari (koʻchatlari)ni chetdan olib kirish aniqlangan taqdirda Inspeksiya va uning hududiy tuzilmalari xodimlari tomonidan ular toʻxtatib qolinadi yoki mutaxassislar ishtirokida zararsizlantirilib, bu haqda alohida dalolatnoma tuziladi va manfaatdor taraflarga maʼlum qilinadi.
13. Chet mamlakatlardan respublikaga olib kirilayotgan karantin nazoratidagi materiallar respublika hududiga kelib tushgan joylarda oʻsimliklar karantini boʻyicha davlat xizmati inspektorlari tomonidan majburiy tekshiruvdan oʻtkazilishi shart.
14. Respublika hududidan olib oʻtilayotgan, ichida karantin nazoratidagi materiallar boʻlgan tranzit yuklar oʻsimliklar karantini boʻyicha davlat xizmati organlari tomonidan majburiy tekshiruvdan oʻtkazilishi zarur.
15. Karantin nazoratidagi materiallar keltirilgan joyda ikkinchi marotaba oʻsimliklar karantini davlat inspektorlari tomonidan fitosanitar nazoratidan oʻtkazilgandan keyin foydalanishga tavsiya etiladi.
16. Karantin ostidagi import materiallarni olib kirish, tranzit qilish va ulardan foydalanish import karantin ruxsatnomalarida belgilangan shartlar asosida amalga oshiriladi. Oʻsimliklar karantini davlat inspeksiyalarining roziligisiz joylarda karantin ostidagi import materiallarni boshqa tashkilotlarga berib yuborilishi, boshqa hudud va boshqa mintaqalarga joʻnatilishi taqiqlanadi.
17. Oʻsimliklar karantini qoidalarini muntazam ravishda buzuvchi, Inspeksiya tomonidan koʻrsatilgan karantin fitosanitar tadbirlari ijrosini taʼminlamaydigan tadbirkorlik subyektlariga karantin nazoratidagi yuklar va materiallar olib kirish huquqini beruvchi ruxsatnomalar berish belgilangan tartibda toʻxtatiladi.
III. Oʻzbekiston Respublikasiga olib kirilayotgan karantin nazoratidagi materiallar va transport vositalarini fitosanitar nazoratidan oʻtkazish tartibi
18. Respublika hududiga olib kirilayotgan karantin nazoratidagi materiallar va transport vositalarini fitosanitar nazoratidan oʻtkazish chegaradan oʻtish joylarida tashkil etilgan oʻsimliklar karantini chegara punktlari tomonidan amalga oshiriladi.
19. Respublika hududiga olib kirilayotgan karantin nazoratidagi materiallarni fitosanitar nazoratidan oʻtkazish oʻsimliklar karantini chegara punktlari davlat inspektorlari tomonidan yuklarini tushirishga qadar shuningdek, tushirish va ortish jarayonida amalga oshiriladi.
20. Oʻsimliklar karantini boʻyicha davlat xizmati inspektorlari boshqa mamlakatlardan respublika hududiga kemalar, poyezdlar, samolyotlar va avtotransportlari orqali olib kirilayotgan karantin nazoratidagi materiallarni hamda pochta joʻnatmalarini qabul qilib olishda bevosita ishtirok etadilar.
21. Transport yoki yukning yuzasida karantin ostidagi materiallar yoʻq boʻlsa, oʻsimlik materiallarining fitosanitar holatini aniqlash uchun oʻsimliklar karantini chegara punkti davlat inspektori yuk partiyalaridan belgilangan tartibda namunalarni tanlab oladi va nazoratdan oʻtkazadi.
22. Yuk va transport vositalarida karantin ostidagi materiallar borligi aniqlansa, ularning namunalari tasdiqlash uchun karantin laboratoriyasiga yuboriladi. Aniqlangan karantin ostidagi materiallar belgilangan tartibda zararsizlantirilishi yoki yuk joʻnatuvchiga qaytarib yuborilishi lozim.
23. Oʻzbekiston Respublikasining chegara punktiga yetib kelgan yoʻlovchilar, kema komandalarining aʼzolari, samolyot, poyezd brigadalari va avtotransport ekipajlari bojxona deklaratsiyasini toʻldirish vaqtida qoʻl yuki yoki bagaj(yuk xona)da karantin nazoratidagi materiallari bor-yoʻqligini koʻrsatishlari va agar mavjud boʻlsa, ularni fitosanitar nazoratidan oʻtkazishlari shart.
24. Vagonlar, tryumlar, avtomashinalar, konteynyerlar va yuk qoʻyiladigan joylarni (yuk xonani) ochib koʻrish oʻsimliklar karantini chegara punkti davlat inspektori talabiga binoan transport tashkilotlarining vakillari, haydovchilar yoki bagaj(yuk xona) egalari bilan birgalikda amalga oshiriladi.
25. Boshqa mamlakatlardan kelgan transport vositalari yuk va bagajdan boʻshatilganidan keyin chegara punktlari transport tashkilotlari tomonidan, yuk olib borish moʻljallangan joyda esa yukni qabul qilib oluvchi tomonidan tozalanishi lozim.
Karantin obyekti borligi aniqlansa yoki borligi gumon qilinsa oʻsimliklar karantini davlat inspektori kemalarni fumigatsiyaga, vagonlar va transport vositalarini esa, yuvish dezinfeksiya stansiyalariga joʻnatish toʻgʻrisida koʻrsatma beradi.
26. Oʻzbekiston va chet el transport vositalaridagi karantin obyekti yoki boshqa xavfli zararkunandalar bilan zararlangan oziq-ovqat zaxiralari davlat inspektorining koʻrsatmalariga binoan zararsizlantirilishi yoki transport vositalari toʻliq zararsizlantirilgunga qadar Oʻzbekiston Respublikasi hududida boʻlishi vaqtida omborxonalarda soʻrgʻichlab tamgʻa bosib qoʻyilishi lozim.
27. Ikkinchi marta fitosanitar nazoratidan oʻtkazilganidan keyin, laboratoriya ekspertizasi uchun zaruriyat boʻlmasa karantin nazoratidagi materiallar kelib tushgan joydagi oʻsimliklar karantini davlat inspeksiyasi tomonidan mazkur mahsulotdan foydalanish shartlari toʻgʻrisida xulosa chiqariladi va ijro etilishi zarur boʻlgan fitosanitar tadbirlar belgilanadi.
28. Karantin va boshqa xavfli zararkunandalar, oʻsimlik kasalliklari va begona oʻtlar bilan zararlangan karantin ostidagi materiallarga nisbatan zararsizlantirish va tozalashning samarali tadbirlarini qoʻllashning imkoni boʻlmasa, ular belgilangan tartibda eksportyorga qaytarilishi yoki yoʻq qilinishi lozim.
29. Urugʻliklar va koʻchatlar solingan posilkalar va banderollar Oʻzbekiston Respublikasiga yetib kelganidan keyin fitosanitar nazorati va ekspertizasidan oʻtkazilishi lozim. Chegara punktining davlat inspektori tomonidan posilkalar va banderollar koʻzdan kechirilganida, ularda karantin obyekti borligi gumon qilinsa, ular nazoratdan oʻtkazish uchun karantin laboratoriyasiga topshiriladi.
IV. Diplomatik, konsullik, savdo vakolatxonalari va xalqaro hukumatlararo tashkilotlar tomonidan karantin nazoratidagi materiallarni olib kirishning karantin tartibi
30. Diplomatik va tashqi savdo tashkilotlarining nomiga kelib tushgan karantin nazoratidagi materiallarning tovar namunalari umumiy asoslarda fitosanitar nazoratidan oʻtkazilishi lozim.
31. Diplomatik, konsullik, davlat savdo vakillari hamda Oʻzbekiston Respublikasi hududida joylashgan xalqaro tashkilotlarning vakillari shuningdek, imtiyozlar va immunitetlardan foydalanuvchi shaxslar davlat chegarasidan oʻtish vaqtida oʻsimliklar karantini chegara punktining davlat inspektori ularga Oʻzbekiston Respublikasida amalda boʻlgan oʻsimliklar karantiniga doir qonun hujjatlarini hamda karantin nazoratidagi materiallarni fitosanitar nazoratidan oʻtkazilishini tushuntiradi.
32. Diplomatik, konsullik, savdo vakolatxonalari va Oʻzbekiston hududida joylashgan xalqaro hukumatlararo tashkilotlar uchun yuborilgan karantin nazoratidagi yuklar uning egasi yoki vakili va yuk kelib tushgan joydagi bojxona organi xodimi nazoratida ekspertiza uchun namunalar olgan holda, fitosanitar nazoratidan oʻtkaziladi. Mazkur yuklarga ularni joʻnatgan mamlakatning karantin xizmati tomonidan berilgan fitosanitar sertifikati ilova qilingan boʻlishi lozim.
33. Karantin obyektlari mavjud degan shubha tugʻilsa, yuk ekspertiza uchun karantin laboratoriyasiga topshiriladi, basharti, karantin va boshqa xavfli zararkunandalar, oʻsimlik kasalliklari va begona oʻtlar mavjudligi aniqlansa, ularni zararsizlantirish yoki yuk joʻnatuvchiga qaytarib yuborilishi lozim.
Bu haqda alohida dalolatnoma tuzilib, oʻsimliklar karantini boʻyicha davlat inspektori manfaatdor taraflarga maʼlum qiladi.
34. Chet davlatlarning elchixonalari, missiyalari yoki diplomatik va savdo vakolatxonalari nomiga kelib tushgan urugʻli, dukkakli va sitrus oʻsimliklarni fitosanitar nazoratidan oʻtkazilib, donalab tozalangan, shuningdek laboratoriya ekspertizasidan oʻtkazilgandan keyin sof mevalari, basharti, karantin ostidagi materiallar mavjud boʻlmasa, zararsizlantirilmagan holda olib kirilishi va ulardan oziq-ovqat sifatida foydalanishga yoʻl qoʻyilishi mumkin.
V. Karantin nazoratidagi materiallar tranzitining karantin tartibi
35. Karantin nazoratidagi materiallar tranzit tarzida Oʻzbekiston Respublikasi hududidan yopiq yoki izotermik, tashishga yaroqli va plombalangan vagonlarda, avtofurgonlarda, avtorefrejerator yoki konteynyerlarda hamda “Bojxona tranzit rejimi toʻgʻrisida”gi Nizom (1998-yil 23-dekabr, roʻyxat raqami 577) talablarini inobatga olgan holda tashib oʻtiladi.
Ushbu qoidalar buzilgan taqdirda tranzit tarzida tashishga yoʻl qoʻyilmaydi.
36. Oʻzbekiston Respublikasi hududida tranzit tarzda olib oʻtiladigan karantin nazoratidagi materiallar Oʻzbekiston chegara punktlarida fitosanitar nazoratidan oʻtkazilishi lozim.
37. Karantin nazoratidagi materiallarni Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tranzit tarzida olib oʻtish quyidagi tartibda amalga oshiriladi:
urugʻliklar, koʻchatlar, mevalar, sabzavotlar, yogʻoch materiallari karantin nazoratidagi boshqa mahsulotlarning tovar partiyalari Inspeksiya tomonidan tranzit uchun beriladigan ruxsatnomalarda belgilanadigan shartlar asosida (tranzit yuklariga eksportyor mamlakatning fitosanitar sertifikati ilova qilingan boʻlishi lozim);
pochta orqali, yoʻlovchilarning bagaj(yuk xona) va qoʻl yuki ichida keltirilgan urugʻliklar, yangi mevalar, sabzavotlar va karantin nazoratidagi boshqa mahsulotlar oʻsimliklar karantini boʻyicha chegara punkti davlat inspektorining fitosanitar nazoratidan oʻtkazilganidan keyin olib kirishga ruxsat etiladi.
VI. Karantin ostidagi materiallar va ular bilan zararlangan transport vositalarini zararsizlantirish va tozalash tartibi
38. Karantin ostidagi materiallar va boshqa xavfli oʻsimlik zararkunandalari bilan zararlangan barcha import yuklar Oʻzbekiston Respublikasiga olib kirilishi vaqtida chegara punktlarida zararsizlantirilishi, qaytarib yuborilishi yoxud yoʻq qilinishi va bu haqda alohida dalolatnoma rasmiylashtirilib, manfaatdor taraflarga maʼlum qilinishi lozim.
39. Karantin ostidagi materiallar tashib boʻlinganidan keyin barcha turdagi transport vositalari tozalanishi hamda belgilangan tartibda zararsizlantirilishi lozim.
40. Transport vositalarini chegara punktida yoki realizatsiya punktida karantin ostidagi materiallardan zararsizlantirish zaruriyati oʻsimliklar karantini davlat inspektori tomonidan aniqlanadi. Yuk qabul qilib oluvchilar yoki transport tashkilotlari chegara punkti davlat inspektorining koʻrsatmasi asosida oʻsimliklar karantini boʻyicha tegishli davlat inspeksiyalarining maxsus fumigatsiya otryadlariga zararsizlantirish tadbirlari oʻtkazish toʻgʻrisida talabnoma beradilar.
41. Fumigatsiya kameralari, shtabellar, kemalarning tryumlari va bagaj (yuk xona)larida, vagonlar va konteynyerlarda hamda transportning boshqa turlarida karantin ostidagi materiallar va xavfli zararkunandalar bilan zararlangan material (tovar yuk)larni zararsizlantirish boʻyicha ishlar chegara punktlarida oʻsimliklar karantini boʻyicha davlat xizmatining maxsus fumigatsiya otryadlari tomonidan amalga oshiriladi.
42. Kemalar va barjalar, vagonlar, konteynyerlar, avtotransport va yuklarni zararsizlantirish boʻyicha ishlarni olib borish uchun transport tashkilotlari va yuk qabul qilib oluvchilar tomonidan zararsizlantirish texnologiyasi va texnika xavfsizligi talablariga javob beradigan maxsus jihozlangan bandargohlar, maydonlar va binolar ajratiladi. Transport vositalari va yuklarni fumigatsiya hamda degazatsiyaga tayyorlash boʻyicha ishlar fumigatsiya otryadlari mutaxassislarining ishtirokida transport tashkilotlari tomonidan amalga oshiriladi.
43. Karantin nazoratidagi materiallar chet ellardan zararsizlantirilgan holda joʻnatilganda, ular Oʻzbekiston Respublikasi chegara punktlarida fumigatsiya otryadlari tomonidan toʻgʻri degazatsiya qilinganligi tekshiriladi.
44. Sitrus oʻsimliklar mevalarini refrejeratsiya qilish va ularni muzlatgich kameralarda zararsizlantirish oʻsimliklar karantini davlat inspektori nazorati ostida yukni qabul qilib oluvchilar tomonidan belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
45. Zararlangan karantin ostidagi materiallarni degazatsiya, fumigatsiya, refrejeratsiya qilish yoki boshqa usullarda zararsizlantirish (tozalash, qaytarib yuborish yoki boshqa manzilga joʻnatish, yoʻq qilib yuborish), yuklarni, bagaj(yuk xona)larni posilkalarni ochish yoki oʻramlash, ularni zararsizlantirish joylariga olib borish va u yerdan qaytarib olib kelish bilan bogʻliq xarajatlar yuklarni qabul qilib oluvchilar hisobidan qoplanadi.
VII. Karantin nazoratidagi import va tranzit materiallarga doir hujjatlarni rasmiylashtirish tartibi
46. Import materiallarga karantin ruxsatnomasini olish uchun import qilayotgan tashkilotlar hujjatlarni rasmiylashtirishga kamida 30 kun qolganida Oʻzbekiston Respublikasi Oʻsimliklar karantini bosh davlat inspeksiyasiga ariza berishlari lozim.
47. Oʻzbekiston Respublikasi Oʻsimliklar karantini bosh davlat inspeksiyasiga taqdim etiladigan arizada quyidagi maʼlumotlar koʻrsatilishi lozim:
Oʻzbekiston Respublikasiga olib kirish yoki uning hududidan tranzit tarzida olib oʻtish moʻljallangan karantin nazoratidagi materiallarning nomi va miqdori (har bir turi boʻyicha alohida);
materiallar joʻnatiladigan va ulardan foydalaniladigan joy (manzil, tranzit tarzidagi yuklar uchun esa yoʻnalish va joʻnatilayotgan mamlakat);
tranzit tarzidagi karantin nazoratidagi import materiallarni olishi moʻljallanayotgan mamlakat, shuningdek mazkur materiallar yetishtirilgan mamlakat nomi;
karantin nazoratidagi materiallar yetib kelishining yoki tranzit tarzida tashib oʻtilishi moʻljallanayotgan muddatlar;
mazkur yuklar olib kiriladigan va olib chiqib ketiladigan Oʻzbekiston Respublikasidagi chegara punktining (port, bandargoh, temir yoʻl stansiyasi, aeroport, avtostansiya va shu kabilar) nomi.
48. Karantin nazoratidagi import materiallar uchun ruxsatnoma berish soʻralgan arizada importyor oʻsimliklar karantini boʻyicha davlat inspeksiyasi tomonidan belgilangan karantin shartlari va tadbirlarini oʻz hisobidan va oʻz kuchi bilan bajarishini taʼminlash kafolatini zimmasiga olishi shart.
49. Karantin nazoratidagi materiallarni olib kelish toʻgʻrisida birinchi marotaba ariza berilganda, arizaga tegishli davlat roʻyxatidan oʻtkazilganlik haqidagi guvohnoma nusxasi ilova qilinadi.
50. Pochta joʻnatmalarida yoʻlovchilarning yoki kemalar, samolyotlar ekipajlarining aʼzolari yoxud poyezd brigadasi aʼzolarining bagajda, qoʻl yukida Oʻzbekiston Respublikasiga olib kirish taqiqlangan karantin ostidagi materiallar mavjud ekanligi maʼlum boʻlib qolsa, oʻsimliklar karantini davlat inspektori tomonidan mazkur mahsulotlar olib qoʻyilishi va yuk egalari ishtirokida yoʻq qilib yuborilishi yoki zararsizlantirilishi lozim.
51. Ilmiy ahamiyatga ega boʻlgan urugʻliklar va koʻchatlarda karantin obyektlari borligi gumon qilinganda, ularning egalari roziligi bilan introduksion-karantin koʻchatxonalariga topshirilishi mumkin.
52. Yoʻlovchilardan karantin ostidagi materiallar (qoʻl yuki va bagaj) olib qoʻyilganda, bu haqda oʻsimliklar karantini davlat inspektori ikki nusxada dalolatnoma tuzadi va uning bir nusxasi material egasiga topshiriladi.
53. Import urugʻliklar, koʻchatlar va boshqa karantin nazoratidagi import materiallar chegara punktlaridan Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi mamlakatlariga transportirovka qilinganda yoki yukni qabul qilib oluvchilar turlicha boʻlganda oʻsimliklar karantini davlat inspektori har bir holda alohida belgilangan shakldagi fitosanitar sertifikatini (mazkur Nizomning 4-ilovasi) beradi. Sertifikatning birinchi va ikkinchi nusxalari transport hujjatlariga ilova qilinadi.
Karantin fitosanitar sertifikati har bir transport birligi uchun alohida beriladi.
54. Oʻzbekiston Respublikasiga olib kirilayotgan karantin nazoratidagi materiallar oʻsimliklar karantini davlat inspektori tomonidan fitosanitar sertifikati bor-yoʻqligi tekshirilgan holda karantin nazoratidan oʻtkaziladi.
55. Zararsizlantirilgan karantin ostidagi materiallarga berilgan karantin sertifikatida zararsizlantirish oʻtkazilgan joy, soat, mahsulot qanday usul bilan zararsizlantirilganligi, uning miqdori, ekspozitsiyasi, gramm normasi va zararsizlantirish oʻtkazilgan sana koʻrsatilishi lozim.
56. Karantin nazoratidagi materiallarni daryo portlari, aeroportlar, temir yoʻl va avtomobil stansiyalari, aloqa korxonalari va boshqa chegara punktlari orqali mamlakat ichkarisiga olib kirilishiga import qilayotgan davlatning vakolatli organi tomonidan beriladigan fitosanitar sertifikati mavjud boʻlganda yoʻl qoʻyiladi.
57. Chet mamlakatlardan keltirilgan karantin nazoratidagi yuklarni karantin shartlariga binoan boshqa muassasa, tashkilot yoki mintaqaga joʻnatib yuborish lozim boʻlsa, mazkur yuklarni boshqa manzilga joʻnatish, Inspeksiya ruxsati bilan tegishli oʻsimliklar karantini davlat inspeksiyasi koʻrsatmasiga binoan aloqa korxonalarining, aeroportlar, temir yoʻllar va avtostansiyalar hamda boshqa transport tashkilotlarining maʼmuriyati tomonidan yuklar va materiallarni qabul qilib oluvchi hisobidan amalga oshiriladi.
VIII. Oʻzbekiston Respublikasi hududidan karantin nazoratidagi materiallarni olib chiqish boʻyicha karantin talablari
58. Oʻzbekiston Respublikasidan chet mamlakatlarga olib chiqiladigan karantin nazoratidagi materiallar Oʻzbekiston Respublikasi va boshqa davlatlar oʻrtasida oʻsimliklar karantini boʻyicha tuzilgan konvensiyalar va xalqaro bitimlarda shuningdek, savdo shartnomalarida, kontraktlarda va import qilayotgan mamlakatning qoʻshimcha talablarida nazarda tutilgan fitosanitar shartlarga javob beradigan boʻlishi lozim.
59. Ilmiy-tadqiqot muassasalari va qishloq xoʻjaligi ekinlarining navlarini sinash davlat komissiyasi tomonidan chet mamlakatlarga yuboriladigan urugʻliklar va koʻchatlar ular yetishtirilgan joylarda karantin ekspertizasidan oʻtkazilib, ularga fitosanitar sertifikati ilova qilinadi.
60. Fitosanitar sertifikati importyor mamlakatlar bilan oʻsimliklar karantini boʻyicha tuzilgan bitimlar va xalqaro konvensiyalarda nazarda tutilgan, shuningdek importyorlarning qoʻshimcha ravishdagi fitosanitar talablarida koʻrsatilgan talablarga muvofiq, karantin nazoratidagi materialda zararkunandalar, oʻsimlik kasalliklari va begona oʻtlar yoʻq ekanligini tasdiqlashi lozim.
61. Fitosanitar sertifikatida yukni zararsizlantirish va bunday materiallarni yetkazib berish boʻyicha qoʻshimcha fitosanitar talablar bajarilganligi toʻgʻrisida maʼlumotlar koʻrsatiladi, basharti, bu narsa importyor tomonidan yoki shartnomada nazarda tutilgan boʻlsa, oʻsimliklarning botanik nomi lotincha yoziladi.
62. Fitosanitar sertifikati yuk olib chiqib ketayotgan har bir transport birligiga (vagon, avtomashina, kema, barja va boshqalar) yoki har bir partiyaga yukni joʻnatishga koʻpi bilan oʻn besh kun qolganida beriladi va boshqa hujjatlar bilan birgalikda yukni qabul qilib oluvchi nomiga joʻnatiladi. Fitosanitar sertifikati muhr bilan tasdiqlanadi.
63. Eksport qilinayotgan yuklar dastlab joʻnatilayotgan joylarda, soʻngra qayta yuklash (eksport partiyasini shakllantirish) vaqtida daryo portlari, temir yoʻl stansiyalari va boshqa chegara punktlarida fitosanitar nazoratidan oʻtkaziladi.
64. Chegara punktida qayta yuklanmagan holda eksport qilinganida yuk joʻnatilgan joydan berilgan fitosanitar sertifikati qay darajada toʻgʻri rasmiylashtirilganligi tekshiriladi.
65. Fitosanitar sertifikati ikki nusxada tuzilib, birinchi nusxasi yuk joʻnatuvchiga beriladi, ikkinchi nusxasi esa, chegara punkti yoki tegishli davlat inspeksiyasida hisobot uchun qoldiriladi.
66. Karantin nazoratidagi materiallar qayta eksport qilinayotganda ularga nisbatan ushbu Nizomda koʻrsatilgan barcha karantin talablari tatbiq etiladi.
67. Karantin nazoratidagi materiallarni Respublika hududidan olib chiqishga ular tayyorlangan joydagi tegishli oʻsimliklar karantini davlat inspeksiyasi tomonidan berilgan karantin fitosanitar sertifikati mavjud boʻlgan hollarda yoʻl qoʻyiladi.
IX. Yakuniy qoidalar
68. Oʻsimliklar karantini talablarini buzishda aybdor boʻlgan shaxslar qonun hujjatlariga muvofiq javobgarlikka tortiladilar.
69. Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi, Davlat bojxona qoʻmitasi va Oʻzbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi bilan kelishilgan.
Tashqi ishlar vaziri V. NOROV
Toshkent sh.,
2007-yil 5-dekabr
Sogʻliqni saqlash vaziri F. NAZIROV
Toshkent sh.,
2007-yil 5-dekabr
Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vaziri E. GʻANIYEV
Toshkent sh.,
2007-yil 5-dekabr
Davlat bojxona qoʻmitasi raisi S. NOSIROV
Toshkent sh.,
2007-yil 5-dekabr
Oʻzbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi Bosh direktori A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2007-yil 5-dekabr
Oʻzbekiston Respublikasi hududini karantindagi zararkunandalar, oʻsimlik kasalliklari va begona oʻtlardan muhofaza qilish qoidalari toʻgʻrisida nizomga 1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasiga olib kiriladigan va uning tashqarisiga olib chiqiladigan asosiy karantin nazoratidagi mahsulotlar, yuklar va materiallar (tovarlar) roʻyxati
(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirining 2011-yil 24-iyundagi 108-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 1764-1, 18.07.2011-y.) tahririda — OʻR QHT, 2011-y., 29-son, 308-modda)
Oʻzbekiston Respublikasi hududini karantindagi zararkunandalar, oʻsimlik kasalliklari va begona oʻtlardan muhofaza qilish qoidalari toʻgʻrisidagi nizomga 2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi hududini karantindagi zararkunandalar, oʻsimlik kasalliklari va begona oʻtlardan muhofaza qilish qoidalari toʻgʻrisidagi nizomga 3-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi hududini karantindagi zararkunandalar, oʻsimlik kasalliklari va begona oʻtlardan muhofaza qilish qoidalari toʻgʻrisidagi nizomga 4-ILOVA
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2008-y., 5-son, 23-modda; 2011-y., 29-son, 308-modda)
