Toshkent hayvonot bogʻi kolleksiyalarini toʻldirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (15-son)
28.01.2008
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Toshkent hayvonot bogʻi kolleksiyalarini hayvonlar va qushlarning noyob va ekzotik, shu jumladan “Qizil kitob”ga kiritilgan turlari bilan toʻldirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Toshkent hayvonot bogʻiga, oʻzining iqtisodiy manfaatlarini hisobga olgan holda, hayvonlar va qushlarni xorijiy mamlakatlarning hayvonot bogʻlari va muassasalari bilan almashtirishga, shuningdek ularni yuridik va jismoniy shaxslardan bepul qabul qilib olishga ruxsat etilsin.
2. Toshkent hayvonot bogʻi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasiga keltiriladigan hayvonlar va qushlar, vitaminlar, ozuqalar, veterinariya preparatlari va biologik preparatlar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tasdiqlaydigan roʻyxat boʻyicha 2012-yil 31-dekabrgacha bojxona toʻlovlaridan (bojxonada rasmiylashtirish yigʻimlaridan tashqari) ozod qilinsin.
Belgilab qoʻyilsinki, imtiyozlar berilishi munosabati bilan boʻshab qoladigan mablagʻlar Toshkent hayvonot bogʻining hayvonlar va qushlar kolleksiyalarini toʻldirish va kengaytirish uchun maqsadli ravishda yoʻnaltiriladi.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat tabiatni muhofaza qilish qoʻmitasi, Toshkent shahar hokimligi Toshkent hayvonot bogʻi bilan birgalikda hayvonot bogʻi kolleksiyasini Oʻzbekiston Respublikasi hududida yashaydigan hayvonlar va qushlar bilan kengaytirish va boyitish tadbirlarining aniq rejasini ishlab chiqsinlar.
4. Vazirlar Mahkamasining “Toshkent hayvonot bogʻi kolleksiyalarini toʻldirish va boyitish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2000-yil 10-yanvardagi 7-son qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2008-yil 28-yanvar,
15-son
