Doimiy ravishda sport bilan shugʻullanuvchi bolalar sonini belgilashning aniq mezonlari toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida (1759-son)
16.01.2008
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI XALQ TAʼLIMI VAZIRLIGI OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI MADANIYAT VA SPORT IShLARI VAZIRLIGI OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI IQTISODIYOT VAZIRLIGINING
QARORI
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2008-yil 16-yanvarda 1759-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazildi]
Oʻzbekiston Respublikasining “Jismoniy tarbiya va sport toʻgʻrisida” gi Qonuni, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2002-yil 24-oktabrdagi “Oʻzbekiston Bolalar sportini rivojlantirish jamgʻarmasini tuzish toʻgʻrisida”gi PF-3154-sonli Farmoni, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2007-yil 12-dekabrdagi “2008-yilda Bolalar sportini rivojlantirish jamgʻarmasi budjetini va bolalar sport obyektlari qurilishining aniq manzilli dasturini tasdiqlash toʻgʻrisida” gi PQ-743-sonli qarori, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 29-avgustdagi “Xalq taʼlimi vazirligi huzuridagi Bolalar sportini rivojlantirish jamgʻarmasi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi 410-sonli qarorini bajarish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi, Madaniyat va sport ishlari vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi qaror qiladi:
1. Doimiy ravishda sport bilan shugʻullanuvchi bolalar sonini belgilashning aniq mezonlari toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilganidan soʻng oʻn kundan keyin kuchga kiradi.
Xalq taʼlimi vaziri T. JOʻRAYEV
Toshkent sh.,
2008-yil 8-yanvar,
1-son
Madaniyat va sport ishlari vaziri R. QURBONOV
Toshkent sh.,
2008-yil 8-yanvar,
8-son
Iqtisodiyot vaziri B. XODJAYEV
Toshkent sh.,
2008-yil 8-yanvar,
39-son
Xalq taʼlimi vazirligi, Madaniyat va sport ishlari vazirligi, Iqtisodiyot vazirligining 2008-yil 8-yanvardagi 1, 8, 39-son qarori bilan TASDIQLANGAN
Doimiy ravishda sport bilan shugʻullanuvchi bolalar sonini belgilashning aniq mezonlari toʻgʻrisida
NIZOM
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasining “Jismoniy tarbiya va sport toʻgʻrisida”gi Qonuni, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2002-yil 24-oktabrdagi “Oʻzbekiston Bolalar sportini rivojlantirish jamgʻarmasini tuzish toʻgʻrisida”gi PF-3154-son Farmoni, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2007-yil 12-dekabrdagi “2008-yilda Bolalar sportini rivojlantirish jamgʻarmasi budjetini va bolalar sport obyektlari qurilishining aniq manzilli dasturini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi PQ-743-son qarori, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 29-avgustdagi “Xalq taʼlimi vazirligi huzuridagi Bolalar sportini rivojlantirish jamgʻarmasi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi 410-son qaroriga muvofiq, jismoniy tarbiya yoki sport turlari bilan doimiy shugʻullanuvchi 6 yoshdan 18 yoshgacha boʻlgan bolalar sonini belgilashning aniq mezonlariga nisbatan qoʻyiladigan asosiy talablarni belgilaydi.
I. Asosiy tushunchalar
1. Mazkur Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
jismoniy sogʻlomlashtirish guruhi — sogʻlomlashtirish maqsadida jismoniy tarbiya bilan shugʻullanuvchi shaxslardan tashkil etilgan guruh;
jismoniy tarbiyalanuvchi — sogʻlomlashtirish maqsadida maʼlum bir sport turi vositalarini qoʻllash orqali jismoniy tarbiya bilan shugʻullanadigan shaxs;
yoʻriqchi — (oliy, oʻrta maxsus) jismoniy tarbiya maʼlumotiga ega boʻlgan yoki sport turlari boʻyicha federatsiya va assotsiatsiyalar oʻtkazadigan litsenzion kurslarni tamomlagan, sogʻlomlashtirish maqsadida oʻquv-mashgʻulot darslarini olib boradigan shaxs;
murabbiy — (oliy yoki oʻrta maxsus) jismoniy tarbiya maʼlumotiga yoki sport turlari boʻyicha federatsiya va assotsiatsiyalarning maxsus ruxsatnomalariga ega boʻlgan sportchilar bilan oʻquv-mashgʻulot darslarini olib boradigan, ularning sport mahoratini oshirish va sport musobaqalarida ishtirok etishlari uchun tayyorgarlik ishlarini olib boruvchi shaxs;
sport turi — oʻzining musobaqa oʻtkazish qoidalariga ega boʻlgan, mazkur sport turi boʻyicha oʻtkaziladigan sport tadbirlariga sportchilarni tayyorlaydigan, sport yoʻnalishida maxsuslashtirilgan umumiy tushuncha;
sportchi — maʼlum bir sport turi bilan doimiy shugʻullanuvchi, sport turlariga xos talablar boʻyicha umumiy va maxsus jismoniy tayyorgarlik sinov meʼyorlarini bajargan va musobaqalarda doimiy ishtirok etadigan shaxs;
oʻquv mashgʻulot sport guruhi — yoshi va malakasiga muvofiq sport turi boʻyicha guruhlarga birlashgan shugʻullanuvchi sportchilarning aniq bir soni.
II. Maqsad va vazifalar
2. Ushbu Nizomning asosiy maqsadi sport turlari bilan doimiy shugʻullanuvchi bolalar sonini belgilash boʻyicha aniq mezonlarni ishlab chiqish hisoblanadi.
3. Sport turlari bilan doimiy shugʻullanuvchi bolalar sonini belgilashning asosiy maqsad va vazifalari:
a) yagona hisobotlarni shakllantirish;
b) Respublikada sport turlarini rivojlantirish boʻyicha asoslangan boshqaruv qarorlarini qabul qilish;
v) sport turlari boʻyicha murabbiy kadrlarga, jismoniy tarbiya boʻyicha yoʻriqchilarga boʻlgan ehtiyojni aniqlash, shuningdek ular faoliyatini tartibga solish;
g) sport inshootlarida anjomlar, jihozlar va kiyimlarga boʻlgan ehtiyojni aniqlash;
d) jismoniy tarbiya va sport turlarini rivojlantirish boʻyicha kechiktirib boʻlmaydigan va uzoq muddatli tadbirlarni belgilashdan iborat.
III. Sport turlari bilan shugʻullanuvchi bolalar sonini belgilash mezonlari
4. Sport turlari bilan doimiy shugʻullanuvchi bolalar soni — bu oʻquv-mashgʻulot sport guruhlari jurnallarida qayd etilgan, biror bir sport turidan murabbiy rahbarligida yil davomida, haftasiga kamida uch marta shugʻullanadigan, har bir mashgʻulotning davomiyligi ikki akademik soatdan oz boʻlmagan va musobaqalarda doimiy ishtirok etadigan bolalar soni.
5. Sport turlari bilan doimiy shugʻullanuvchi bolalar sonini belgilash mezonlariga:
a) sport turi boʻyicha murabbiyning mavjudligi;
b) haftasiga kamida uch marotaba, har bir darslarning davomiyligi ikki akademik soatdan kam boʻlmagan oʻquv-mashgʻulot darslarining oʻtkazilishi;
v) oʻquv-mashgʻulot sport guruhlarining jurnallarda qayd etilishi;
g) sportchini musobaqalarda ishtirok etganligi toʻgʻrisidagi qaydning jurnalda borligi kiradi.
6. Sport turlari boʻyicha mashgʻulotlar — maxsus ajratilgan joylarda, ayniqsa sport turining norma va talablariga javob beradigan sport zallari yoki boshqa inshootlarda amalga oshiriladi.
7. Jismoniy tarbiya bilan shugʻullanadigan bolalar soni — bu jismoniy sogʻlomlashtirish guruhi jurnallarida qayd etilgan, yoʻriqchi rahbarligida sogʻlomlashtirish maqsadida jismoniy tarbiya bilan shugʻullanadigan bolalar soni.
8. Sogʻlomlashtirish maqsadida jismoniy tarbiya bilan shugʻullanadigan bolalar sonini aniqlash mezonlariga:
a) yoʻriqchilarning mavjudligi;
b) jismoniy-sogʻlomlashtirish guruhlarining jurnallarda qayd etilganligi kiradi.
9. Sogʻlomlashtirish maqsadida oʻtkaziladigan jismoniy tarbiya mashgʻulotlarini olib borish uchun mazkur Nizomning 5-bandida koʻrsatilgan talablar hamda maxsus ajratilgan joylar boʻlishi talab etilmaydi. Bunday mashgʻulotlarning olib borilishi turli moslashtirilgan joylarda, texnika xavfsizligi qoidalariga qatʼiy amal qilish sharti bilan amalga oshirilishi mumkin.
10. Davlat taʼlim standartlari asosida taʼlim muassasalarida (umumtaʼlim maktablari, akademik litseylar, kasb-hunar kollejlari) olib boriladigan jismoniy tarbiya darslarida ishtirok etuvchi oʻquvchilar soni ushbu Nizom maqsadida aniqlanadigan bolalar soniga kiritilmaydi.
IV. Bolalar sonini hisoblash boʻyicha hujjatlar
11. Sport turlari bilan doimiy shugʻullanuvchi yoki jismoniy tarbiya bilan shugʻullanuvchi bolalar sonini hisoblash boʻyicha asosiy hujjatlar boʻlib quyidagilar hisoblanadi va ushbu hujjatlar murabbiy va yoʻriqchilar tomonidan yuritiladi:
a) murabbiy tomonidan oʻquv-mashgʻulot sport guruhlarining qayd etish jurnallari;
b) yoʻriqchi tomonidan jismoniy-sogʻlomlashtirish guruhlarining qayd etish jurnallari.
V. Hisobotlarni tuzish tartibi va taqdim etish muddatlari
12. Dastlabki hisobotlarni shakllantiruvchi asosiy hujjatlarga quyidagilar kiradi:
a) sport turlari bilan doimiy shugʻullanadigan bolalar sonini hisoblash boʻyicha — oʻquv-mashgʻulot sport guruhlarining jurnallari;
b) jismoniy tarbiya bilan sogʻlomlashtirish maqsadida shugʻullanadigan bolalar sonini hisoblash boʻyicha — jismoniy-sogʻlomlashtirish guruhlarining jurnallari.
13. Sport turlari va jismoniy tarbiya bilan doimiy shugʻullanuvchi 6 yoshdan 18 yoshgacha boʻlgan bolalar sonini hisoblashning dastlabki hisobotlarini shakllantirish quyida keltirilgan tashkilotlar tomonidan amalga oshiriladi:
a) umumtaʼlim maktablari;
b) barcha turdagi maktab internatlar (sport yoʻnalishidan tashqari);
g) kasb-hunar kollejlari;
d) akademik litseylar;
e) sport klublari.
Jismoniy tarbiya va sport yoʻnalishida faoliyat yurituvchi kichik tadbirkorlik subyektlari doimiy va sogʻlomlashtirish maqsadida shugʻullanuvchi bolalar soni toʻgʻrisidagi hisobotlarni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda taqdim etadi.
14. Hisobotlar mazkur Nizomning 1-ilovasida keltirilgan shaklga muvofiq murabbiylar va yoʻriqchilar tomonidan hisobot choragidan keyingi oyning 1-sanasigacha tuziladi.
15. Tuzilgan hisobotlar masʼul shaxslar tomonidan imzolanadi va mazkur tashkilotning muhri bilan tasdiqlanadi hamda tuman xalq taʼlimi boʻlimlari Bolalar sportini rivojlantirish jamgʻarmasi vakillariga, shuningdek tuman madaniyat va sport ishlari boʻlimlariga taqdim etiladi.
16. Hisobot choragidan keyingi oyning 10-sanasigacha jamgʻarma vakillari dastlabki hisobotlardan shakllantirilgan umumiy hisobotni viloyat xalq taʼlimi boshqarmasi huzuridagi Bolalar sportini rivojlantirish jamgʻarmasi filiallariga, viloyat madaniyat va sport ishlari boshqarmalariga taqdim etiladi.
17. Hisobot choragidan keyingi oyning 20-sanasigacha viloyat xalq taʼlimi boshqarmasi huzuridagi Bolalar sportini rivojlantirish jamgʻarmasi filiallari hisobotlarni Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi huzuridagi Bolalar sportini rivojlantirish jamgʻarmasiga taqdim etiladi.
18. Choraklik hisobotlar asosida shakllantirilgan yillik hisobotlar Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasi hamda Madaniyat va sport ishlari vazirligiga taqdim etiladi.
VI. Javobgarlik
19. Mazkur Nizom talablarini buzganlikda aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilikda belgilangan tartibda javobgar boʻladilar.
20. Hisobotlarni muddatida taqdim etish, hisobot koʻrsatkichidagi maʼlumotlarning toʻgʻriligiga hisobot taqdim etuvchi tashkilot rahbarlari shaxsan javobgardirlar.
VII. Yakuniy qoidalar
21. Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Xotin-qizlar qoʻmitasi, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta-maxsus taʼlim vazirligining Oʻrta-maxsus, kasb-hunar taʼlimi markazi bilan kelishilgan.
Xotin-qizlar qoʻmitasi raisi S. INAMOVA
Toshkent sh.,
2008-yil 4-yanvar
Oliy va oʻrta-maxsus taʼlim vazirining birinchi oʻrinbosari, Oʻrta-maxsus, kasb-hunar taʼlimi markazi direktori A. KARIMOV
Toshkent sh.,
2008-yil 4-yanvar
Sport bilan doimiy ravishda shugʻullanuvchi bolalar sonini belgilashning aniq mezonlari toʻgʻrisidagi nizomga 1-ILOVA
I-boʻlim. Bolalar sporti boʻyicha jismoniy-sogʻlomlashtirish ishlari va sport bilan shugʻullanuvchi bolalar soni
II-boʻlim. Murabbiylar, yoʻriqchilar va jismoniy tarbiya oʻqituvchilari
III-boʻlim. Sport inshootlari
IV-boʻlim. Hisobot davridagi moliyaviy faoliyat
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2008-y., 3-4-son, 14-modda)
